Ayni kunlarda Qonunchilik palatasi fraksiyalari davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2020 yil 9 oyi yakuni ijrosi to‘g‘risida tayyorlangan hisobot bilan yaqindan tanishmoqda.
![](https://storage.kun.uz/source/6/LvwI5tJhTGZ0EsvL8T4E43Ni2sR9YZDS.jpg)
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, muhokamalar jarayonida davlat budjetining asossiz sarflanishi hamda tovar moddiy boyliklardagi kamomadlar huquqiy normalar yaratilgan bo‘lishiga qaramasdan, yildan yilga ortib borayotganligi deputatlarning e'tirozlariga sabab bo‘lgan.
Jumladan, o‘tgan 9 oy davomida budjet mablag‘larining maqsadli foydalanilishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida 129,1 mlrd so‘m budjet intizomining buzilganlik holatlari aniqlangan. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 96 mlrd so‘mi (74 foiz) mablag‘lar budjetga qaytarilgan.
Quyidagi vazirliklarda eng ko‘p qonunbuzilish holatlari va boshqa xato-kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan:
Xalq ta'limi vazirligi tizimida o‘tkazilgan 487ta nazorat tadbirlarining 389tasida 40,7 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlangan;
Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida o‘tkazilgan 465ta nazorat tadbirlarining 345tasida 22 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlangan;
Maktabgacha ta'lim vazirligi tizimida o‘tkazilgan 200ta nazorat tadbirlarining 159tasida 10,7 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlangan;
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimida o‘tkazilgan 58ta nazorat tadbirlarining 47tasida 6,3 mlrd so‘m miqdorida qonunbuzilish holatlari aniqlangan.