Jamiyat | 12:01 / 22.11.2020
37027
10 daqiqa o‘qiladi

«Xalqqa svet-gaz bering!» – ijtimoiy tarmoqlarda azaliy va og‘riqli mavzu

Qish kelishi bilan aksariyat hududlar aholisining vujudi tom ma'noda titray boshlaydi. Azaliy muammoga aylangan, yillar davomida yechimi topilmagan, ham eski, ham yangi O‘zbekistonning «tish og‘rig‘i»ga aylangan svet-gaz muammosi ko‘pchilikni qiynaydi.

Mavzu haqida yuqori doiralarda ham gapirildi. Jumladan, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva yalpi majlis vaqtida ijtimoiy tarmoqda gaz va elektr energiyasi muammosiga e'tibor qaratishni so‘rab yozilgan izohlarga to‘xtaldi:

«Mana hozir onlayn berilayotgani uchun minglab foydalanuvchilar gaz va elektr energiyasi muammosini qachon hal qilasizlar, degan savollar bilan bizga murojaat qilishyapti.

«Elektr yo‘q, gaz yo‘q», yozilayotgan qancha savol bo‘lsa shularning hammasi bir xil mazmunda. «Sizlar blogerlar va xalqning tanqidlariga ham e'tibor berasizlarmi, xalqni eshitasizlarmi?», deya savol berishyapti.

Albatta kuzatamiz. Shu yerda o‘tirib ham yuzlab, minglab izohlarni o‘qib o‘tiribmiz.

Men sizlarga va'da beraman, bizning tegishli qo‘mitamiz – Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi mana shu masalani maxsus o‘rganib chiqadi», dedi Tanzila Norboyeva.

Ijtimoiy tarmoqlar har doimgidek hushyor: sahifalar zaharxanda postlarga, haqli talablarga, joylardan xabarlar va qiziqarli izohlarga to‘lib-toshdi. Quyida ularning ayrimlari havola qilinadi.

«Mendirman O‘sha»O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga chiqmasa ham mayli, o‘sha futbolchilarga ketgan pulni ham sizlar olinglar, lekin gaz va elektr beringlar!

* * *

Akmal Qurbonov: Yaxshi ham gaz va svet xalqimizga tekinga berilmaydi, bo‘lmasa xalq bu ikkita tashkilot mutasaddilari oldida umuman ilojsiz qolardi.

* * *

Voy alamjon

(Mug‘anniy she'riga parodiya)

Yot yurtda gaz lov-lov bo‘ldi,
Voy alamjon, jon alam.
Gaz kimga siylov bo‘ldi,
Voy alamjon, jon alam.

Shuncha soqqa yetmasmu,
Tiqiltirib ketmasmu?
Nafs degani yov bo‘ldi.
Voy alamjon, jon alam.

Tappi yoqqanlar aytsin,
Sovuqqotganlar aytsin,
Ko‘mirlar tillo bo‘ldi,
Voy alamjon, jon alam.

"Ado buldi o‘tin ham..."
Nido qildi xotin ham.
Uyim sovuq g‘or bo‘ldi,
Voy alamjon, jon alam.

Surgani yurt ko‘p edi,
Turgani qunt yo‘q edi,
Karantin balo bo‘ldi,
Voy alamjon, jon alam.

@habikatura

«Iste'molning keskin oshishi tufayli gaz (elektr toki) tanqisligi yuzaga keldi», deb bayonot berayotgan mutasaddilar!

Sizlarga muhim xabarim bor: har yili noyabr oxiri va mart oyi boshigacha O‘zbekistonda QISh bo‘ladi. O‘tgan yili ham bo‘lgan! Undan millionlab yil avval ham shunday bo‘lavergan. Tasavvur qilyapsizmi?

Balki ishonmassiz, ammo, kelasi yil ham bizda qish bo‘ladi. Undan keyin va undan keyin ham! Nahotki shunga farosat yetmaydi??

Nimaga avvaldan tayyorlanmaysizlar? Nima uchun aholiga svet va gaz yetkazib bera olmayapsizlar?

