O‘zbekiston | 10:37 / 01.06.2020
4521
3 daqiqa o‘qiladi

Qanday tashuvlar bojxona hamrohligidagi kuzatuv ostida amalga oshiriladi? 

Bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovarlarning bojxona hamrohligidagi kuzatuvini tashkil etish tartibi tasdiqlanadi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovarlarning bojxona hamrohligidagi kuzatuvini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Tovarlar va transport vositalarini bojxona hamrohligida kuzatib borish tovarlar va transport vositalari bojxona nazorati ostida tashilayotganda O‘zbekiston Respublikasining bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta'minlash chora-tadbirlaridan biri hisoblanadi.

Bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshiruvchi xodimlar Nizomga amal qiladi va bojxona posti boshlig‘iga bo‘ysunadi.

Bojxona hamrohligidagi kuzatuvni amalga oshirish uchun xodimlar ajratilishi, maxsus jihozlangan avtomobillarni ajratish, bojxona hamrohligida kuzatiladigan tovarlar va transport vositalarini qabul qilish va topshirish punktlari, kuzatuv hujjatlarini rasmiylashtirish tartibi va ularning shakllari, shuningdek bojxona hamrohligida kuzatuvni amalga oshiruvchi xodimlarning o‘zaro hamkorlik qilishi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.

Tashuvchi, yuk jo‘natuvchi yoxud qabul qiluvchining bojxona hamrohligida kuzatuvni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlari tashuvchi, yuk jo‘natuvchi, qabul qiluvchi yoki boshqa shaxslar tomonidan qoplanadi, bu borada kelib chiqqan xarajatlar bojxona organlari tomonidan qoplab berilmaydi.

Bojxona hamrohligida kuzatib borilayotgan bojxona nazorati ostidagi tovarlar, transport vositalari va ularning hujjatlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga muvofiq, ularda nazarda tutilgan istalgan bojxona nazorati shakllari qo‘llanilishi mumkin.

Jo‘natuvchi hamda manzil bojxona postlarida, shuningdek qabul qilish-topshirish punktlarida bojxona hamrohligida kuzatib boriladigan tovarlar va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvi ustuvor tartibda amalga oshiriladi.

Bojxona hamrohligida kuzatib borish chet el tovarlarini tashiyotgan avtotransport vositalariga nisbatan qo‘llaniladi, bundan quyidagi hollar mustasno:

tovarlarni tashish Xalqaro yo‘llarda tashish daftarchasini qo‘llagan holda yuklarni xalqaro tashish to‘g‘risidagi bojxona konvensiyasiga (Jyeneva, 1975 yil 14 noyabr) muvofiq amalga oshirilgan taqdirda;

milliy avtotashuvchilar tomonidan import tovarlarni tashish tovarlarni bojxona nazorati ostida tashish uchun jihozlangan transport vositalarida, ushbu tashuvchilar tomonidan litsenziya kartochkasi taqdim etilgan holda amalga oshirilgan taqdirda;

O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksning 47-bobiga muvofiq bojxona to‘lovlari to‘lanishi ta'minlangan taqdirda;

tovarlar bojxona hududiga insonparvarlik yordami va texnik ko‘mak sifatida, shuningdek xalqaro pochta jo‘natmalari va feldʼeger pochtasi sifatida tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lgan taqdirda olib kirilganda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid