«Matbuot qonunlar bilangina muvofiqlashtirilishi kerak» - Allamjonov AOKAni isloh qilish haqida
Prezident Shavkat Mirziyoyev dekabr oyida parlamentga qilgan murojaatida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi isloh qilinishi kerakligini aytgandi. Agentlikning sobiq rahbari, ayni paytda Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov Kun.uz'ga bergan intervyusida shu haqda o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Menga AOKA faoliyati haqida gapirish erish tuyuladi. Chunki o‘zim ishlab ketgan joyim. Menda keyin kelgan rahbarga men emas, ko‘proq sizlar [jurnalistlar] baho berishingiz kerak. Chunki hammaning ish uslubi har xil. AOKA faoliyati yaxshi tomonga yoki yomonga o‘zgardimi, men fikr bildirishim noto‘g‘ri.
Prezidentning tanqidlaridan keyin AOKAning holati qanday bo‘lishi kerak deyilsa, aslida matbuot sohasining regulyatori, bu sohani nazorat qiluvchi tashkilot bo‘lishi kerak emas deb hisoblayman. Bu mening shaxsiy fikrim. Chunki demokratik jamiyat qurayotgan ekanmiz, matbuot qonunlar bilangina muvofiqlashtirilishi kerak. Alohida bir tashkilot yoki idoralar bilan emas. Qonunlar ishlashi kerak, matbuot bilan bog‘liq har qanday bahsli masalalar faqatgina sud yordamida hal qilinishi kerak.
Men birinchi u yerga rahbar bo‘lib tayinlaganimda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi edi. Keyin uni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga aylantirdik. Tashkilot statusini baland qilib ko‘tarishdan maqsad – bir tomondan, matbuot kotiblari faoliyatini tashkil etish, isloh qilish va obro‘sini oshirish bo‘lsa, ikkinchi tomondan, matbuotni to‘rtinchi hokimiyat darajasiga olib chiqish, ularning yo‘liga g‘ov bo‘ladigan to‘siqlarning oldini olish edi.
Bugun ochiq yuz bilan ayta olamanki, matbuot haqiqatdan to‘rtinchi hokimiyat darajasiga yetib keldi. To‘rtinchi hokimiyatning retseptini qaraydigan bo‘lsak, hozirgi matbuot qilayotgan hamma ishlari bilan to‘g‘ri keladi.
Albatta, yetuklik va komillikning chegarasi yo‘q, zo‘rdan zo‘r bo‘lish istagi doim bo‘aldi, hamma vaqt bu kamday tuyulaveradi. Hamma narsa solishtirganda bilinadi, matbuotning muammolari ham yetarli va qalashib yotibdi. Lekin, shunday bo‘lishiga qaramasdan, bugun matbuot o‘zi uchun turib bera olyapti. Bugun matbuot juda nozik va jiddiy masalalarni ko‘tara olyapti.
Oldin prezidentga [«Shovvozsoy» haqida] bunaqa savol berish tugul, prezidentning oldida, nafaqat prezident oldida, balki jamiyatda va internetda ham gapirishning imkoni bo‘lmasdi. Endi davr o‘tib, o‘sha vaqtlar tez unutilib ketib, bugungi kunimiz oddiy hayotday tuyulaverarkan. Lekin bu narsalarni tepasida turgan prezidentimiz bosh bizning jamoamiz ham ochiqlik siyosatiga qanchalik mashaqqatli va oson bo‘lmagan yo‘llar bilan erishganimizni bilib turgan odam sifatida, bu narsalar tez unutilib ketmasligini xohlaymiz. Har doim solishtirib, kechagi kunni unutmasligimiz kerak», – dedi Allamjonov.
To‘liq intervyu bilan ushbu havolada tanishish mumkin.
Mavzuga oid
11:41 / 11.11.2024
Ramzan Qodirov Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd yuzasidan munosabat bildirdi
23:45 / 08.11.2024
“Agar jurnalist haq bo‘lsa, biz uni tan olishimiz kerak” – prezident
22:06 / 01.11.2024
Turkiya parlamenti «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqadi
16:18 / 28.10.2024