Jamiyat | 22:31 / 31.05.2020
105239
20 daqiqa o‘qiladi

«Ayol emas, xizmatkor kerak, deyishdi». Oddiy ayolning oddiy bo‘lmagan hikoyasi

«Yoshim 29 da. Ikki marta turmush qurganman. Birinchi erim ruhiy xasta edi. Ota-onam 19 yoshimda oilasini surishtirmay shu odamga berishdi. Undan bir nafar farzandim bor. O‘rtamizda faqat sha'riy nikoh bo‘lgan, xolos. Boshqa hech narsa. Mening muqim yashash joyim yo‘q. Bevatanman. 2 nafar farzandim bilan birovlarning uyida vaqtincha yashab kelyapman».

Illyustrativ foto

Hayot insonni turli sinovlarga tashlaydi. Kimgadir go‘zal baxt, yana kimgadir faqat azobli kunlarni ravo ko‘radi. Ba'zilar duch kelgan tashvishlar qarshisida dovdirab qoladi. Irodasi bukilmaganlar esa yorug‘ kunlarni sabr bilan kutadi. Oramizda taqdir sinovlaridan qaddini bukmay o‘tgan, ertangi kunidan umid qilib yashayotganlar borligi qanchalik yaxshi...

Samarqandning Qo‘shrabotida Jo‘sh degan qishloq bor. Katta, xushtabiat qishloq. Bugun ana shu qishloqda yashovchi Gulmira Qo‘shoqovaning hayot hikoyasini siz bilan bo‘lishmoqchimiz. Uning taqdiri namuna bo‘lmasligi mumkin, ammo hech bo‘lmasa o‘z hayotimizga qarab shukur qilishga undaydi. Hayratga sabab bo‘lgani shuki, suhbatdoshimiz ayanchli taqdiri haqida gapirgan bo‘lsa-da, ko‘ziga yosh olmadi. Ha, uning ezilgan yuragi yig‘lardi, ammo buni tashqariga chiqarmasdi.

«Erim «Menga xotin kerak emas», deb aytgan»

2010 yil... Endi 19ga to‘lgandim. Oilada kenja farzandman. Erka, aytganini qildiradigan qiz edim. Bo‘yim yetgach, sovchilar kela boshladi. Har xil bahona topib kuyov bo‘lmishlarni rad etaverdim. Bir kuni bozorga tushib edim, qarindoshimni ko‘rib qolim. U menga kuyov topganini aytib qoldi. Uchrashib, gaplashib ko‘ringlar, dedi. Uchrashuvga chiqdim. To‘g‘risi, yigit ko‘rimsizgina edi. U o‘zini g‘alati tutgani uchun uydagilarga «yoqmadi» dedim.

Oradan 3 oy o‘tdi. O‘sha yigitdan sovchilar keldi. Dadam «Ikki qizimni xohlaganimga berdim, bunisining ixtiyori ham o‘zimda», dedi. Keyin yigit bilan yana uchrashuvga chiqdim. U ochiqchasiga «Menga xotin emas, ishchi kerak. Yerimiz ko‘p, onam esa ishga yaramay qolgan», dedi. Uyga kelib onamga rozi emasligimni aytdim, ammo bu endi hech kimni qiziqtirmasdi. Ota-onam ra'yiga qarshi borolmay, men ham rozi bo‘ldim. 10 kuni ichida avval unashtiruv, keyin katta to‘y bo‘ldi...

«To‘y kechasi kuyov g‘oyib bo‘ldi. Keyin bilsam...»

To‘y ham o‘tdi. Kuyov ikkimiz yolg‘iz qoldik. U suv olib kelishimni so‘radi. Bir kosa suv olib uyga qaytsam, hech kim yo‘q. «Hoy, qayerdasiz?», deb bir necha marta chaqirdim. Jimjitlik. Biror joyga chiqib ketganmikin deb o‘yladim. Keyin qarasam, parda ortiga bekinib turgan ekan. Birdan baqirib, chiqib keldi. Nima qilishni bilmay qotib qoldim.

Bo‘lgan voqeani qaynonamga aytib berganimda, hazillashgandir-da, dedi. Oradan 3-4 kun o‘tib qiziq ish bo‘ldi. Xonamizdagi ko‘zgu (ya'ni tryumo) kun sayin o‘zidan-o‘zi siljib borayotganidan hayron qolardim. Balki erim uni surib qo‘ygandir, deb o‘yladim. Bir kuni xonaga kirsam, hech kim yo‘q, tiqqillagan ovoz eshitilyapti. «Qayerdasiz, bu yoqqa qarang», dedim. Kulgu ovozi eshitildi. Erim ko‘zguning orqa tarafiga o‘tib olib, qiqirlab kulardi. Nima qilishimni bilmasdim. Erimdan nega bunday qilayotganini so‘rasam, menga xotin kerakmas, ketishingni xohlayman, dedi. Qaynonamdan o‘g‘li nega bunday qilayotganini so‘raganimda, bu bir erkalik ekanini, e'tibor bermasligimni aytdi.

