Jahon | 10:58 / 25.07.2020
8653
3 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya davrida bir nafar yangi milliarder paydo bo‘lib, 9 milliarderning boyligi yana ham ortdi

Koronavirus tarqalishi unga qarshi vaksinalar, maxsus tibbiy jihozlar, preparatlar ishlab chiqaruvchi kompaniyalar aksiyalari narxining oshishiga va natijada dunyoda yana bir yangi milliarder paydo bo‘lishiga va 9 nafar milliarderning yanada boyishiga xizmat qildi.

Stefan Bansel / Foto: Bloomberg

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 11 mart kuni COVID-19’ni pandemiya deb e'lon qilgach, butun dunyo fond birjasida qulash kuzatildi va Dou Jons indeksi (aksiyalar dinamikasi) 1987 yildan beri eng katta pasayishga duch keldi.

Ammo ayrim kompaniyalarning aksiyalari nafaqat zarar ko‘rmadi, balki aksincha, barqaror ravishda o‘sdi. Bular – vaksina, dori-darmon va virusga tahlil to‘plamlarini ishlab chiqarayotgan tibbiyot kompaniyalaridir.

O‘tgan vaqt mobaynida virusga qarshi kurashayotgan ushbu kompaniyalarning aksiyalari sezilarli darajada o‘sib, yangi milliarderning paydo bo‘lishiga va yana kamida to‘qqiz nafar milliarderning boyligi oshishiga sabab bo‘ldi.

Yangi milliarder – Kembrijdagi «Moderna» kompaniyasi bosh direktori Stefan Bansel bo‘ldi.16 mart kuni kompaniya COVID-19’ga qarshi vaksinasini insonlarda sinab ko‘rishni boshlaganda Banselning boyligi taxminan $720 mln edi. Shundan so‘ng «Moderna» aksiyalari 103 foizga oshdi va uning boyligi taxminan $1,5 mlrd dollarga aylandi.

Fransiya fuqarosi bo‘lgan Bancel 2 aprel kuni ilk bor milliarderlar safida qayd etilganda, uning kompaniyasi vaksinalashning 2-bosqichini boshlashni rejalashtirayotgani haqida xabar berildi.

Boyligining o‘sish hajmi foizlari bo‘yicha Bansel birinchi bo‘lsa, ikkinchi o‘rinda italiyalik tadbirkor, DiaSorin biotexnologiya kompaniyasining 45 foiz ulushi egasi Gustavo Denegri turibdi. Uning boyligi 32 foizga yoki $1,1 mlrd dollarga oshgan.

Gustavo Denegri / Foto: DiaSorin

Agar foizlarda emas, pulda taqqoslasak, BioMérieux diagnostik test ishlab chiqaruvchi kompaniya asoschisi fransiyalik Alen Mere va Janubiy Koreyaning Celltrion farmatsevtika kompaniyasi egasi So Chon-Chin eng boy odamga aylanishdi.

Koronavirusni tashxislovchi to‘plamlari bilan har ikki tadbirkor 11 martdan buyon 1,5 mlrd dollarga boyigan.

Boyishiga koronavirus yordam bergan o‘n nafar milliarderdan faqat 2 nafari amerikaliklardir. Ular – Nyu-Yorkdagi Regeneron farmatsevtika firmasining rahbarlari Leonard Shleyfer va Jorj Yankopuloslardir.

11 martdan beri koronavirusni yengishda izlanayotgan «tibbiyotchi» milliarderlarning umumiy boyligi 7 mlrd dollarga o‘sdi.