O‘zbekiston | 17:40 / 31.01.2020
8748
2 daqiqa o‘qiladi

Migrantlar uy olish uchun arizani qarindoshlari orqali topshirishi mumkin 

Xorijda mehnat qilayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga ehtiyojmand O‘zbekiston fuqarolari imtiyozli asosda kvartira olish uchun qarindoshlari orqali ham ariza topshirsa bo‘ladi.

29 yanvar kuni mehnat muhojirlariga kvartiralar ajratishga oid hukumat qarori qabul qilingan edi. Ma'lum bo‘lishicha, migrantlar uy olish uchun arizani qarindoshlari orqali topshirishlari mumkin.

«Migrantlar imtiyozli kredit orqali yangi uy-joy olish uchun tuman komissiyasiga arizani bevosita o‘zi yoki oila a'zolari, shuningdek, boshqa qarindoshlari orqali topshirishi mumkin. Ungacha migrant «Labor migration» dasturiy majmuasidan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak. Ro‘yxatdan o‘tgani to‘g‘risida beriladigan tasdiqnoma hujjatini ham ko‘rsatadi», – dedi Mehnat migrantlari ma'lumotlar bazasini shakllantirish, ularni ijtimoiy va reintegratsiyalash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Umid Isajonov 31 yanvar kuni Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida.

Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 29 yanvardagi qarori bilan uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga ko‘p kvartirali uylardan xonadonlar ajratish tartibi batafsil belgilangan edi.

Mavzuga oid