Jamiyat | 19:31 / 21.05.2020
20853
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Ramazon hayiti munosabati bilan 258 kishini afv etdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ramazon bayrami arafasida jazo o‘tayotgan, qilmishiga pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan 258 nafar fuqaroni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Muborak Ramazon hayitini nishonlash arafasida xalqimizga xos mehr-oqibat, ezgulik, xayr-saxovat kabi olijanob fazilatlarning yorqin ifodasi sifatida «Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi Farmonni imzoladi.

Farmonga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat'iy o‘tgan 258 nafar fuqaro afv etildi.

Afv etilgan shaxslarning 16 nafari asosiy jazodan ozod etiladi, 101 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 24 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtiriladi. Shuningdek, 117 nafar shaxslarga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.

Afv etilganlarning 7 nafari 60 yoshdan oshgan erkaklar, 1 nafari ayol, 7 nafari chet davlat fuqarolari, 164 nafari taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilaridir.

Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish bo‘yicha mas'ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berilgan.

Mavzuga oid