Sport | 13:10 / 28.05.2020
12094
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston mezbonligidagi Osiyo chempionati-U19 o‘tkazilish tartibi aniq bo‘ldi

Musobaqa Toshkent va Namanganda o‘tishi rejalashtirilgandi.

2020 yil oktyabrda O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Osiyo chempionati-U19 musobaqasining qur'a tashlash va o‘yinlar o‘tkazilish tartibi aniq bo‘ldi.

Ishtirokchilar

O‘zbekiston mezbonlik qiladigan musobaqada 16ta jamoa ishtirok etadi. Ishtirokchi jamoalarning barchasi aniq bo‘lgan. Birinchi ishtirokchi musobaqa mezboni O‘zbekiston bo‘lgandi. 11ta jamoa saralash guruhlarida g‘olib bo‘lib final bosqichiga yo‘l olgan - Iroq, Qatar, Tojikiston, Eron, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Malayziya, Avstraliya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Indoneziya. Saralash guruhlarida eng yaxshi natija ko‘rsatgan ikkinchi o‘rin sohiblari (Laos, Vetnam, Yaman va Kambodja) ham final bosqichida qatnashadi.

Reyting

Guruh bosqichiga qur'a tashlashda jamoalar reytingga qarab savatchalarga ajratiladi. O‘zbekiston mezbon sifatida birinchi pog‘onada qayd etiladi va avtomatik tarzda «A» guruhining birinchi jamoasiga aylanadi. Jamoalar reytingi quyidagicha:

1. O‘zbekiston
2. Saudiya Arabistoni
3. Janubiy Koreya
4. Qatar
5. Yaponiya
6. Tojikiston
7. Avstraliya
8. Indoneziya
9. Malayziya
10. Iroq
11. Vetnam
12. Kambodja
13. Eron
14. Yaman
15. Bahrayn
16. Laos.

Demak jamoalar quyidagi tartibda savatchalarga ajratilgan:

1-savatchada O‘zbekiston, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, Qatar;
2-savatchada Yaponiya, Tojikiston, Avstraliya, Indoneziya;
3-savatchada Malayziya, Iroq, Vetnam, Kambodja;
4-savatchada Eron, Yaman, Bahrayn, Laos.

Jamoalar savatchalarga mos ravishda joylashtiriladi. Ya'ni, birinchi savatchadagi jamoalar guruhdagi birinchi jamoa bo‘lishsa, to‘rtinchi savatchadagi jamoalar guruhda to‘rtinchi jamoa bo‘lishadi.

Musobaqa tartibi

Osiyo chempionati-U19 bahslarida qatnashuvchi 16 jamoa 4 guruhga 4tadan bo‘lingan holda ishtiroklarini boshlaydi. Guruhlarda o‘yinlar bir davradan iborat bo‘ladi, ya'ni jamoalar o‘zaro bir martadan o‘ynashadi. Guruhlarda birinchi va ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar pley-offga yo‘llanma oladi. Musobaqada uchinchi va to‘rtinchi o‘rin uchun o‘yinlar o‘tkazilmaydi.

Yarim finalga yo‘llanma olgan barcha 4 jamoa 2021 yil Indoneziyada o‘tkaziladigan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. Agar Indoneziya O‘zbekistondagi musobaqaning yarim finaliga chiqsa, kichik mundialga yo‘l oladigan 4-jamoa nomini aniqlash uchun chorak finalda yengilgan 4 jamoa ishtirokida pley-off o‘yinlari o‘tkaziladi. Chorak finalda yengilgan 4 jamoa ikkita juftlikka ajratilib o‘yin o‘tkazadi. G‘oliblar bitta o‘yindan iborat yakuniy pley-off bahsida qatnashib, jahon chempionatiga beriladigan 5-yo‘llanma sohibini aniqlashadi (Indoneziya bilan 5ta).

Qur'a tartibi

Qur'a tashlash marosimi rejaga ko‘ra may oyida Toshkentda o‘tkazilishi kerak edi. Ammo karantin sabab rejalar o‘zgardi. Tribuna.uz ’ga ma'lum bo‘lishicha, qur'a tashlash marosimi 18 iyun kuni Kuala-Lumpurda o‘tkaziladi. Qur'a jarayoni 4-savatchadan boshlanadi.

4-savatcha: Bu savatchadan olingan birinchi shar «A» guruhidagi to‘rtinchi o‘ringa («A4») joylashtiriladi. Ikkinchi bo‘lib olingan jamoa «V» guruhidagi ikkinchi o‘ringa («B4») joylashtiriladi. Shu tartibda navbatdagi shar «C4» va oxirgi bo‘lib olingan shar «D4» o‘rnidan joy oladi.

3-savatcha: Bu savatchadan olingan sharlar «A3», «V3», «C3» va «D3» o‘rinlariga joylashadi.

2-savatcha: Bu savatchadan olingan sharlar «A2», «V2», «C2» va «D2» o‘rinlariga joylashadi.

1-savatcha: Bu savatchaga hamma sharlardan ajralib turishi uchun boshqacha rangdagi sharga solingan O‘zbekiston birinchi bo‘lib savatdan olinadi va «A» guruhidagi birinchi o‘ringa («A1») joylashtiriladi. Navbatdagi sharlar esa «V1», «C1» va «D1» o‘rinlariga joylashadi.

Musobaqa qachon va qayerda o‘tkaziladi?

O‘zbekistonga mezbonlik berilganda musobaqa 14-31 oktabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgandi. Hozir koronavirus pandemiyasi qachon tugashi ma'lum bo‘lmagan bir vaqtda musobaqa qaysi muddatda o‘tkazilishi ham aniq emas. O‘yinlar O‘zbekistonning qaysi shaharlarida o‘tishi OFK tekshiruvchilari tashrifidan so‘ng aniq bo‘lishi kerak edi, lekin yo‘llar yopilgani sabab mart oyiga belgilangan tekshiruvchilar tashrifi qoldirilgan.

Tribuna.uz ’ga ma'lum bo‘lishicha, dastlab o‘yinlar mamlakatdagi 4ta stadionda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bular Toshkent shahridagi «Bunyodkor» va «Lokomotiv», Olmaliq shahridagi «OKMK» va Namangan shahridagi «Navbahor» stadionlari.

Mavzuga oid