Jahon | 21:57 / 26.06.2020
6931
2 daqiqa o‘qiladi

Glazgo markazidagi mehmonxonaga hujum uyushtirildi, halok bo‘lganlar bor

Shotlandiyaning Glazgo shahridagi mehmonxonaga uyushtirilgan qurolli hujum davomida uch kishi halok bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Foto: Getty Images

26 iyun kuni Glazgo shahridagi Park Inn mehmonxonasiga pichoq bilan qurollangan noma'lum shaxs hujum qildi. Natijada kamida uch kishi halok bo‘lgani, voqea joyiga yetib kelgan politsiya hujum qilgan shaxsni otib o‘ldirgani haqida xabar berilmoqda.

Ayni paytda mehmonxona oldida qurollangan politsiya xodimlari navbatchilik qilmoqda. Politsiyaning rasmiy bayonotida vaziyat nazorat ostida ekani va odamlarning hayotiga hech narsa xavf solmayotgani ta'kidlanyapti.

Mojaroni mehmonxona ro‘parasidagi ofisdan kuzatgan Kreyg Milroy so‘zlariga ko‘ra, tez yordam 4 kishini olib ketgan.

«Yerda yotgan va poyabzalsiz bo‘lgan qoratanli insonni ko‘rdim. Uni yonboshlagan holatda ushlab turishdi. Uning jarohati pichoqdanmi yoki miltiqdanmi yoki boshqa narsadanmi, bilolmadim», – deydi guvoh.

Milroyning so‘zlariga ko‘ra, bu inson tez yordam bilan olib ketilgan va hujumda jabrlanganlardan biridir.

«So‘ngra biz tez yordam mashinalari kelayotganini, mehmonxonaga esa qurollangan politsiyachilar yugurib borayotganini ko‘rdik. Biz tashqarida turgan edik, ammo politsiya va shifokorlar ichkariga kirishimizni va eshikni qulflab olishimiz kerakligini aytishdi», – deya qo‘shimcha qildi u.

Mavzuga oid