«Kelinlik uyimdagi sharoitni qabul qilolmasdim»

 

Qaynotam ancha yil oldin vafot etgandi. Uyda qaynonam, erim, qaynukam va ikki qaynopam bilan yashardik. Oilada faqat qaynukam sog‘lom edi. U menga yangasi sifatida qaramas, xizmatkor deb bilib faqat ish buyurardi. Qaynonamning esa oilaboshi sifatida o‘rni yo‘q edi. Hech kim bilan ishi bo‘lmay, indamasdan yurardi. Ikki qaynopalarimdan biri turmushga chiqib, eridan ajrashib kelgandi. Ikkalasiyam ruhiy kasal edi. Vaqti-vaqti bilan ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanib kelishardi.

Uyda kasali qo‘zigan vaqtda ikkalasini alohida xonaga qamab qo‘yardik. Butun ro‘zg‘or ishlari mening zimmamda edi. Har kuni uylarni yig‘ishtirib, molxonani tozalardim, yana daladagi ishlar ham bor edi. Hammasidan to‘yib ketgandim. Oxiri opamga qo‘ng‘iroq qilib, dardimni to‘kib soldim. Uydan bosh olib ketmoqchiligimni aytganimda, shoshilmasligimni, vaziyatni bilish uchun akamni jo‘natishini aytib, meni tinchlantirdi. Akam uyga kelgach, katta janjal bo‘ldi. Lekin shundayam vaziyat o‘zgarmadi. Shu tariqa bir yilni ham o‘tkazdim. 2011 yil 25 noyabrda juda yomon ish bo‘ldi – xomilam nobud bo‘ldi... Sababi esa aniq edi – og‘ir mehnat.

«Uxlayotganimda erim oyog‘imni lezviya bilan kesayotgan ekan»

2012 yil. Qishning izg‘irinli tunida og‘riqdan uyg‘onib ketdim. Tursam, erim oyog‘im ostida o‘tiribdi, qo‘lida piska (lezviya). Oyog‘im qip-qizil qonga bo‘yalgan, erim esa kulardi. Ertasi kuni qaynonamga bo‘lgan voqeani aytib bersam, odatdagidek, e'tibor bermasligimni, o‘z ishlarim bilan band bo‘lishimni aytib tinchlantirdi.

«Bir yilda 2-3 marotaba uydagilar erimni uzoqroqqa jo‘natishardi»

Bir kuni qaynonam uzoqroq qarindoshimizning to‘yiga Fazliddinni (erim) jo‘nataman, hech kim bormaydi, deb qoldi. Men qarshilik bildirdim, chunki o‘sha yerdayam bizni sharmanda qilishidan qo‘rqdim. Shunga qaramasdan, uni 15 kunga jo‘natishdi. Keyin bilsam, erimni vaqti-vaqti bilan davolatishga olib borisharkan. Qarindoshlarnikiga borib, havo almashtirib keladi, degan bahonalar ham bo‘lardi. Ketgan vaqtlarida menga tez-tez qo‘ng‘iroq qilib, axvolimni so‘rardi. Ba'zida undan mehribon inson yo‘q edi dunyoda men uchun, ba'zida esa menga nafrat ko‘zi bilan qarardi. Davolanib qaytganidan keyin menga yaxshi munosabatda bo‘lardi. Shu tariqa kunlarni o‘tkaza boshladik. Azoblardan charchab ketgach, bu yerdan ketaman, deb qaynonamga aytdim. Qaynonam bizni alohida uyga chiqarmoqchiligini aytdi. Uy to‘liq qurib bo‘lindi, faqat ichki ta'miri qolgandi.

Bu orada erim yana g‘alati qiliqlar qila boshlardi. To‘yib ketganimdan hammasini tashlab uydan chiqib ketdim. Qizlik uyimga bordim. Ortimdan qaynonam, qaynukam kelaverganidan keyin uyga yana qaytib bordim. Akam shaharda tanish shifokorlar borligini, erimni ularga ko‘rsatishini aytdi. Erimni shifokor ko‘rigidan o‘tkazishdi. Miyasida ozgina nuqsoni borligini hisobga olmaganda, sog‘lom ekanini aytishdi.

