Jahon | 10:13 / 11.01.2021
24064
3 daqiqa o‘qiladi

Soliq tekshiruvlarini o‘tkazish tartibi tasdiqlandi

Joriy yilning 7 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasi “Soliq xavfini boshqarish, soliq xavfi mavjud soliq to‘lovchilarni (soliq agentlarini) aniqlash va soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

DSQ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, soliq tekshiruvlariga oid nizomlar tasdiqlandi, O‘zbekiston hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, “Soliq xavfini boshqarish, soliq xavfi mavjud soliq to‘lovchilarni (soliq agentlarini) aniqlash va ularni soliq xavfi darajasi bo‘yicha toifalash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Qaror bilan tasdiqlangan “Soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda soliq tekshiruvlari turlari va ularning xususiyatlari batafsil tushuntirilib, soliq organlarining mansabdor shaxslari, soliq to‘lovchilar va vakillarining huquq va majburiyatlari belgilab qo‘yildi.

Bungacha ushbu tekshiruvlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom Davlat soliq qo‘mitasi buyrug‘i bilan tasdiqlangan edi. Endi tekshiruvlarni o‘tkazish tartibi idoraviy hujjat sifatida emas, balki hukumat qarori sifatida qabul qilindi, ya'ni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi.

Nizomda quyidagi soliq tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish tartiblari aniq belgilab berilgan:

  • kameral soliq tekshiruvi;
  • sayyor soliq tekshiruvi;
  • soliq auditi.

Prezident tashabbusi bilan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati tekshiruvlariga e'lon qilingan moratoriy 2021 yilda ham amal qiladi.

Soliq xizmati organlari jismoniy shaxslardan soliq to‘lovchilar tomonidan nazorat-kassa mashinalari yoki to‘lov terminallaridan foydalanish bilan bog‘liq soliq qonunchiligi buzilishiga oid videoyozuvlarni olganda, mahsulotni nazorat xaridi orqali sotib olish talab etilmaydi.

Qaror bilan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarga muvofiq, chakana savdo bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar o‘zlarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni, shu jumladan soliq to‘lovchining identifikatsiya raqamini xaridorlar tanishishlari uchun qulay joylarda joylashtirishlari shart.

Elektron hisobvaraq-fakturaga 2ta yangi ustun qo‘shildi:

  • tovarlarning (xizmatlarning) Yagona elektron milliy katalogi bo‘yicha identifikatsiya kodi;
  • tovarlar (xizmatlar) shtrix-kodi.

Mavzuga oid