O‘zbekiston | 13:48 / 17.04.2020
19255
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy harbiy okrugdagi harbiy qism karantin paytida to‘satdan tekshirildi

Tekshiruv mobaynida asosiy e'tibor harbiy qismning belgilangan vaqtda vazifani bajara olish qobiliyatiga qaratildi 

Foto: Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati

Joriy yil 15-16 aprel kunlari Markaziy harbiy okrugiga qarashli Samarqand garnizonidagi harbiy qism to‘satdan tekshirildi. Bu haqda harbiy jurnalist G‘ayrat Madrahimov ma'lum qildi. 

Rejaga asosan okrug qo‘mondonlik tomonidan berilgan “Yig‘in” signaliga muvofiq, shaxsiy tarkib qisqa vaqt ichida jangovar shay holatga keltirildi.

Jangovar texnikalar birin-ketin kolonnaga qo‘yilib, belgilangan vaqt ichida mobil qo‘mondonlik punktlari yoyildi.

Tekshiruv mobaynida asosiy e'tibor harbiy qismning belgilangan vaqtda vazifani bajara olish qobiliyatiga qaratildi. Shu bilan birga, shaxsiy tarkibning mutaxassisliklar bo‘yicha butlanganligi hamda amaliy ko‘nikmalari tekshirildi. 

Navbatdagi vazifa qisman harbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan shartli dushmanni yakson qilish bo‘ldi. Bir guruh noqonuniy qurollangan shaxslar haqidagi ma'lumotlar o‘z tasdig‘ini topgach, jangovar bo‘linma harakatga keldi. 

Aloqa vositalarining samarali qo‘llanilishi sifatli boshqaruvni ta'minladi. Jangovar bo‘linma tomonidan jangovar topshiriqni bajarishdagi taktik harakatlar, jangovar ikkilik va uchlik bilan shartli dushman yakson etilgani haqidagi ma'lumotlar mobil qo‘mondonlik punkti orqali yuqori qo‘mondonlikka ma'lum qilindi.

Okrug qo‘mondonligi harbiy qism qo‘yilgan vazifani a'lo darajada bajarganini qayd etdi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid