O‘zbekiston | 00:24 / 18.07.2020
38754
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga zudlik bilan kislorod konsentratorlari kerak - iqtisodchi hammani birlashishga chaqirdi

Smartgov Consulting kompaniyasi ijrochi direktori, iqtisodchi Aziza Umarova o‘z blogida jamoatchilik e'tiborini kislorod konsentratorlari muammosiga qaratib, masalaga yechim taklif etdi.

Foto: hamyarsalamat.com

«Haqiqatga tik qaraylik, realist bo‘laylik. Pandemiyaning yaqqol namoyon bo‘lishida biz Qozog‘iston va Qirg‘izistondan atigi bir-ikki haftaga kechikyapmiz. (Qat'iy karantinning kuchiga ko‘r-ko‘rona ishonayotganlarga alangalik salom! Biz atigi bir-ikki hafta yutayapmiz, xolos).

Xohlaymizmi yo‘qmi, lekin o‘lim bilan bog‘liq xabarlar ko‘payib bormoqda. Bu ketishda qo‘shnilarimizning kuni bizning ham boshimizga tushmasa deb qo‘rqaman.

Xabarlarga qaraganda, amaldorlarimiz zudlik bilan sun'iy nafas olish apparatlari va «tez yordam» mashinalarini sotib olishayotgan ekan. Shuningdek, hukumat kislorod konsentratlari uchun barcha to‘lovlarni/to‘siqlarni bekor qilibdi.

Bu juda yaxshi yangilik. Xo‘p, davom etamiz.

Tushunarli bo‘lishi uchun, ikki tomonlama zotiljam (pnevmoniya) ko‘pincha jiddiy asoratlar keltirib chiqaradi va odam nafas ololmay qoladi. Qondagi kislorod miqdori pasayib ketadiki, bu hatto o‘limga olib boradi. Eng qiyin hollarda sun'iy nafas olish apparatiga ulashadi, bu ham faqat shifoxona sharoitida amalga oshiriladi, agar apparatni to‘g‘ri ishlatadigan mutaxassis bo‘lsagina.

Shifoxona va koykalar yetishmayotgan vaziyatda esa kislorod konsentratorlari sotib olish juda muhimdir.

Qozog‘istonda homiylar 6000dan ziyod konsentrator sotib olishibdi. Qirg‘izistonda esa AQSh va Yevropadagi qirg‘iz diasporalari kamroq mablag‘ yig‘ib berishibdi, lekin u yerda 20 yoshli ko‘ngillilar apparatlar bilan uyma-uy yurib, nafas yetmayotgan, lekin shifoxonaga qabul qilinmagan yuzlab odamlarni qutqarishmoqda. Sofiya Aydana ismli qiz hafta davomida 187 odamning hayotini saqlab qoldi.

Bu kabi ishlarni tashkil etishda har qanday foydali ma'lumoti uchun qozoq va qirg‘iz do‘stlarimizdan minnatdor bo‘lardim.

Bizda hozircha shahrimizda hali kislorod konsentratorlari yo‘q. E'lonlar bo‘yicha qo‘ng‘iroq qilib, surishtirdim. 24 soat ishlaydigan birorta 5 litrli kislorod konsentrator topa olmadim. Undan kam kislorod ishlab chiqaradigan yoki undan kam vaqt ishlaydigan apparatlarni izlashning hojati yo‘q. Ularni faqat spa-salonlarda yoki uyda oddiy holatlarda nafas olish uchun qo‘llanish mumkin. Kovid zotiljamida u yordam bermaydi...

Xo‘p, qayerdan olish kerak? Bizga qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi.

Butun dunyodagi konsentratorlarning 80 foizi Xitoyda ishlab chiqariladi. Qozog‘iston va Qirg‘iziston ularni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqaruvchilardan 250-300 dollardan sotib olgan. Yo‘l xarajatlari alohida.

Nima qilish kerak?

Zudlik bilan tadbirkorlarimiz ommaviy ravishda kislorod konsentratorlarini olib kelishi va bozorlarga yetkazib berishi kerak. Insof bilan narx qo‘yishsa, imkoni borlar sotib oladi.

Shuni ham bilish muhimki, 5 litrli konsentratorlar uy sharoitiga, 10 va 15 litrlilari kasalxonalar uchun mo‘ljallangan. Bu apparatlarga bir vaqtning o‘zida 2 yoki undan ko‘p bemorni ulab qo‘yish mumkin.

Xitoydagi yurtdoshlar, sizlar ishonchli yetkazib beruvchilarni topa olasizmi? Fuqarolarga buyurtma bo‘yicha yordam qila olasizmi?

Agar bizning xorijdagi diasporalarimiz ham Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi singari kislorod konsentratorlari uchun mablag‘ yig‘ib bersa va mazkur apparatlar bilan ko‘ngillilar ta'minlansa yoki ular hududlarga yuborilsa, menimcha, bu o‘z vaqtida berilgan zarur yordam bo‘lardi.

Hukumat esa (ushbu apparatlarni) samolyotlarda yetkazib berishga yordam berishi kerak. Vaqt g‘animat.

Yoshlar, sizlar o‘zaro birlashadigan, bir yoqadan bosh chiqaradigan payt keldi», - deb yozadi Aziza Umarova.

Mavzuga oid