O‘zbekiston meva-sabzavotlarini Buyuk Britaniyaga eksport qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi
O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlari Buyuk Britaniyaga eksport qilina boshlashi kutilmoqda. Bu haqda «O‘zdavkarantin» inspeksiyasi matbuot xizmati rahbari Durdona Ochilova Kun.uz’ga ma'lum qildi.
Ma'lum bo‘lishicha, bugun, 3 sentabr kuni «O‘zdavkarantin» hamda Buyuk Britaniya atrof-muhit, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vazirligi (DEFRA) vakillari ishtirokida videokonferensiya tarzida muloqot tashkil qilingan.
Muloqotda fitosanitariya sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik masalalari muhokama qilingan.
«Videokonferensiya doirasida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Buyuk Britaniya bozorlariga olib kirish uchun qo‘shimcha fitosanitariya ruxsatnomalarini berish va inspeksiyaning ilmiy salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Ta'kidlash kerakki, Buyuk Britaniya tomoni O‘zbekistonda fitosanitariya sohasida olib borilayotgan islohotlarni ijobiy baholadi. Xususan, so‘nggi yillarda bu sohada erishilayotgan natijalarga to‘xtalinib, O‘zbekistonning Xalqaro o‘simliklarni himoya qilish konvensiyasiga qo‘shilishi, milliy standartlarni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirilgani va bu orqali mamlakatimizda O‘simliklar karantini sohasining yangi bosqichga ko‘tarilgani alohida ta'kidlandi», – deyiladi xabarda.
Ma'lum bo‘lishicha, onlayn muloqot yakunida britaniyalik mutaxassislarning O‘zbekistonda qo‘llaniladigan fitosanitariya choralari bo‘yicha taqdim etilgan ma'lumotlarni o‘rganish natijalariga ko‘ra, anor, gilos, olxo‘ri, nektarin, shaftoli, xurmo, olma, nok, uzum, limon, achchiq qalampir va pomidor singari jami 12 ta mahsulotni Buyuk Britaniya bozorlariga eksport qilish mumkinligi aytilgan.
Ma'lumot uchun, har bir eksportyor O‘zbekiston mahsulotlarini Buyuk Britaniyaga olib kirish uchun ReASN – Buyuk Britaniya bog‘dorchilik inspeksiyasi veb-saytida ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘ladi.
Muzokaralar yakunida O‘zbekiston hududlarida o‘simliklar karantini laboratoriyalarini tashkil etish uchun grantlar ajratilishi masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, ilmiy fitosanitariya sohasida ham ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.
Mavzuga oid
09:40 / 23.10.2024
O‘zbekistondan Kuvaytga quruq mevalar eksporti hajmi oshiriladi
21:40 / 02.10.2024
Qirg‘iziston O‘zbekiston tufayli go‘sht eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy qilgani ma’lum bo‘ldi
09:40 / 09.09.2024
O‘zbekiston radioaktiv izotopli mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yishi mumkin
08:40 / 09.09.2024