Yunusobod tumanida aholidan kommunal to‘lovlar uchun undirilgan mablag‘larni o‘zlashtirgan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
![](https://storage.kun.uz/source/7/T0N4w1p-g2KazX7g4peo7JW-SH7RgFLD.jpg)
Qayd etilishicha, departamentning Toshkent shahar Yunusobod tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Tekshiruv davomida “B.Q.” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari va boshqalar oldindan til biriktirib, 2020 yil va joriy yilning fevral oyiga qadar uy-joy mulkdorlaridan badal to‘lovi, issiq suv va issiqlik energiyasi ta'minoti hamda avtoturargoh uchun undirilgan 288,3 mln so‘mni bank muassasasiga topshirmasdan, o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi 2020 yilda uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan 7,4 mlrd so‘m maqsadsiz sarflanganini ma'lum qilgandi.