Jamiyat | 14:00 / 30.12.2019
69239
8 daqiqa o‘qiladi

«Optimist»: O‘zbekistonda elektr muammosini to‘liq hal qilish mumkin

Jahongir Mahkamov 15 yoshidan beri elektr-montaj yo‘nalishida ishlaydi. O‘z yo‘nalishi bo‘yicha turli korxonalarda, sexlarda turli vazifalarni bajargan; 2009 yildan beri esa Sirdaryo viloyati «Yo‘lreftrans» AJda elektr-mexanik sifatida faoliyat yuritmoqda.

«Elektr-mexanika – menga ota kasb. Dadam ham shu sohada faoliyat yuritgani uchun bolaligimdan menda ham shu yo‘nalishga qiziqish bo‘lgan. Hozir ishlayotgan tashkilotimga ham dadam bilan birga kelganman», - deydi Jahongir Mahkamov.

Uning aytishicha, ishlayotgan korxonasidagi tajriba unga elektr bilan bog‘liq yo‘nalishni yaxshi tushunib olishiga katta yordam bergan.

«Boshida har xil generatorlarni buzib, ichki qismlarini o‘rgandim. Turli tajribalar o‘tkazdim. Ko‘p narsa o‘xshamagan.

Lekin hozir elektronika, elektr montaj yo‘nalishida elektrodvigatellar, transformatorlar, ammumulyatorlar bo‘yicha ishlanmalar ustida muvaffaqiyatli ishlayapman», – deydi muhandis.

«Oliy ma'lumot olishga vaqtimni qizg‘anaman... »

Jahongir Mahkamovning aytishicha, maktabda uncha yaxshi o‘qimagan bo‘lsa-da, o‘quvchilik paytlaridanoq tok bilan ishlashga qiziqishi tufayli kichik ixtirolar qilishni boshlagan.

«Ancha erta ishlay boshlaganim tufayli dastavval oliy ma'lumot olishga uncha qiziqmaganman. Keyinroq ayrim OTMlardan takliflar ham tushdi. Masalan, Toshkent davlat texnika universitetida bir necha oy o‘qidim. Lekin vaqtim bo‘lmagani uchun o‘qishni oxirigacha yetkaza olmadim.

Qiziqishim orqasidan vaqt chegaralanganday tuyuladi. Agar hozir 31 yoshda bo‘lsam, 16 yil umrim qanaqa qilib texnikalar orasida ko‘z ochib yumguncha o‘tganini sezmaganman.

Lekin haligacha yasashim mumkin bo‘lgan narsalarni o‘ylab kechalari ham uxlolmayman. Hali menga ma'lum bo‘lmagan narsalar ko‘p, ularning oxiriga yetish uchun harakat qilaman», - deydi u.

«Butun O‘zbekistonni tok bilan ta'minlash imkoni bor...»

Suhbatdoshimizning aytishicha, u 5 yildan buyon o‘zini o‘zi zaryadlovchi generator ustida ish olib boryapti.

«Bu – o‘zini o‘zi zaryadlovchi, tekin elektr manbayi beruvchi generator. Bu ixtiro ustida 5 yildan buyon ishlamoqdaman. Mazkur qurilma akkumulyator kuchi bilan bitta harakatga keltirilgandan so‘ng 220 volt tok yetkazib beradi.

Generator «ferritovyy» va boshqa turdagi transformatorlarni yig‘ish orqali yasalgan. Unda kuchli magnitli maydon hosil bo‘lishi orqali o‘z-o‘zini zaryadlovchi tizim vujudga keladi.

Har bir xonadon 10 kilovatgacha tok iste'mol qilishini hisobga olgan holda generatorni shuncha elektr toki beradigan qilib tayyorlayapman. Bu bilan hali elektr toki bormagan yoki tok bilan muammoli bo‘lgan joylardagi aholini elektr bilan ta'minlash mumkin bo‘ladi.

Mazkur generator AESlarga qaraganda ham samarali bo‘lishi mumkin, chunki doimiy ravishda tok bilan ta'minlay oladi va ekologik jihatdan beziyon.

Yaqin orada generator bilan bog‘liq sinovdan o‘tkazish jarayoni tugasa, keyin qurilma tayyor holatga keladi», – deya ma'lumot berdi Jahongir Mahkamov.

