O‘zbekiston | 20:55
1416
2 daqiqa o‘qiladi

Bosh vazir Abdulla Aripov Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan uchrashdi

Suhbat chog‘ida tomonlar Tojikiston-O‘zbekiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari majmuasining holati va istiqbollarini muhokama qildi.

Foto: Tojikiston prezidenti matbuot xizmati

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon 17 fevral kuni Dushanbe shahrida amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovni qabul qildi. Bu haqda Tojikiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat chog‘ida tomonlar Tojikiston-O‘zbekiston strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari majmuasining holati va istiqbollarini muhokama qildi. Ularni yanada rivojlantirish va kengaytirish yo‘llari ko‘rib chiqildi.

O‘zaro savdo va investitsiyaviy hamkorlik ko‘rsatkichlari ijobiy sur’atda o‘sayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Shu ma’noda, Imomali Rahmon bu jarayonni sanoat, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va tomonlarni qiziqtirgan boshqa tarmoqlarda yanada ilgari surish uchun katta imkoniyatlar borligini ko‘rsatib o‘tdi. Tomonlar madaniy-gumanitar almashinuvni yanada kengaytirishdan ham manfaatdor ekanligini bildirdi.

Tojikiston rahbari bugun Dushanbe shahrida navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazilgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya samarali ishlayotganini ta’kidladi.

Tomonlar ikki tomonlama kun tartibining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha konstruktiv va ishonchli davlatlararo muloqotni davom ettirish muhimligini qayd etdi. Shu ma’noda, bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuv va muzokaralarga sifatli tayyorgarlik ko‘rish masalalari diqqat markazida bo‘ldi. Joriy yilda bu kabi davlatlararo tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish jadvali yuzasidan fikr almashildi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов

Mavzuga oid