O‘zbekiston | 19:53 / 14.02.2020
8405
2 daqiqa o‘qiladi

Davlatga majburiy g‘alla sotish tizimi ikki bosqichda bekor qilinishi rejalashtirilmoqda

Videselektor yig‘ilishida g‘alla hosilini g‘amlash masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 fevral kuni meva-sabzavotchilik klasterlarini samarali tashkil qilish, paxtachilik klasterlari faoliyatini takomillashtirish hamda davlat ehtiyojlari uchun paxta va g‘alla yetishtirish tizimidan bosqichma-bosqich voz kechish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda g‘allani davlat ehtiyoji uchun majburiy sotib olish tizimidan davlat zaxiralari tizimiga o‘tilayotgani va fermerlarga g‘allani erkin sotish huquqi berilayotgani qayd etilib, bu masala oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lgani bois davlatga majburiy g‘alla sotish tizimi ikki bosqichda bekor qilinishi rejalashtirilgani ma'lum qilindi.

«Bu yil yetishtiriladigan g‘alla hosilidan davlat ehtiyojlari uchun sotiladigan hajmi kamaytiriladi. Ya'ni, mamlakatimiz bo‘yicha bu yil qo‘shimcha 1 million tonnadan ortiq g‘alla fermerlar ixtiyorida qoladi.

2021 yil hosilidan boshlab esa davlatga g‘alla sotish rejasi to‘liq bekor qilinib, mahsulotni bozor narxlarida sotib olish yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident bu o‘zgarishlarning ahamiyatini alohida ta'kidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.

Yer ajratish borasidagi muammolar ko‘rib chiqildi. Sug‘oriladigan maydonlar talon-torojiga chek qo‘yish, har bir qarich yerdan xalq manfaati yo‘lida samarali foydalanish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Shundan kelib chiqqan holda, joylardagi mutasaddilarning mas'uliyati va javobgarligini oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha mutasaddilari, hududlar va tarmoqlar rahbarlari axborot bergan.

Mavzuga oid