«Bevosita, bilvosita, yanada oshirish, takomillashtirish, musaffo osmon, muhtaram prezidentimiz tashabbuslari», deb ming‘irlamasdan, aniq, lo‘nda qilib javob beradigan ERKAK rahbarlar bormi orangizda?

Erkaklik ham mayli, ODAMmisizlar o‘zi?

Bu xalq och qolsa qanoat qila oladi. Ammo, bolasini sovuqda muzlab, qaltirab o‘tirishini ko‘tara olmaydi».

Dilshod Odilov

* * *

Narxlar oshsa ko‘z yumdik
To‘g‘on toshsa ko‘z yumdik
Qovun tushsa ko‘z yumdik
Xalqqa svet-gaz bering.

Tappi so‘radik moldan
O‘tin tiladik toldan
Juda toydikku holdan
Xalqqa svet-gaz bering.

Hokim so‘ksa mayliga
Mirshab ursa mayliga
Boylar sursa mayliga
Xalqqa svet-gaz bering.

Avtomotorsdan kechdik
Qumli-sho‘rxok suv ichdik
Ayozga deb to‘n bichdik
Xalqqa svet-gaz bering.

Mayli qisqarsin to‘ylar
Qo‘zilamasin qo‘ylar
Bitmay qolsin zo‘r uylar
Xalqqa svet-gaz bering.

Yetsin axir nolamiz
Sovqotmasin bolamiz
Pulimizga olamiz
Xalqqa svet-gaz bering.

A dan Z gacha

GAZSIZ VA ChIROQSIZ
Ertalab viloyatga – buvimga (onamga)  sim qoqib, hol-ahvollarini so‘rayotgandim, aloqa «piq» etib uzilib qoldi. Qayta qo‘ng‘iroq qildim: operator bog‘lanib bo‘lmasligini ma'lum qildi. Yana qildim – yana o‘sha javob. 

Kechga yaqin buvimning o‘zi telefon qilib qoldi.

«Chiroq o‘chib, mana endi keldi. O‘zing tinchmisan, bolam, sovuqlar qiynamayaptimi?..»

«Biz yaxshimiz buvijon, xavotir olmanglar! Sizlar yaxshimisizlar?! Nima, chiroq yana o‘chyaptimi?»

«Ha, bir necha kundan beri tinmay o‘chadi, o‘chsa, yarim kunlab yonmaydi. Kechalariyam uzoq  vaqt bo‘lmayapti...»

Saksonni qoralab qolgan otam va onam o‘tirgan uylarini goh o‘tin-u ko‘mir, goh elektr bilan isitib o‘tirishadi. Gaz-ku chorak asrdan oshdiyamki, yo‘q. Elektr gazdan ham muhim. Uy telefonlari ham elektrga bog‘langan. Bir umi? Butun boshli hayot elektrga ulangan-ku. Butun boshli hayot!.. 

Buvim bilan xayrlashib bo‘lganimdan keyin ko‘nglim g‘ash tortdi.

Respublikaning deyarli barcha joylarida hol ushmundoq – ko‘rib turibmiz, o‘qib turibmiz!

Meni xayol olib qochdi.

Xayolimda kim bilandir bahslasha ketdim:

«Nima bo‘pti chiroq bo‘lmasa, shunga ham ota go‘ri – qozixonami, ana Amir Temur shamning yorug‘ida yarim dunyoni zabt etgan» deyishingiz mumkin siz. Lekin men aytamanki, endi shamning yorug‘ida dunyoni olish u yoqda tursin, Temur bobodan qolgan bir parcha yerni saqlab qolish ham mushkul bo‘lib qoladi. Qolaversa, dunyoni so‘rab turganlar bugun – boshqalar. Ana o‘shalardan saqlanish uchun ham kerak chiroq, gaz, imkoniyat! (Amir Temurga kelsak, saroyida sham yongani bilan kallasida, miyasining ichida naq quyosh porlagan uning, aql quyoshi, tafakkur quyoshi!..) Aslida, bugun dunyo siyosatdonlari o‘zlariga kelib, o‘zgalarning yerlarini bosib, bo‘lib olishlarga chek qo‘yishlari, bir tutamgina umrlarini ezgulikka, totuvlikka, hamkorlikka bag‘ishlab yashab o‘tishlari – eng maqbul yo‘l ekanini tushunib yetsalardi. Ular tushunib yetsa, qolganlarning ergashishlari birmuncha oson kechardi. Zero, hayot degan ne'mat qarshisida dunyoning boshqa ne'matlari – u tuproq bo‘ladimi, zarmi, zo‘rmi, –  barcha-barchasi keyinda turadi! 

