O‘zbekiston | 00:04 / 01.10.2020
10911
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident qarori bilan Moliya vazirligi ayrim funksiyalari boshqa organga o‘tkazildi

Soliq maslahat tashkilotlarining vakolatlari kengaytirildi. Xususan, ularning xulosalari mavjud bo‘lgan taqdirda, soliq organlari risk darajasi past va oxirgi 3 yilda yillik aylanmasi 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan ixtiyoriy tugatilayotgan soliq to‘lovchilarga nisbatan soliq auditi o‘tkazilmaydi. 

Foto: Moliya vazirligi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 30 sentabr kuni «Soliq maslahati sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarorni imzoladi. 

Moliya vazirligi xabar berishicha, ushbu hujjat soliq maslahati institutini rivojlantirish va soliq ma'muriyatini takomillashtirish maqsadida qabul qilindi. Jumladan soliq maslahatchilariga sud, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarda kompyuter texnologiyalari, aloqa vositalari, audio va video yozib oluvchi vositalardan foydalanish huquqi beriladi.

Qaror bilan, agar shaxs mehnat faoliyatini advokatlik birlashmalari, auditorlik tashkilotlari, shuningdek buxgalteriya xizmatini ko‘rsatadigan boshqa yuridik shaxslarda amalga oshirib kelgan holatlarda, soliq maslahatlarida 3 yil davomida qatnashmaganligi uchun Soliq maslahatchisi guvohnomasini bekor qilish taqiqlanadi.

Xorijiy amaliyotni hisobga olgan holda, 2021 yil 1 yanvardan boshlab Moliya vazirligining soliq maslahatchilari faoliyatini tartibga solish bo‘yicha quyidagi funksiyalari O‘zbekiston Soliq maslahatchilari palatasiga o‘tkaziladi:

  • soliq maslahatchisi malaka sertifikatini olish uchun malaka imtihonlarini o‘tkazish;
  • soliq maslahatchisi malaka guvohnomasini berish, to‘xtatish va bekor qilish;
  • soliq maslahatchilarini o‘qitish va malaka oshirish dasturlarini tasdiqlash;
  • soliq maslahatchilari reyestrini yuritish.

Moliya vazirligiga quyidagilar yuklatiladi:

Palataga soliq bo‘yicha maslahatchilar uchun o‘quv kurslarini, shu jumladan masofadan o‘qitish shaklida, shuningdek soliq maslahatchilari uchun malaka imtihonlarini tayyorlash va o‘tkazishda yordam berish;

2021 yil 1 aprelgacha soliq maslahati sohasini o‘zini o‘zi boshqarishning asosiy qoidalarini belgilaydigan va samarali faoliyat ko‘rsatadigan soliq maslahatchilari institutini shakllantirishga imkon beradigan «Soliq maslahati to‘g‘risida»gi qonun loyihasini yangi tahrirda ishlab chiqish.

Ma'lumot uchun, 1 sentabr kuni holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda soliq maslahatchilari tashkilotlari soni 86tani, soliq maslahatchilari esa 143 nafarni tashkil etadi. 

Mavzuga oid