Jamiyat | 16:47 / 03.07.2020
21716
8 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqda 24ta uy buzilib, kompensatsiya to‘lanmasligi mumkin. Mulkdorlar huquqlari himoyasizmi?

Tahririyatimizga Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidan murojaat kelib tushdi. Ma'lum bo‘lishicha, tumanning «Chimgan» MFY Yangiovul ko‘chasida fuqarolarga tegishli 24ta uy-joy buzilishga tushgan. Ba'zi uylar bo‘yicha hech qanday kompensatsiya to‘lanmasdan, sud qarori chiqarilgan. Aholi esa bunday harakatlardan norozi.

Murojaatni o‘rganish maqsadida Bo‘stonliq tumaniga bordik. Bizni qo‘llarida o‘z yerlariga tegishli xujjatlar bilan ko‘plab fuqarolar kutib olishdi. Ular bilan birma-bir suhbatlashib, tegishli hujjatlarini ko‘zdan kechirdik.

Fuqarolarning aytishicha, Yangiovul ko‘chasida joylashgan 24ta uy-joy «snos»ga tushgan va 4ta xonadonga sud qaror ham chiqarib bo‘lgan.

Bu yerlarni fuqarolar turli yillarda sotib olishgan. Ba'zilariga meros tariqasida qoldirilgan.

Tuman prokuraturasi ushbu 24ta uy-joyga nisbatan yer ajratish qarori, oldi-sotdi shartnomasi, kadastr hujjatlarini haqiqiy emas deb topish, qurilmalarni buzish, yer maydonini asl holiga keltirib, davlat zaxirasiga qaytarish to‘g‘risida sudga da'vo arizasi kiritgan.

Sayyor sud 4ta uy-joyga nisbatan yerni oldingi holatiga qaytarish bo‘yicha qaror qabul qilgan. Qolgan uy-joylar bo‘yicha sud ishlari davom etmoqda.

Ajablanarlisi shundaki, fuqarolarning turli yillarda rasmiy ravishda mulk qilib olgan yerlari noqonuniy deb topilmoqda va kompensatsiya masalasi hal etilmayapti. Murojaatchilarga ko‘ra, kompensatsiya haqida hatto gap-so‘z ham bo‘lmagan.

«Yaqinda farzandli bo‘ldim. Prokuratura, hokimiyat va suddan odamlar kelib joyimizni olib qo‘yishmoqda. Bizning kadastr hujjatlarimiz, oldi-sotdi shartnomalarimiz bor. Kompensatsiya haqida gap ham bo‘lgani yo‘q. Sud ham joyida muammoni chuqur o‘rganmasdan qaror chiqarmoqda.

Bu yerda bizning aybimiz nima? Shuncha yil o‘tganidan keyin endi bunday ishlar bo‘lmoqda. Xo‘p, qaror, imzo, muhr soxta ekan. Lekin biz uni bilmaganmiz-ku», deydi uyi «snos»ga tushgan fuqarolardan biri.

«Chimgan» MFY raisi

Uylari «snos»ga tushgan fuqarolar haqida mahalla raisidan ham izoh so‘radik. Uning aytishicha, ikki yildan beri fuqarolar shu uylarda yashab kelmoqda.

«Ishga kelganimga ikki yil bo‘ldi. Lekin hozirda ushbu joylar buzilishga tushgan. Kompensatsiya masalasi ochiq qolmoqda», – deydi mahalla raisi.

Ochiq sud majlisini tasvirga olishga ruxsat berilmadi

Shundan so‘ng biz borgan hududga prokuratura, sud va hokimiyat vakillari kelishdi. Davom etib kelayotgan sayyor sudlarning navbatdagisi bo‘lib o‘tdi. Ochiq sud bo‘lishiga qaramay, sud ushbu jarayonni tasvirga olishimizga rozi bo‘lmadi. Sabab qilib esa tomonlarning rozi emasligini aytdi. Tomonlarning biri uyi snosga tushgan fuqaro bo‘lsa, ikkinchi tomon – prokuratura.

Eng ajablanarlisi shundaki, sudda da'vogar tomon bo‘lib qatnashayotgan tuman prokurori yordamchisi Jo‘rabek Toshniyozov ochiq sud majlisini tasvirga olishimizga qattiq qarshilik ko‘rsatib, hatto sudni boshqa kunga surishni sud raisidan so‘radi. Bu esa, turgan gapki, holatga nisbatan shubhalarni yanada orttirmoqda.

Yakunda fuqarolardan birining uy-joyi bo‘yicha bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan sud majlisi jalb etilishi kerak bo‘lgan boshqa bir tomonning ishtirok etmayotgani bois boshqa kunga qoldirildi.

Afsuski, sudda ishtirok etgan na prokuratura xodimi, na hokimlik vakili holat bo‘yicha izoh berishni xohlamadi.

Hokimlik uylar joylashgan yer sanatoriyaga qarashli ekanini aytdi, sanatoriya direktori buni rad etdi

Holat bo‘yicha izoh olish maqsadida Bo‘stonliq tuman hokimligida bo‘ldik. Hokimning qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Zafar Mirzaxo‘jayevning aytishicha, ushbu yerlar Chimyon bolalar sil kasalligiga qarshi kurashish davolash maskaniga berilgan.

