O‘zbekiston | 10:11 / 13.07.2020
37323
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni 60dan oshdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkentda koronavirusga chalingan 67 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani haqida xabar berdi.

«Joriy yilning 10 iyul kuni Shayxontohur tumanida yashovchi 67 yoshli M.T. (ayol)da Covid-19 tasdiqlangan. Shu kuniyoq o‘tkir nafas yetishmovchiligi sababli bemorning ahvoli og‘ir bo‘lganligi uchun Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

Shifoxonada unga Covid-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, nafas yetishmovchiligining 3-darajasi, o‘tkir yurak qon-tomir yetishmovchiligi tashxisi qo‘yilgan.

Shuningdek, bemorda gipertoniya kasalligining 2-darajasi, arterial gipertenziya, qandli diabet, surunkali xoletsistit kabi hamroh kasalliklar bo‘lgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bu O‘zbekistonda koronavirus tufayli qayd etilgan 61-o‘lim holati bo‘ldi.

Shu vaqtgacha Toshkentda 36, Buxoro, Surxondaryo va Namanganda 4, Jizzax, Samarqand va Navoiyda 3tadan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Xorazm va Qoraqalpog‘istonda bittadan o‘lim ro‘y berdi. Hozirga qadar faqat Andijon va Sirdaryo viloyatlaridagina virus qurbonlari qayd etilmadi.

Mavzuga oid