«Ikkinchi marta xomilador bo‘lganimda, undan voz kechishni maslahat berishdi, lekin men...»

Shifokorning gapidan keyin ham ruhiy xasta er bilan yashab ketishimga ko‘zim yetmasdi. Dadamga qo‘ng‘iroq qilib, uyga olib ketishini so‘radim. U kelib olib ketdi. Kun sayin holsizlanaverdim. Butun tanam zirqirab og‘rirdi. Ayollar shifokoriga uchrashdim. Xomilador ekanman. Qarindoshlarim farzandimdan voz kechishimni maslahat berishdi. Farzandli bo‘lishni judayam xohlardim. Voz kechishga ko‘zim qiymasdi.

Bir kuni bozorda qaynukamni ko‘rib qoldim. Farzand kutayotganimni, ammo qarindoshlar qarshi chiqishayotganini aytib berdim. Qaynukam uyga olib borishini aytdi. Borsam, o‘sha-o‘sha ahvol... Erim kelganimgayam, ketganimgayam parvo qilmasdi. Vujudimda 8 oylik homilam bor edi. Bir kuni dalada bug‘doy o‘rib, no‘xat terib, kech bo‘lganda uyga qaytdim. Judayam holdan toygandim. Uyda qaynonam yo‘q, u onasining janozasiga ketgandi. Uy ishlarini qildim-da, xonaga kirib yotdim.

«Tug‘ruqxonada mendan hech kim xabar olmadi»

Mazam bo‘lavermagach, qo‘shni ayoldan so‘radim: «Yanga, meni dard tutyaptimi? Siz farzandli bo‘lgansiz. Buni mendan yaxshiroq bilasiz». Qo‘shnimiz tug‘ruqxonaga yotishim kerakligini aytdi. Erimga dard tutayotganligini aytsam, menga farqi yo‘q, bolangni tug‘asanmi, yo‘qmi bu sening ishing, dedi. Uyda hech kim ahvolim bilan qiziqmasdi. Qo‘shnimiz chidolmay, oxiri qaynonamga qo‘ng‘iroq qilib, dardim tutayotganligini, meni tezda tug‘ruqxonaga olib borish kerakligini aytdi. Shundan keyingina qaynukam meni tuman tibbiyot birlashmasi tug‘ruq bo‘limiga joylashtirdi. Qo‘limga 40 ming so‘m pul berdi-da, o‘zi ketdi. Yonimda hech kim yo‘q edi. Oxiri dadamga qo‘ng‘iroq qildim. Dadam darrov kelib holimdan xabar oldi.

2 kundan keyin o‘g‘il farzandli bo‘ldim. Erim bilan qonuniy nikohdan o‘tmagandik. Shu uchun tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma rasmiylashtirish muammo bo‘ldi. Tug‘ruqxonadan chiqish vaqti kelganda, hech kim olib ketay demasdi. Dadamga yana qo‘ng‘iroq qildim. Dadam erimni oldiga borib, unga tanbeh berdi. Keyin ikkalasi kelib, meni tug‘ruqxonadan olib chiqishdi.

«O‘g‘lingni tan olmayman, u meniki emas»

Chaqalog‘im bilan erimning uyiga qaytdim. Yashash joyimdagi hududiy hamshiralar kelib, bolaga zarur tibbiy muolajalar qilish uchun guvohnoma rasmiylashtirishimni aytishdi. Buni erimga aytsam, bu bola meniki emas. Tez orada ikkalang ham bu uydan ketasan, deb meni qo‘rqitdi. Bunga chidolmay uydagi pul turadigan javondan 100 ming so‘m pulni oldim-da, o‘g‘limni kiyintirib, chiqib ketdim. Kechki payt edi, yomg‘ir yog‘ayotgandi. Qanday qilib bo‘lmasin, bolamga guvohnoma rasmiylashtirishim kerak, degan o‘y bilan qizlik uyimga bordim. Dadamga bor gapni aytib berdim. Keyin o‘g‘limga guvohnoma rasmiylashtirishga yordam berdi. Meni yolg‘iz ona, deb ro‘yxatdan o‘tkazishdi. Tirik otasi bo‘la turib, guvohnomada «otasi» degan joyi bo‘sh turardi...

«Erim beshikdagi bolamni bo‘g‘moqchi bo‘ldi»

Bolamga guvohnoma rasmiylashtirib so‘ng uyga qaytdim. Bir kuni uyimiz judayam sovib ketgandi. Erimga beshikdagi bolaga qarab turishini, pechkani yoqish uchun borib tashqaridan o‘tin olib kelishimni aytdim. Oradan 5 daqiqa o‘tar-o‘tmas qaytib kelsam, ne ko‘z bilan ko‘rayki, erim beshikdagi bolamga «Senday bola menga kerakmas», deb go‘dakni bo‘g‘moqchi bo‘layotgandi. Uy sovuqligi ham esimdan chiqib ketdi. Darrov bolamni beshikdan yechib olib, uni qo‘limda ushlab tong ottirdim.

Keyin qaynonam bilan rosa janjal qildim. Bunday xasta er bilan yasholmasligimni aytib, o‘kirib-o‘kirib yig‘ladim. Dadamga qo‘ng‘iroq qildim. Kelib uydagilarga hech nima demasdan bolam va meni olib ketdi. Qizlik uyimga borgach, otam sudga ariza berishini, sha'riy nikohdan o‘tilgan deb ikkalamizni ajrashtirishini aytdi. Salkam 4 yillik turmushimdan ajrashib ota uyimda yashay boshladim. Shundan keyin na erim, na qarindoshlarim meni so‘rab kelishmadi. Endi fikr-u xayolim bolamni qanday qilib katta qilib olish bo‘lib qoldi, chunki u juda nimjon tug‘ilgandi.

«Bolang – kuchuk yalog‘i. Uni olib chiqib tashla»

Bir kuni to‘ng‘ich akam mast holda uyga kelib, bolamni nazarda tutib, «Bu kuchukning yalog‘ini nima qilasan? Uni chiqarib tashla, senga nimaga kerak?» dedi. Tong otdi. Ikkinchi akamga bo‘lgan voqeani aytib berdim. Akam oilasi bilan alohida turardi. Uyida yashab turishimni taklif qildi. Bolamni olib, qizlik uyimdan chiqib ketdim. Akamnikida 5 kun yashadim.

Odamlardan so‘rab-surishtirib, Nurota tumanida bir boy xonadonda ish borligini eshitdim. Xonadon egasi farzandim yosh ekanligini, ishlarni eplolmasligimni aytdi. Yosh bola bilan bo‘lsayam, ishlayverishimni aytdim. So‘ng 10 kun sinov muddati bilan rozi bo‘ldi. 2 qavatli uydagi hamma yumushlarni qilardim. 7ta sigirni sog‘ardim. Orada bolamgayam qarardim. Bu vaqtda sog‘lig‘im pand bera boshladi. Uy egasi tez-tez kasal bo‘layotganim uchun mendan norozi bo‘lardi. Qizlik uyimga qaytib bordim va shaharga borib, ayollar shifokoriga uchrashdim. Ko‘kragimda og‘riq bor edi. Shifokor yana farzandli bo‘lsam, kasalligim ortda qolib ketishini aytdi. Kasallik jiddiymas ekan, deya ishimga qaytib bordim.

«Ikkinchi turmushim nisbatan yaxshi, lekin...»

Oradan 3 yil o‘tdi. Ko‘kragimdan qon aralash yiring kela boshladi. Shifokorga uchrasam, ko‘krak saratoniga olib kelishi mumkinligin aytdi. O‘zim ishlayotgan xonadon egasiga dardimni to‘kib sochdim. Shunda u qarindoshining uyida oilasidan ajrashgan bir erkak ishlashini aytib, unga erga tegasanmi, deb so‘radi. Rad javobini bersam ham o‘sha erkakni uyimizga keltirib, ikkalamizni uchrashtirdi. Bolam tabiatan odamovi edi, begonalardan o‘zini olib qochardi. O‘sha erkak o‘g‘limga «Dilshod, kel, bolam», deganida o‘g‘lim uning quchog‘iga otildi. Bunaqasi oldin bo‘lmagandi. U o‘g‘lim ikkimizga juda mehribon edi. Qanaqa vaziyat bo‘lsa ham yordam berishga harakat qilardi. Shundan keyin unga nisbatan mehrim orta boshladi. Nikohdan o‘tib, o‘sha uyda yashay boshladik. 5 oydan keyin erim ichib keladigan bo‘ldi. Bu orada homilador bo‘ldim va u nobud bo‘ldi. Erim ba'zan ichkilik ortidan 3-4 oylab dom-daraksiz yo‘qolib ketadi.

«O‘ndan ortiq xonadonlarda ishlab, yashadim»

Hozir hisoblab ko‘rsam, 10dan ortiq xonadonlarda ishlagan ekanman. Navoiyda, Jizzaxda va shu yerda (Qo‘shrabot tumani) xonadonlarda ishladim. Mening muqim yashash joyim yo‘q. Bevatanman. Kunlar o‘taverdi. Bir kuni ko‘nglim behuzur bo‘la boshladi. Homilador ekanman, oldirmoqchi bo‘lib, bir nechta shifokorga bordim, ammo abort qildirolmadim. Farzandimni tug‘dim, qiz ekan. Hozir 2 yoshga yaqinlashyapti.

