O‘zbekiston | 15:55 / 05.06.2020
23470
3 daqiqa o‘qiladi

Vazirlik bosh prokurordan Sirdaryoda shifokorlarni kaltaklagan shaxslarni qattiq javobgarlikka tortishni so‘radi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida tibbiyot xodimlarining ayovsiz kaltaklangani bo‘yicha bosh prokurorga murojaat qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida «Tez yordam» xodimlari bir guruh shaxslar tomonidan kaltaklangani haqidagi xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

«Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi sharoitida barcha soha qatori sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari ham o‘z burchiga vijdonan yondashib, zimmasiga yuklatilgan barcha vazifalarni sidqidildan bajarib kelayotganligini hammamiz ko‘rib turibmiz.

Ayniqsa, fidoyi va zahmatkash shifokorlarimiz koronavirusga qarshi hayot-mamot kurashida qat'iy va sobit turib, qahramonlarcha amalga oshirayotgan ishlari o‘z samarasini bermoqda.

Biroq, ana shunday qiyin vaziyatda ham ba'zi bir fuqarolarimiz tibbiyot xodimlariga nisbatan tajovuzkor harakatlar sodir etishayotgani juda achinarli va bu hech qanaqasiga oqlab bo‘lmaydigan holatdir», deyiladi xabarda.

4 iyun kuni soat 00:14da Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani «G‘alaba» mahallasida yashovchi fuqaro A.B. tomonidan «oyoqda jarohat» shikoyati bilan tez tibbiy yordam shoxobchasiga chaqiriq bo‘lgan. Tez tibbiy yordam shoxobchasi jamoasi «Tez yordam» mashinasida 7 daqiqa ichida, ya'ni soat 00:21da chaqiriq bo‘yicha manzilga yetib kelgan.

Lekin tibbiyot xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarish uchun mashinadan tushishlari bilan shu yerda bo‘lgan bir guruh mast holdagi kishilar  hech qanday sababsiz shifokor va feldsherga tashlanib, ularni ayovsiz kaltaklashgan.

Natijada, 28 yoshli shifokor J.O. «Bosh miya chayqalishi, o‘ng qosh sohasi yirtilgan jarohati, o‘ng qovoq sohasi gematomasi, ko‘krak sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi» tashxisi bilan, 44 yoshli feldsher V.N. esa «Bosh miya chayqalishi, yuz sohasi, chakka sohalari yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, o‘ng qo‘l kaft suyagi asosidan yopiq sinish» tashxisi bilan Sayxunobod tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tez yordam bo‘limiga yotqizilgan.

«Mazkur holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vaziri O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga murojaat yo‘lladi. Unda yuqorida qayd etilgan holatni nazoratga olgan holda, aybdor shaxslar qattiq javobgarlikka tortilishini ta'minlashda amaliy yordam so‘raldi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzuga oid