O‘zbekistonda xalqaro mototur va velotur musobaqalari o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berildi
9 dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar muhokamasi yuzasidan videselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda aholini ommaviy sportga keng jalb qilish masalalari ham muhokama qilindi.
«Bugungi kunda aholimizning bor-yo‘g‘i 19 foizi jismoniy tarbiya va sport bilan qamrab olingan. Aksincha, nosog‘lom turmush tarzi, tarkibida tuz, qand va yog‘ miqdori ko‘p bo‘lgan hamda xamirli taom va nonni me'yoridan ortiq iste'mol qilish holatlari ko‘p uchraydi.
Koronavirus infeksiyasi, avvalo, yurak-qon tomir, nafas yo‘llari kasalligiga chalingan, ortiqcha vaznli fuqarolarda og‘ir kechgani hammaga ma'lum. Bu ham sog‘lom turmush tarzi va sportning ahamiyatini yana bir bor yaqqol ko‘rsatdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 30 oktyabrdagi farmonida sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish bo‘yicha juda muhim chora-tadbirlar belgilangan edi. Jumladan, tuman markazlari va shaharlarda 3-5 kilometrlik «Salomatlik yo‘laklari» barpo etish vazifasi qo‘yilgan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.
Yig‘ilishda shu boradagi manzilli ro‘yxatni shakllantirib, qurilish ishlarini boshlash, piyodalar va velosipedlar uchun barcha qulayliklarni yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Prezident joylarda sport infratuzilmasini rivojlantirish masalasiga alohida e'tibor qaratgan. Xususiy sport inshootlari, «vorkaut», mini-futbol, badminton, stritbol maydonlari va fitnes zallari barpo etishga tadbirkorlarni jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
Mamlakatda xalqaro sport musobaqalarini o‘tkazish orqali sport turizmini rivojlantirish kerakligi ta'kidlangan. Xususan, xalqaro mototur va velotur musobaqalari tashkil etiladi, buning uchun mamlakat hududlaridan Bo‘stonliq tumanigacha marshrut ishlab chiqiladi.
Aholi o‘rtasida jismoniy tayyorgarlik darajasi bo‘yicha sport sinovlarini yo‘lga qo‘yib, uning g‘oliblariga imtiyozlar berilishi belgilangan. Bu birinchiliklarni navbatda maktab o‘quvchilari o‘rtasida, bosqichma-bosqich aholi o‘rtasida tashkil etish kerakligi qayd etilgan.
«Ma'lumki, O‘zbekistondagi har bir tuman va shahar bittadan ustuvor, istiqbolli hamda rivojlanayotgan sport turlariga ixtisoslashtirilgan. Mazkur tizimdan kelib chiqib, hududda yirik musobaqalar o‘tkazib turish va salohiyatli sportchilarni tarbiyalash muhimligi ta'kidlandi. Buning uchun Milliy Olimpiya qo‘mitasi barcha sport federatsiyalari faoliyatini tuman va shaharlarga bog‘lagan holda tashkil etib, joylarda Olimpiya harakatini rivojlantirib boradi», deyilgan xabarda.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.
Mavzuga oid
13:18 / 13.08.2024
Soliq qo‘mitasi yirik korxonalarning mahalliy budjetga to‘lovlarini hisobga olish tartibini joriy qiladi
18:00 / 12.08.2024
Quvvatidan to‘liq foydalanilmayotgan o‘quv binolari yoshlarni o‘qitish sharti bilan tadbirkorlarga ijaraga beriladi
17:13 / 12.08.2024
Muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi
16:34 / 12.08.2024