Zafar Mirzaxo‘jayev

«Bo‘stonliq tumani «Chimgan» MFY Chirchiq o‘rmon xo‘jaligi xo‘jalik xaritasining 112-konturida joylashgan 24,4 gektar qurilishlar, ko‘chalar, saroy maydonlari konturlar qaydnomasida 91-son tartib raqam bilan belgilanib, «Chimyon» MFYda joylashgan Chimyon bolalar sil kasalligiga qarshi kurashish davolash maskani foydalanuvchi sifatida belgilangan.

«Chimgan» MFY hududida aniqlangan 24ta noqonuniy qurilma (2,44 gektar yer maydonida joylashgan) Chirchiq o‘rmon xo‘jaligi xo‘jalik xaritasining 112-konturida joylashgan 24,4 gektar yer maydoni hududida joylashgani aniqlandi», – deydi hokim o‘rinbosari.

Aynan shu yerda ko‘rsatilayotgan asoslar xilma-xilligi vujudga kelmoqda: hokimlik fuqarolarga tegishli bo‘lib turgan Chimgan mahallasidagi 24ta «noqonuniy» qurilma «Chimyon bolalar sil kasalligiga qarshi kurashish» davolash maskani hududida ekanini aytmoqda. Prokuratura esa yer ajratish qarori, oldi-sotdi shartnomasi, kadastr hujjatlarini haqiqiy emas, deb sudga ariza kiritgan.

O‘z navbatida, fuqarolar bu yerlar davolash maskani hududiga kirmasligi, buni hatto maskan rahbari ham tasdiqlaganini aytib o‘tishdi.

Muassasa direktori Norinboy Niyozmetov telefon orqali suhbatda ushbu ma'lumotni bizga ham tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2012 yilgacha davolash maskanining o‘ziga tegishli yeri bo‘lmagan. 2013 yilda hokim qarori bilan sanatoriyaga 20,2 gektar yer ajratib berilgan.

«Lekin ushbu 24ta uy joylashgan yerlar Chimyon bolalar sil kasalligiga qarshi kurashish davolash maskaniga qarashli emas. 24ta uyning bizga aloqasi yo‘q», – dedi Norinboy Niyozmetov.

Chigallik qonunsizlikka ishora qilmoqda(mi?)

Shu tariqa, hozirda Bo‘stonliq tumani Chimgan mahallasida joylashgan 24ta uy-joy bo‘yicha ancha chigal vaziyat yuzaga kelgan.

Birinchidan, fuqarolar uzoq yillardan beri ushbu yerlarga egalik qilib kelmoqda. Ularning e'tirozi ham o‘rinli, chunki qo‘llaridagi kadastr hujjatlari, oldi-sotdi shartnomalarini davlat organlari orqali olishgan va shunga ishonishgan.

Ikkinchidan, agar ushbu uy-joylar buziladigan bo‘lsa, fuqarolarga kompensatsiya to‘lab beriladimi? Axir odamlar davlat organlari, demakki davlat bergan rasmiy hujjatlarga ishonib ish tutishgan-ku?

«Ma'muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi Qonun talablariga e'tibor bering:

Agar manfaatdor shaxs ma'muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonib, ma'muriy hujjat asosida olingan mol-mulkdan foydalangan, o‘z mulkini tasarruf etish uchun bitim tuzgan yoki ma'muriy hujjatda belgilangan naf va imtiyozlardan boshqacha tarzda foydalangan bo‘lsa, uning ishonchi himoya qilinishi lozim.

Manfaatdor shaxsga ma'muriy hujjatning qonuniy kuchiga ishonish sababli kelib chiqqan yoki muqarrar bo‘lgan mulkiy zararning o‘rni qoplanadi.

Uchinchidan. «Snos» bo‘yicha ko‘rsatilayotgan vaj o‘rinli ham deylik. Unda nega da'vogarning o‘zi – qonun himoyachisi bo‘lmish prokuratura shu paytgacha fuqarolarni ogohlantirmagan?

Xulosa qilib aytganda, rasmiy hujjatlarga ishonib uy-joylarini tasarruf etgan, bunga mablag‘ sarflagan fuqarolarning uylari hech qanday kompensatsiyasiz olib qo‘yilmoqda.

Odamlar bu uylarga sarflagan xarajatlar, mehnat va vaqtning tovonini kim to‘lab beradi?

Davlat mansabdori yerni noqonuniy rasmiylashtirib bergan bo‘lsa, fuqarolarda nima ayb?

Shu vaqtgacha mahalla ahli bilan hokimiyat va prokuratura xodimlari o‘rtasida kelishmovchilik davom etib kelmoqda. Lekin bu qanday oqibat bilan tugashini vaqt ko‘rsatadi.

Umid qilamizki, yuqori turuvchi idoralar Bo‘stonliqda nimalar bo‘layotganligiga tez orada aniqlik kiritadi.

Rahmatillo Isroilov, Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid