Jamiyat | 14:02 / 21.02.2021
14346
3 daqiqa o‘qiladi

Kuniga milliardlab ishlatilgan niqob – bu chiqindimi yoxud foydali ashyo?

BMT bir martalik niqoblarning ulkan adadini «toksik muammo» deb atadi – ularning 75 foizi chiqindixonalarga tushadi. Biroq olimlar ulardan qayta foydalanish ustida bosh qotirishmoqda.

Apu Gomes/AFP/Getty Images

Keragidan ortiq niqob

Ishonish qiyin, lekin tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, insoniyat bir kunda 6 milliard 800 million dona bir martalik niqob ishlatyapti. Bu raqamlarda noaniqlik bo‘lishi ehtimoli yuqori - ko‘pchilik bir niqobni haftalab, ba'zan oylab ishlatishi ham mumkin. Lekin kuniga 1 milliard dona niqob ishlatilayotgan bo‘lsa ham – bu sayyora uchun halokatli muammo.

BMTning o‘tgan yili iyunidagi hisobotida aytilishicha, «toksik muammo» shakllanmoqda, niqoblar va pandemiya bilan bog‘liq boshqa materiallarning 75 foizi chiqindixonalar va ummonga tashlanmoqda. Bu esa yaqin vaqtlar ichida juda yoqimsiz va keng qamrovli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Jahon miqyosidagi bu muammoning oxiri hozircha ko‘rinayotgani yo‘q. Undan tashqari, ayrim davlatlarda yengil niqoblar o‘rnini ancha zich va og‘irroq shaxsiy himoya vositalari egallamoqda – utilizatsiya qilish muammosi yanada dolzarb ko‘rinish oladi.

Yo‘l quramizmi?

Avstraliyaning Melburn shahridagi RMIT universiteti tadqiqotchilari bir martalik niqoblardan yo‘l qurish uchun foydalansa bo‘ladigan texnologiya yaratishdi. Ular tayyorlagan material Science of the Total Environment jurnalida chop qilindi.

Asosiy natija – bu texnologiya maydalangan niqoblarni binolarni buzishdan qolgan beton chiqindilari bilan aralashtira olish. Yangi materialdan yo‘l qurilishida foydalanish mumkin. Bunda yo‘l hatto mustahkamroq va umri uzoqroq bo‘ladi.

G‘oya biroz g‘alati ko‘rinishi mumkin, lekin olimlarning ta'kidlashicha, to‘rt qatlamda quriladigan yo‘lning kamida ikki qatlami beton chiqindilar va maydalangan niqoblar aralashmasidan qurilishi raso aqlga to‘g‘ri keladigan ish.

Ayni damda RMIT universiteti xodimlari keng qamrovli sinovlar o‘tkazish uchun tijoriy hamkor qidirishmoqda.

Solishtirish uchun: 2018 yilning 11 sentyabrida Niderlandiyada innovatsion ekologik texnologiyalar sohasida dunyodagi ilk plastik yo‘l ochilgandi. 30 metrlik velosiped yo‘li to‘lig‘icha plastik buyum qoldiqlaridan qurilgan – uning qurilishi uchun 500 ming butilka qopqoqlari yoki 218 ming plastik stakan chiqindisiga teng plastik ishlatilgan.

Mavzuga oid