Shunday qilib, XXI asrda millatni gazsiz va chiroqsiz qoldirish – jinoyat, kechirib bo‘lmas jinoyat!

Bunga yengil-yelpi qarab bo‘lmaydi. «Ha endi, qish uch oyda o‘tadi-ketadi, iqtisod qilganimiz qoladi», deb qarayotgan bo‘lsangiz, ana o‘sha jinoyatga qo‘l urgan bo‘lasiz. 

Buning ortida juda ayanchli qismat kutib turibdi. Xalqning qismati, davlatning qismati – siz bilan bizning, barchamizning qismatimiz!

Ochiqlashga harakat qilaman: bugungi globallashuv, har tomonlama integratsiyalashuv davrida xalqning elektr energiyasiz qolishi – dunyodan uzilish, demak! Dunyodan uzilish esa, qashshoqlik va johillik, demak. Qashshoqlik va johillik esa, yana fohishalik, yana mardikorlik, yana yollanma ishchilik, demak! Bu esa, tanazzul, demak! Millat tanazzuli!.. Davlat tanazzuli!..

Ana shunaqa kelajak kutyapti bizni agar chiroqsiz tong ottirib, kun bottirishda davom qilsak!.. 

Shuning uchun ham siz xalqqa gazi va chirog‘ini berib, erkin ishlab ro‘zg‘or tebratishiga qo‘yib bering-a, ko‘rasiz: uning o‘zi besh-o‘n yilda hammasini eplab oladi. Tirikchiligini tiklaydi, tiklangan tirikchiligi ortidan tirikligi esiga tushadi, inson bo‘lib, millat bo‘lib qad rostlaydi. Bema'ni soliqlar bilan, keraksiz taqiqlar-u kurakda turmaydigan jarimalar bilan (to‘siqlar!) uning chopish tezligi (razgoni!)ni hadeb to‘xtatmang! Boshqa hech narsa, hech narsa kerakmas unga! Men shu elning ichida yashayman. U – iste'dodli, mehnatkash el! Uning xalq bo‘lishiga qo‘yib bering! Siz sun'iy to‘siqlar bilan xalq bo‘lib birlashish uchun bog‘lanayotgan iplarni chirt-chirt uzib tashlayapsiz! Iplarning uzilishidan chiqayotgan saslar butun dunyoning qulog‘ini qomatga keltiryaptiyu nahotki siz, ey shu yurtning amaldorlari, eshitmayotgan bo‘lsangiz!?.. 

Nahotki, yurtdoshlar ko‘p narsa so‘rayotgan bo‘lsa!?..

Nahotki, o‘ladigan-ketadigan dunyoda jindekkina odam bo‘lish, jindekkina mard amaldor bo‘lish shunchalar qiyin bo‘lsa? O‘ladigan-ketadigan dunyoda-ya?!..”

Men ba'zida ana shunday sarkash xayollar surib turaman. Xayollarimni yana ba'zida hozirgidek so‘z bilan suraman. So‘z – kema. Hayot – ummonning qishdagi muzdek suvi sizib kirayotgan kema. Bu – cho‘kish xavfi bor, degani.  Ko‘rinadiki, Yaratganning qutqaruv halqasiga ham ehtiyojim mavjud. Bizning hammamiz ana shunday halqaga bo‘lgan ehtiyoj bilan yashayapmiz, aslida...

Ulug‘bek Hamdam, 2020 yil 22 noyabr

 

Mavzuga oid