Jahon | 15:42 / 20.12.2020
17503
6 daqiqa o‘qiladi

Fortune nashri «Yil tadbirkorlari» o‘nligini tanladi

Nufuzli Fortune nashri an'anaviy «Yil tadbirkori» nominatsiyasining 2020 yil bo‘yicha reytingini e'lon qildi.

AQShning eng muvaffaqiyatli ayol tadbirkorlaridan biri Trisia Griffit reytingning 10-o‘rnidan joy olgan.

2018 yilgi reytingga ham kirgan Griffit xonim muvaffaqiyatli faoliyatini inqirozli 2020 yilda ham davom ettirib, Progressive sug‘urta kompaniyasida a'lo natijalarga erishdi. So‘nggi 12 oy mobaynida kompaniyaning foydasi 61 foizga ortgan. U 2016 yili bosh menejyer bo‘lib kelgan kompaniyaning birjadagi qiymati esa qariyb uch barobarga qimmatladi.

9-o‘rindan dunyoning gigant to‘lov tizimlaridan biri MasterCard’ning SeO’si Ajay Banga joy oldi.

Uning boshqaruvi mobaynida kosmik moliyaviy ko‘rsatkichlar qayd etildi. Yillik o‘rtacha o‘sish 19 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, umumiy aylanma kapital 40 foizga oshdi. Aksionerlarga 1600 foizlik dividentlar to‘lab berildi.

Haydarobodlik Shantanu Narayon reytingning 8-o‘rniga joylashdi.

Dizayn va montaj dasturlari ishlab chiqarish yetakchisi Adobe Narayon boshchiligida o‘sishda davom etdi. Kompaniya joriy yilning 3-choragida foyda 14 foizga oshganini ma'lum qildi. Adobe’ning asosiy foydasi PDF shaklidagi hujjatlarga ishlov berish va dizayn qilish dasturlarini yaratadigan raqamli media segmenti orqali ishlab topdi.

7-o‘rin dunyoning eng boy odami Jyeff Bezosga nasib etdi.

Pandemiyada lokdaun tufayli onlayn xaridlarga talab keskin ortib ketgani tufayli Amazon kompaniyasi bu yili 400000 ish o‘rni yaratdi. Kompaniya so‘nggi chorakda 100 milliard dollar daromad qildi. Amazon’ning bozordagi kapitalizatsiyasi esa 1 trillion 600 milliard dollardan ortib ketdi.

Regeneron kompaniyasi bosh menejyeri Leonard Shlifer 6-o‘rin sohibi.

Nyu-Yorkda joylashgan kompaniya bu yil ancha faol bo‘ldi. Xususan, tarkibida antitanachalar bor koronavirusga qarshi kokteyl yaratib og‘izga tushdi. O‘sha kokteyl oktabr oyida Donald Trampni koronavirusdan davolashda qo‘llab ko‘rildi. Shuningdek, kompaniyaning Inmazeb nomli kokteyli Ebola kasalligiga qarshi ilk samarali vosita deb topilib, FDA tasdig‘idan o‘tdi. Innovatsiyalar Regeneron’ga misli ko‘rilmagan natijalarni taqdim etdi. So‘nggi 12 oy davomida kompaniyaning daromadi 40 foizga, sof foydasi esa 47 foizga oshdi.

5-o‘rin. Reytingda AQShdan tashqarida joylashgan kompaniya rahbari Elizabet Geyns.

Geyns xonim global pandemiya va chigallashib borayotgan Avstraliya-Xitoy munosabatlari fonida metall ishlab chiqaruvchi bu kompaniya yaxshi natijalarni qayd etdi. Bundan tashqari, Geynsning sa'y-harakatlari tufayli Fortescue’ning konlarida birorta ham koronavirusga chalinish holati kuzatilmadi.

4-o‘rin. So‘nggi paytlarda og‘izdan tushmay qolgan Netflix rahbari reytingga kirmay qolishi adolatdan bo‘lmasdi.

Rid Hastingz kompaniya siyosati va menejmentini shu darajada burib yubordiki, Netflix o‘zi kabi striming kompaniyalar uyoqda tursin, an'anaviy televizion kanallarga ham jiddiy raqobatchiga aylandi. Netflix 2020 yilning dastlabki 9 oyida 28 million obunachini jalb qila oldi. Shunga mos ravishda, kompaniyaning aksiyalari 60 foizga qimmatladi.

Asli tayvanlik Yyensen Huang reytingda 3-o‘ringa loyiq topildi.

Nvidia asli tezkor videokartalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Lekin 2020 yilda kompaniya texnologiyaning turli sohalarida foydalaniladigan chiplarni sotuvga chiqarib, AQShning eng yirik chip ishlab chiqaruvchisi Intel’ni ham ortda qoldirdi. Bu esa birja savdolarida o‘z aks-sadosini bermay qolmadi – Nvidia aksiyalari 122 foizga qimmatladi.

Tasodifni qarangki, 2-o‘rinda Nvidia’ning azaliy raqibi AMD rahbari Liza Su turibdi.

Su xonimning uzoqni ko‘ra bilish qobiliyati tufayli bankrot bo‘layozgan Advanced Micro Devices yana safga qaytdi. Qaytganda ham jarangdorroq loyihalar bilan – Zen chiplari bozorda qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketdi. Savdolar hajmi so‘nggi 12 oyda 9 milliard dollardan oshdi. Kompaniyaning 1 dona aksiyasi 2016 yilda 2 dollarni tashkil qilgan bo‘lsa, shu kunlarda 85 dollardan oshib ketgan. Kompaniyaning kapitalizatsiyasi esa 100 milliard dollardan ortiqni tashkil etadi.

1-o‘rin esa «kesakdan olov chiqarish»ga bel bog‘lab, ko‘zlaganiga albatta erishishga o‘rgangan va boshqalarni ham shunga ko‘niktirgan Ilon Maskniki.

Mask haqida ko‘p gapirish shart emas. Lekin NASAdek kuchli kadrlarga ega va baquvvat kompaniya 2011 yilda voz kechgan loyihani bu yil karrasiga arzon amalga oshirgani aytib o‘tilmasa bo‘lmas (gap yer orbitasiga kosmik apparatda odam jo‘natish haqida). Mask o‘zini mohir menejyer, g‘aroyib ixtirochi va oddiy inson sifatida namoyon qildi. Uning Jyeff Bezosdan keyin dunyoning eng boy odamiga aylangani esa alohida mavzu. Darvoqe, Mask «Yil tadbirkori» reytingiga ikkinchi bor kirishi. 

Mavzuga oid