«Uy egasi osh-ovqat, undan tashqari 500 ming so‘m oylik beradi»

Hozir bir bo‘sh hovli uyda yashaymiz. Uy egasining yerida dehqonchilik qilamiz. Evaziga bizga oziq-ovqat mahsulotlari olib kelib beradi. Undan tashqari, oyiga 500 ming so‘m pul ham beradi. Bu mablag‘ yeb-ichishimizdan ortmaydi, chunki uy egasi kartoshka, piyoz va yog‘ olib kelib beradi. Qo‘shimcha oziq-ovqat mahsulotlarini olish uchun esa pul sarflash kerak. Kiyim-kechak sotib olish haqida o‘ylamaymiz ham. Farzandlarim uy egasining bolalaridan qolgan eski kiyimlarni kiyib katta bo‘lishyapti.

Televizorimiz yo‘q. 2-3 xil o‘yinchoq ularga ovunchoq bo‘lib turibdi. O‘g‘limning ko‘kragida nuqsoni borligi aniqlandi. Shifokor bolani sport bilan shug‘ullantirish kerakligini maslahat berdi. Sportga berishga esa imkoniyatim yo‘q. Shunga qaramay, har kuni ertalab bolamni uyg‘otib, birga mashq qilamiz, hovlida birga yuguramiz.

«Odamlarga ishonchim so‘nib bo‘lgan..»

Umrim mehnatda o‘tyapti. Odamlarning chorva mollariga qaradim, uylarini tozaladim, tandirda non yopib berdim. Ish tanlamadim. Fikr-u xayolim non uchun pul topishda bo‘lganidan atrofda qanday o‘zgarishlar bo‘layotganini ham bilmayman. Yangiliklardan boxabar bo‘lish uchun televizor ham yo‘q.

Bir kuni akam hokimiyatdan kam ta'minlangan oilalarga uy-joy berilayotgani, shunga ariza yozib qo‘yishimni aytdi. Unchalik e'tibor bermadim. Ishlagan joyimda odamlar peshona teri bilan topgan pullarimni berishmagandi, davlat menga tekinga uy berarmidi, deb ishonmadim. Akam meni nomimdan uy-joy so‘rab hokimiyatga ariza yozdi. Biroz muddat o‘tgach, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi doimiy yashash manzilim – qizlik uyimga bordi. Arizaga muvofiq kelganini, yashash sharoitimni o‘rganayotganini aytdi.

Uy berilishiga ishonmadim va vaqtim bo‘lganida borishimni aytdim. Oradan 7 oy o‘tdi. Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi qishlog‘imizda hozir foydalanilmayotgan eski poliklinika binosidan kam ta'minlangan oilalarga xonalar ajratib berilishini aytdi. Shu yerdan menga ham joy berilishi mumkinligi haqida xabar berdi. Xursand bo‘lib ketdim. Uy-joy berilishidan umidvor bo‘lib, o‘sha poliklinikadan xona ajratib berishlari uchun hokimiyatga qatnay boshladim.

Keyinroq xotin-qizlar qo‘mitasi raisi qishlog‘imizda bir eskiroq uyni menga bermoqchiligini aytdi. Bu uyga 50 yoshlardagi boshqa ayol ham da'vogar va u hokimiyatga mendan 4 yil oldin ariza tashlagan ekan. Mahalla raisi, mahalla faollari ishtirokida majlisda uy o‘sha ayolga berildi.

Bir kuni xotin-qizlar qo‘mitasi raisi yana telefon qilib, eski poliklinika binosidan 3 xonani berishini aytdi. Shungayam rozi bo‘ldim. Mana bugun beramiz, ertaga beramiz, deb poliklinikadagi 3 xonali joydan darak ham bo‘lavermadi. Yaqinda borsam, karantindan keyin joy beramiz, deyishdi. Karantingachayam turli bahonalar qilishgandi. Murojaat qilsam, yer uchastkasi berilishi haqida aytishdi. Lekin qayerga, qay tarzda murojaat qilishni bilmayman.

O‘zi qanaqa huquqlarim borligini ham bilmayman. Umrim non topish dardida o‘tib ketyapti. Hozir niyatim bu yil maktabga chiqadigan farzandim o‘qishi uchun sharoit yaratib berish, qizimni bog‘chaga berish va o‘z yashash makonimga ega bo‘lish...

Kun.uz muxbiri Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi

Mavzuga oid