«Transformatorim temiryo‘l tizimiga foyda keltirishi mumkin»

Bu esa – temiryo‘l sohasi uchun ishlatish mumkin bo‘lgan elektr tokini ko‘paytirib beruvchi transformator. Ixtirochining so‘zlariga ko‘ra, u 220 voltni 35 ming voltga chiqarib bera oladi.

«Odatda poyezdlar 27 ming volt tok bilan harakatlanadi. Mana shu darajadagi tok muvozanatida o‘zgarish bo‘lsa, poyezdlar sekinlashadi yoki ularning transformatlari kuyishi mumkin.

Men yasagan stabilizatorli transformator esa elektr tokini birxillashtirib beradi», deydi u.

Jahongir Mahkamovning ta'kidlashicha, ayni paytda mazkur ixtiroga patent olish jarayoni ketyapti. Bundan tashqari, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ bilan ham transformatorni keng miqyosda ishlab chiqarish uchun kelishuvlarga erishilgan.

Qishda sovuqqa, yozda issiqqa chidamli akkumulyator

Ushbu akkumulyator oddiy Angren ko‘miridan yig‘ilgan, tarkibida falga va mis ham bor:

«Bu ishlanmam uchun ham patent olyapmiz. Bu akkumulyator, asosan, elektromobillar uchun yaratilgan bo‘lib, juda yengilligi bilan boshqalaridan ajralib turadi.

Bundan tashqari, mazkur akkumulyator juda tez – 3 daqiqa ichida 6 amper kuchlanish bilan quvvat oladi va shu quvvat bilan mashinani 10-15 marta o‘t oldirishga imkon beradi.

Qishda muzlab qolmaydigan, issiq haroratga ham chidamli akkumulyator odamlarni turli noqulayliklardan saqlaydi, shuningdek, juda yengil ham», – deydi qahramonimiz.

Jahongir Mahkamovning aytishiga qaraganda, bu akkumulyatordan quyosh panellarida, elektromobillarda, harbiy sohadagi turli texnikalarda foydalanish mumkin.

«Tesla»dan tezroq quvvat oladi va uzoqroq masofa bosadi...»

«Bu elektrodvigatelni bir yil davomida yig‘ganman. Boshqa elektr dvigatellardan farqi – kam tok bilan ham ishlay oladi.

Ikkinchi farqi boshqa elektrodvigatellarda moyli sovutgich bo‘lsa, bu dvigatel havoli sovutgich bilan o‘zini sovitadi.

Bundan tashqari, kamxarajatliligi bilan ham ancha qulay».

Jahongir Mahkamovning aytishicha, mazkur dvigatel «Jiguli» avtomobilida bir marta sinovdan o‘tgan. Hozir yanada kamxarajatli va ta'sirini yuqori qilib tayyorlash ustida ishlar olib borilmoqda. Shundan so‘ng esa «Daewoo» avtomobilida sinovdan o‘tkazib ko‘rish mumkin bo‘ladi.  

«Agar «Tesla» avtomobillari 6-7 soatda olingan quvvat bilan 500 kilometrgacha yursa, bu elektrodvigatel bilan ming kilometrgacha yo‘l bosish mumkin bo‘ladi», – deya dvigatel quvvati haqida gapirdi Jahongir Mahkamov.

«Ixtirolarim formula doirasidan tashqarida...»

«Biror narsa yasaganimdan so‘ng olimlar bilan maslahatlashaman, ular bilan tortishishga tushaman. Ko‘pincha yasagan narsalarimni formulaga tushmaydi, deb aytishadi. Lekin xohish bo‘lsa, har qanaqa narsaga harakat qilib ko‘rsa bo‘ladi.

Nazariyaning o‘z doirasi bor, lekin amaliyot ko‘pincha mana shu doiradan tashqarida bo‘ladi», – deydi Jahongir.

 «Chet elga ketish niyatim bor edi, lekin...»

«Chet eldan ham ko‘p takliflar bo‘lgan, ketish niyatim ham bo‘lgan boshida. Lekin hozir niyatim qat'iy: o‘z ixtirolarimni O‘zbekistonda – shu yerda hayotga tatbiq etmoqchiman.

Yaqin 3-4 yilda elektrodvigatellar ishlab chiqaruvchi zavodimni ishga tushirish, shuningdek, mamlakatdagi elektr toki bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga o‘z hissamni qo‘shishni maqsad qilganman», – deya rejalari bilan o‘rtoqlashdi Jahongir Mahkamov.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid