O‘zbekiston | 21:27 / 26.09.2020
3120
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston-Xitoy Hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasi hamraislari telefon orqali muloqot qildilar

Tomonlar O‘zbekiston-Xitoy Hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining navbatdagi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan 6-yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalarini kelishib oldi.

O‘zbekiston-Xitoy Hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasi hamraislari –O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov va Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi a'zosi, XKP MQ siyosiy-huquqiy komissiyasi kotibi Go Shenkun o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining matbuot xizmati ma'lum qildi.

O‘zbekiston-Xitoy Hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasi hamraislari suhbat chog‘ida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliya, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa muhim yo‘nalishlardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini atroflicha muhokama qildi.

Go Shenkun mazkur masalalarda Xitoy tomoni O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalarini yangi mazmun bilan boyitishga tayyor ekanini ma'lum qildi. Raqamli iqtisodiyot, axborot kommunikatsiyalari, tibbiyot, agrotexnologiyalar kabi sohalardagi hamkorlikni jadal rivojlantirish yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirdi.

Suhbat yakunida tomonlar O‘zbekiston-Xitoy Hukumatlararo hamkorlik qo‘mitasining navbatdagi Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan 6-yig‘ilishiga tayyorgarlik masalalarini kelishib oldi.

Mavzuga oid