AQSh rossiyaliklar bilan to‘qnashuvlar ortishi ortidan Suriyaga qo‘shimcha harbiy jo‘natmoqda
Pentagon Suriyada amerikalik va rossiyalik harbiylar o‘rtasida davomli to‘qnashuvlar kelib chiqayotgani va tomonlar o‘rtasida vaziyat keskinlashayotgani tufayli ushbu hududdagi harbiy xizmatchilari sonini oshirmoqda.
Suriyaning shimoli-g‘arbiy qismida navbatchilik qilayotgan harbiylar o‘rtasida to‘qnashuvlar shu yilda ko‘paydi. Endi bu yerga 100 nafar amerikalik harbiy va 6ta harbiy texnika yuboriladi.
AQSh harbiy dengiz kuchlari kapitani, AQSh qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi rasmiy vakili Bill Urban qo‘shimcha kontingent joylashtirilishidan maqsad koalitsiya kuchlari xavfsizligini ta'minlashdan iborat ekanini aytib o‘tgan.
U Kuvaytdan harbiy mashinalardan tashqari «Sentinel» radarlari ham Suriyaning ushbu qismiga ko‘chirilayotgani, bu yerda navbatchilik reydlari miqdori oshirilishini ma'lum qilgan.
«AQSh Suriyada boshqa davlatlar bilan ziddiyat izlamoqchi emas, ammo zarurat tug‘ilsa, koalitsiya harbiylarini himoya qilamiz», degan Urban.
Rossiyaga yaqqol signal
Bill Urban o‘z chiqishida Rossiya nomini tilga olmagan, ammo amerikalik boshqa bir harbiy amaldorning bayonoti ochiqroq bo‘lgan.
«Bu harakatlar va ko‘mak kuchlari yuborilishi - Rossiyaga yaqqol signal, Suriya shimoli-sharqida Rossiya va boshqa tomonlar noprofessional, xavfsiz bo‘lmagan va buzg‘unchi harakatlardan tiyilishlari, keskinlik yumshatilishi uchun kelishuvlarga rioya qilinishi kerak», deya nomi oshkor qilinishini istamagan amerikalik rasmiyning so‘zlarini keltirgan NBC telekanali.
NBC qo‘shimcha kuchlar koalitsiya harbiylari va kurd otryadlari nazoratidagi xavfsiz hududga rossiyaliklar tomonidan hujum qilinishining oldini olish maqsadida yuborilayotganini aytgan manba so‘zlarini ham keltirgan.
So‘nggi yillarda Suriyada rossiyalik va amerikalik harbiylar o‘rtasida turli hodisalar ro‘y berib turibdi. Ammo so‘nggi haftalarda ziddiyat qat'iy xarakter kasb etdi.
Avgust oyi oxirida amerikalik yetti nafar harbiy rossiyaliklarning jangovar mashinasi bilan to‘qnashuv tufayli jarohat olgandi.
Hozirda ushbu hududda 500 nafarga yaqin amerikalik askar bor - bu avval bo‘lganidan ancha kam.
2019 yil oktyabrida AQSh prezidenti Tramp Suriyadan ming nafar harbiyni olib chiqishga qaror qilgandi.
Bir necha oy o‘tib u Suriyada neft quduqlarini qo‘riqlash uchun bir necha yuz askar qoldirilishini ma'lum qildi.
Mavzuga oid
13:22 / 13.11.2024
Pentagon hujjatlarini oshkor etishda ayblangan shaxs 15 yilga qamaldi
07:56 / 13.11.2024
Pentagon Ukrainaga yordam uchun qolgan pul miqdorini e’lon qildi
09:15 / 12.11.2024
AQSh Suriyada eronparast guruhlar obektlariga zarba berdi
20:42 / 09.11.2024