O‘zbekiston | 18:38 / 11.10.2020
25313
2 daqiqa o‘qiladi

Qamchiq dovonida bir hafta ichida uchta mashina xandaqqa tushib ketdi

So‘nggi kunlarda Mercedes furgoni, ISUZU va KIA rusumli yuk avtomobillari Qamchiq dovonida harakatlanayotib xandaqqa tushib ketdi.

Qamchiq dovonida Kia yuk mashinasi haydovchisi tong saharda boshqaruvni yo‘qotishi natijasida yo‘l chetidagi xandaqqa tushib ketdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, voqea 9 oktabr kuni soat 05:30da, «Toshkent – O‘sh» avtomobil yo‘lining 233-km.da ro‘y bergan.

Haydovchi X.B. boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi xandaqqa (kyuvetga) yonboshlab tushib ketgan. Haydovchi voqea paytida avtoulovdan sakrab tushib qolishga muvaffaq bo‘lgan.

FVV 6 oktyabrda ham shunga o‘xshash holat haqida xabar bergan edi.

«Kuni kecha, soat 19:45da «Toshkent – O‘sh» xalqaro avtomobil yo‘lining 251-kilometrida YTH yuz berdi. Mashina yukxonasiga oyna ortilgan ISUZU yo‘l chetidagi handaqqa tushib ketgan. Bu hodisa Toshkent tomon yo‘l olgan haydovchining mashina boshqaruvini yo‘qotishi tufayli sodir bo‘lgan.

3 daqiqadan so‘ng Mercedes Benz Sprinter huddi shu sababga ko‘ra, aynan o‘sha haqdaqqa tushib ketgan», – deyiladi xabarda.

Ma'lum qilinishicha, har ikkala haydovchiga ham tan jarohati yetmagan.

Yuqoridagi holatlarda «Qamchiq» maxsus qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasi, YPX va «Qamchiqavtoyo‘l» xodimlari yetib kelib, maxsus texnika yordamida mashinalarni xandaqdan olib chiqqan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolardan dovonda harakatlanganda xavfsizlik qoidalariga amal qilishni so‘ragan.

Mavzuga oid