Sport | 09:22 / 27.05.2020
5520
2 daqiqa o‘qiladi

Hududiy futbol assotsiatsiyalari tashkil etiladi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Hududiy futbol assotsiatsiyalari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 311-son qaror qabul qilindi. Hujjat Prezidentning “O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019 yil 4 dekabrdagi PF-5887-son Farmonida qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish uchun qabul qilingan.

Norma’ning yozishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy futbol assotsiatsiyalari oldiga quyidagi asosiy vazifalar qo‘yildi:

yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yosh futbolchilarni tanlash va saralab olish tizimini tubdan takomillashtirish;

ushbu sohasiga xususiy investitsiyalarni keng jalb etish;

futbol sohasining bozor mexanizmlari asosida boshqarilishini ta'minlash;

futbol klublarini xususiy sektorga o‘tkazishni tashkil etish hamda ular orasida sog‘lom sport raqobati muhitini yaratish;

futbol musobaqalari tomoshabopligini oshirish hamda futbolni rivojlantirishning yangi tizimini samarali yo‘lga qo‘yish orqali o‘zbek futboli brendini yaratish.
 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga quyidagilar topshirildi:

hududiy futbol assotsiatsiyalari uchun  bino va inshootlar taqdim etish hamda homiylar biriktirish;

moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga ko‘maklashish hamda futbol mahorati maktablari, shuningdek, futbolga ixtisoslashtirilgan sport maktablarini rivojlantirishni doimiy nazorat qilish;

“Sport maktablari futbol ligasi” va “Professional futbol maktablari ligasi” musobaqalarini moliyalashtirish.
 
Futbolni rivojlantirish xarajatlari mahalliy budjetlarning qo‘shimcha daromadlari hisobidan moliyalashtiriladi.
 
Hujjat 23.05.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid