O‘zbekiston | 17:05 / 15.03.2020
61159
2 daqiqa o‘qiladi

Aripov: Koronavirus sabab to‘ylar o‘tkazilishiga cheklov qo‘yilmaydi

O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishi munosabati bilan kiritilayotgan qator cheklovlar to‘y marosimlariga taalluqli emas.

Bu haqda 15 mart kuni o‘tkazilgan brifingda Bosh vazir Abdulla Aripov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«To‘ylar bo‘yicha Oliy Majlis palatalarining qo‘shma qarori bor. O‘sha reglament asosida ketaveradi. Lekin ana shu reglamentga rioya qilinishiga e'tibor beramiz», – dedi hukumat rahbari.

Amaldagi tartibga muvofiq, to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlarda 200 nafargacha, bu tadbirlar munosabati bilan osh berish marosimida 250 nafargacha kishi qatnashishi mumkin.

Qo‘shaloq to‘ylarda 250 nafargacha, u bilan bog‘liq osh berish marosimida 300 nafargacha kishi ishtirok etishiga ruxsat berilgan.

Qoidalarni buzgan fuqarolarga BHMning 10 baravari; to‘yxona, kafe va restoranlar mansabdorlariga 30 baravari miqdorida jarima belgilanishi kutilyapti.

Ma'lumot uchun, bugundan Qozog‘istonda favqulodda holat e'lon qilingan bo‘lib, unga asosan oilaviy marosimlar ham taqiqlandi.

Mavzuga oid