Jamiyat | 15:48 / 23.10.2020
4630
3 daqiqa o‘qiladi

DTM direktorining abituriyentlar bilan suhbati audiosi eski ekani ma'lum qilindi

OTMga kirish imtihonlarida qo‘mondonlik tavsiyanomalari inobatga olinmagan bir guruh abituriyentlar 22 oktyabrda Davlat test markazi oldiga yig‘ilgan edi. Ayni shu kuni ijtimoiy tarmoqlarda markaz direktori Majid Karimovning abituriyentlar bilan muloqoti aks etgan audioyozuv paydo bo‘ldi.

Audiodan ma'lum bo‘lishicha, Majid Karimov imtiyozi hisobga olinmay qolgan abituriyentlar yetarli ball to‘plagan bo‘lsa, hech qanday muammosiz talabalikka tavsiya etilishi, buning uchun «yana ozgina kutib turishlari kerakligi», xatolikni to‘g‘rilash bo‘yicha ishlar «uzog‘i 3-4 kunda tugashi»ni aytgan.

22 oktabr kuni DTM matbuot xizmati ushbu audioyozuvdagi ovoz egasi markaz direktori ekanini Kun.uz'ga tasdiqlagan edi. 23 oktyabrda tashkilot matbuot xizmati tahririyatga ushbu audio 8 oktyabrda yozib olingani, abituriyentlar bilan 22 oktyabrdagi uchrashuvda DTM direktori o‘rinbosari Sardor Rajabov qatnashganini ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, tavsiyanomasi inobatga olinmay qolgan abituriyentlarning imtiyozi 8 oktyabrdagi «o‘sha uchrashuvdan keyinoq» tasdiqlanib, Qabul komissiyasiga kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, harbiy tavsiyanomalari inobatga olinmay qolgan abituriyentlar soni 1800dan oshadi. Davlat test markazi ushbu xatolikka aloqador emasligi, markaz abituriyentlar ko‘rsatgan tavsiyanomalarni belgilangan tartibda haqiqiyligini tekshirish uchun tegishli vazirliklarga taqdim etgani, ular esa 1800dan ortiq abituriyentning tavsiyanomasini tasdiqlab bermagani, natijada DTM bu abituriyentlarni 5 foizlik alohida kvotaga kiritmaganini bildirgan.

Bir guruh murojaatchilar bilan 22 oktyabrda bo‘lgan uchrashuvda Davlat qabul komissiyasi mas'ul kotibi Shohrux Daliyev muammo 24 oktabr, shanba kunigacha hal etilishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Davlat qabul komissiyasi bayoni shanba kuni imzolanishi kutilmoqda, qaydnomalar («vedomost») tayyor turibdi. Bunda DTMga tanlov qaydnomalarini OTMlarga yetkazish va internet orqali e'lon qilish topshirig‘i qo‘yilgan.

Daliyev har bir abituriyentga alohida telefon qilinib, natijadan xabardor qilinishi, bu jarayonda shaxsan o‘zi ham Davlat test markazida bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Mavzuga oid