O‘zbekiston | 22:13 / 08.07.2020
28918
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident viloyatlar hokimlariga elga murojaat bilan chiqish bo‘yicha topshiriq berdi

Har bir soha bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarning birinchi rahbarlari OAVda chiqish qilishi belgilandi.

Shavkat Mirziyoyev 8 iyul kungi videoselektor yig‘ilishi avvalida mamlakatdagi epidemiologik vaziyatga to‘xtalib o‘tdi.

«Yana bir marta ogohlantirmoqchimanki, uyda davolanib kasallikni yashirish bilan o‘zlaringga juda katta xavf-xatar tug‘diryapsizlar. Oilamizga, farzandlarimizga, ota-onamizga, nuroniylarga xavf-xatar tug‘diryapmiz. Bizdagi oxirgi ma'lumotlar yaqqol shuni ko‘rsatib turibdi.

Shuning uchun hamma viloyatlar hokimlari mutasaddi-mutaxassislar bilan birga mart oyida xalqimizga qanday murojaat qabul qilgan bo‘lsalaring, erta-indin shunday murojaat qabul qilasizlar.

Viloyat rahbarlari, sizlar o‘sha yerdagi elning boshisizlar. Elimizga alohida, o‘z farzandlaringga, o‘z otalaringga, o‘z singillaringga murojaat qilganday murojaat qilish kerak. O‘zimiz o‘z sog‘lig‘imizni asramasak, o‘z farzandimiz, ota-onamiz, qarindoshlarimizni hech kim asrab bermaydi. Hammasi o‘zimizga bog‘liq.

Ochiq gap, hammamiz jilovni salgina qo‘yib yubordik. Juda katta choralar ko‘rgan edik, O‘zbekistondagi tizimni dunyo hamjamiyati tan olgan edi. Biz majburmiz bu cheklovlarni qilishga.

Ogoh bo‘lib, ziyrak bo‘lib, metin intizom bilan albatta g‘alaba qozonamiz. Lekin birlashib, hammamiz bir bo‘lib, to‘g‘ri tushunsak, natija biz kutgandek bo‘ladi.

Ommaviy axborot vositalariga yana bir marta minnatdorchilik bildirmoqchiman, ular xalqimizga hamma muloqotlarni, mutasaddilar bergan takliflarni xalqimizga yetkazishyapti. Har bir soha bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarning birinchi rahbarlari ommaviy axborot vositalari bilan uchrashib, xalqimizga har bir cheklovni nima uchun qilganmiz, bu cheklovlarni qanday qilib bajarishimiz kerakligini tushuntiradi.

Shu bilan birga, biz iqtisodiyot tarmoqlarini to‘xtatmaymiz. Qanday og‘ir bo‘lmasin, biz birinchi kundan boshlab bir necha marta bu masalaga qaytayapmiz. Mana shunday sharoitda yashash va ishlashga o‘rganishimiz shart», – dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid