Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shahzoda Filippda infeksiya aniqlandi, u shifoxonada qoldi
Qirolicha Yelizaveta II’ning turmush o‘rtog‘i, Edinburg gersogi Filippda infeksiya aniqlangan va shu sababli u yana bir necha kun mobaynida shifoxonada qoladi. Bu haqda Bukingem saroyi matbuot xizmati ma'lum qilgan. Britaniya qirollik xonadoni shahzoda Filipp aynan qanday infeksiyadan zararlanganiga aniqlik kiritmagan, ammo uning holati yaxshilanib borayotganini qayd etgan.
«Edinburg gersogi qirol Eduard VII nomidagi klinikada qolmoqda, u bu yerda infeksiyadan davolanmoqda. U o‘zini yaxshi his qilmoqda va davolanish jarayoni yaxshi ketmoqda, ammo unga yana bir necha kundan keyingina javob berilishi mumkin», deya xabar bergan saroy matbuot xizmati.
Sky News telekompaniyasi xabariga ko‘ra, Filippning o‘g‘li Edvard jurnalistlarga bergan intervyusida «otasining ahvoli ancha yaxshilangani» haqida aytgan. «U javob berishlarini sabrsizlik bilan kutmoqda, bu juda yaxshi, biz uni kasalxonada tutib turishimiz kerak», degan Edvard.
Avvalroq qirollik xonadonining ishonchli vakili iyun oyida 100 yoshga to‘ladigan shahzoda Filipp Londondagi qirol Eduard VII nomidagi shifoxonaga profilaktik protsedura uchun o‘zi mustaqil harakatlangan holda yurib borganini aytgandi. So‘nggi kunlarda o‘zini yaxshi his qilmagani uchun davolovchi shifokor unga shuni tavsiya qilgandi.
Shanba kuni Filippni ziyorat qilish uchun shifoxonaga britan taxti merosxo‘ri, shahzoda Charlz tashrif buyurdi.
Yanvar oyida shahzoda Filipp va Yelizaveta II yoshi keksaligi tufayli birinchilardan bo‘lib koronavirusga qarshi vaksina qabul qilishgandi.