O‘zbekiston | 17:51 / 28.03.2020
12394
3 daqiqa o‘qiladi

Bozorlarga mahsulotlarni yetkazib berishda hech qanday cheklovlar o‘rnatilmaydi - Bosh prokuratura

Harakat qatnovlari cheklangan sharoitda mahsulotlarning cheklovsiz yetkazib berilishi ta'minlanmoqda

Foto: KUN.UZ

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i Dilshod Rahimovning ma'lum qilishicha, so‘nggi kunlarda respublika bo‘ylab koronavirus infeksiyasi sababli transportlar harakatining cheklanishi oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beruvchi vositalar uchun o‘z ta'sirini o‘tkazmaydi.

“Tomorqa yer egalari va fermerlar bilan hamkorlikda mahsulotlarga talab oshgan holatlarda bozorni to‘ldirish, oziq-ovqat mahsulotlarining narxini arzonlashtirish maqsadida 16-25 mart kunlari respublika bo‘yicha 5 000 tonnadan ortiq kartoshka, qariyb 2 000 tonna piyoz, 1 300 tonna sabzi, 114 tonna karam, 152 tonna tovuq go‘shti, 422 tonna mol va qo‘y go‘shti, 2,4 mln dona tuxum, 628 tonna guruch, 3 tonna olma ishlab chiqaruvchilar tomonidan maxsus rastalar orqali ichki bozorga intervensiya qilindi.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali "harakat cheklanganligi sababli bozorlarda mahsulotlar yetkazilishida muammolar yuzaga kelishi mumkinmi", degan savollar ko‘p berilmoqda.

Bu savollar bo‘yicha - harakat qatnovlari cheklangan sharoitda yuk avtomashinalari va mahsulotlarning cheklovsiz hamda to‘sqinliksiz yetkazib berilishi ta'minlanmoqda. Chunki, ushbu cheklov yuk avtomashinalari va oziq-ovqat mahsulotlarining harakatiga ta'sir ko‘rsatmaydi”, – dedi u AOKA huzuridagi shtabda tashkil etilgan brifingda.

“20 mart kunidan boshlab yuz niqoblari tibbiyot buyumlari ro‘yxatidan chiqarilib, ishlab chiqarish va sotishda litsenziya talab etish tartibi bekor qilindi.

Ishchi guruh tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida 27 mart holatiga standart asosida tibbiyot yuz niqoblari ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 28 tadan 154 taga, mahsulot hajmi esa kuniga 2,1 mln donaga yetkazilishiga erishildi.

O‘tkazilgan tahlillarda, ko‘p marta foydalaniladigan niqoblar ishlab chiqarish imkoniyati mavjud bo‘lgan 353 ta to‘qimachilik korxonasining ro‘yxati shakllantirilib, ular tomonidan bir kunda 5,2 mln dona mahsulot ishlab chiqarish quvvati mavjudligi aniqlandi”, – deya qo‘shimcha qildi Dilshod Rahimov

Mavzuga oid