O‘zbekiston | 19:36 / 02.07.2020
38779
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiydagi tibbiy markaz shifokorlari koronavirus yuqtirgani tasdiqlandi

Navoiy viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi viloyat ftiziatriya va pulmonogiya markazi xodimlarida koronavirus infeksiyasi topilgani haqda rasman ma'lum qildi.

Undan oldin ijtimoiy tarmoqlarda shu markaz xodimi O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga murojaat qilib, tibbiy markazda mazkur kasallikka chalinganlar mavjud ekani, ammo yashirilayotgani haqda murojaat qilgandi. Shuningdek, shifokorlarda infeksiya aniqlangan bo‘lsa-da, hech qanday chora ko‘rilmayotgani bayon etilgan.

Mazkur murojaatdan so‘ng Navoiy viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan o‘rganish va surishtiruvlar o‘tkazilgan. Holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.

«Tegishli mutaxassislar tomonidan olib borilgan o‘rganish va surishtiruv ishlariga ko‘ra, haqiqatan ham mazkur tibbiyot muassasasining reanimatsiya bo‘limida faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlarining bir necha nafarida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanishning dastlabki holatlari qayd etilgani o‘z tasdig‘ini topgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, sog‘liqni saqlash boshqarmasining 2020 yil 23 iyundagi 132-sonli buyrug‘iga asosan Navoiy viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazining reanimatsiya bo‘limi karantinga yopilib, huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qo‘riqqa olingan», deya ma'lum qilgan Navoiy viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘z munosabatida.

Shuningdek, muassasada faoliyat olib borayotgan boshqa barcha tibbiyot xodimlari, bemorlar hamda ular bilan yaqin muloqotda bo‘lgan barcha fuqarolar umumiy nazoratga olinib, karantin tartiblari qat'iylashtirilgan.

2 iyul holatiga ko‘ra, Navoiy viloyatida jami 283ta kasallanish holati qayd etilgan, shu vaqtgacha 240 bemor tuzalib chiqqan.

Mavzuga oid