O‘zbekiston | 08:29 / 12.05.2021
96775
10 daqiqa o‘qiladi

Ikkilamchi bozordagi avtomobilni xaridor nomiga rasmiylashtirish nega buncha qimmat?

O‘zbekistonda avtomobil – shunchaki texnika vositasi emas. Oddiy maishiy matoh salkam muvaffaqiyat belgisiga aylangan. Sababi hammaga ma'lum – monopoliya. Ammo bugun monopoliya haqida emas, ikkilamchi bozordan avtomobil xarid qilgandan keyingi o‘ta qimmat rasmiyatchilik, xususan «gendoverennost» haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Avtomobilga zo‘rg‘a pul yig‘ib, yangi emas, minilgan mashinani bir amallab sotib olgan minglab hamyurtlarimiz o‘z mulkiga o‘zi rasman egalik qilolmay, ulovni avvalgi egasining nomida qoldirib, ishonchnoma orqali haydab yurishni ma'qul ko‘rishmoqda.

Bu – adolatsiz propiska tizimi amal qilgan davrda fuqaro uyini nomiga o‘tkazolmay, o‘z uyida o‘zi ijara shartnomasi asosida yashab yurgan kulgili holga o‘xshaydi.

Ikkilamchi bozordan avtomobil xarid qilganda uni xaridor nomiga rasmiylashtirishdagi bunday qimmat to‘lovlar moddiy tomondan kamtarroq fuqarolarni yuqori tavakkalchilik hisoblangan ishonchnoma tuzish amaliyotiga undamoqda.

Bu ishonchnoma xalq orasida «gendoverennost», rasman esa tasarruf qilish huquqi bilan ishonchnoma deb ataladi.

Keling, tasavvur hosil bo‘lishi uchun aniq misol bilan ko‘rib o‘tsak.

Misol sifatida, salondan xarid qilinganiga 2 yil bo‘lgan Kobalt avtomobilini tanlaymiz.

Agar avtomobil bir jismoniy shaxsdan boshqasining nomiga o‘tkaziladigan bo‘lsa, notarial idorada avtomobil oldi-sotdi shartnomasi tasdiqlangani uchun davlat boji (1 mln 470 ming so‘m), gerb yig‘imi (24,5 ming so‘m), pullik va texnik xizmatlar ko‘rsatilgani uchun to‘lanadigan haq birgalikda kamida 1 mln 629 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Ishonchnoma tuzilgan taqdirda esa – jami xarajatlar kamida 857 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Demak, ushbu ikki xil bitimlarni notarial idorada tasdiqlashning o‘zida 772 ming so‘mlik farq hosil bo‘lyapti.

Afsuski, xarajatlar shu bilan tugamaydi. Endi «GAI»ga borib raqam, texpasport olish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun bundan ham kattaroq xarajat qilishga to‘g‘ri keladi.

Ushbu summalar:

  • oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan avtomobil bo‘yicha – o‘rtacha 3 mln so‘mni;
  • ishonchnoma tuzilsa, 0 so‘mni tashkil etmoqda. Ya'ni, ishonchnoma tuzilgani uchun bu yerda hech qanday xarajat qilinmaydi.

Ko‘rib turibmizki, ishonchnoma ushbu jarayonda nisbatan xarajati kamroq amaliyotga aylanadi va kamchiqim fuqarolarni o‘ziga ohanraboday tortadi.

Natijada, 2 yoshli Kobaltni:

  • o‘z nomiga rasmiylashtirish – jami 4 mln 629 ming so‘mga;
  • ishonchnoma asosida olish – jami 857 ming so‘mga tushmoqda.
  • Jami farq – 3 mln 772 ming so‘m.

3 mln 772 ming so‘mlik farq nafaqat iqtisodiy sharoiti kamtarroq fuqarolarni, balki o‘rtamiyona fuqarolarni ham avtoni o‘z nomiga rasmiylashtirmay, rasman avvalgi egasining nomida qoldirib, keyinchalik imkon topilishi bilan o‘z nomiga o‘tkazib olish maqsadida ishonchnoma tuzishga undamoqda.

Ammo ishonchnoma avtomobilni xaridor nomiga o‘tkazib bermaydi. U rasman avvalgi egasida qolaveradi.

Keling, bu borada notarius Komila Azimovaning fikrlarini tinglaymiz.

Komila Azimova

«Notarial idoramizga mulk egalari va ikkinchi taraf, ya'ni sotib oluvchilar kelib, ko‘p hollarda ikkinchi taraf avtotransport vositasini amalda sotib olayotganiga guvoh bo‘lamiz. Ko‘ramizki, rasmiylashtirish chog‘ida oldi-sotdi shartnomasini tasdiqlash uchun davlat bojini to‘lashga sotib oluvchining imkoniyati bor, lekin «GAI»da to‘lov qimmatligi va shartnoma rasmiylashtirilganidan keyin 10 kun ichida fuqaro o‘zining nomiga yangi «texpasport» olishi kerakligi, yo‘qsa unga ma'muriy javobgarlik qo‘llanishi sababli ushbu holatlarni chetlab o‘tish maqsadida bizdan sotish huquqi bilan ishonchnoma rasmiylashtirib berishni so‘raydi.

Albatta, biz fuqaroga sotish huquqi bilan ishonchnoma rasmiylashtirganda buning salbiy holatlarini tushuntiramiz», – deydi Komila Azimova.

Unga ko‘ra, ishonchnomaning salbiy jihatlaridan birinchisi – agar ishonchnoma beruvchi shaxs vafot etsa, ushbu holatda ishonchnoma bekor bo‘lishi bilan birga, vafot etgan shaxs ishonchnoma olgan shaxsga pulini va mulkini qaytarib bera olmay qoladi.

«Oldi-sotdi shartnomasi tuzilganda fuqaro o‘zining pulini himoya qilib qo‘yadi: mulk haqiqatan sotilgani, sotgan shaxs haqiqatan pulini olgani shartnomada ko‘rsatib o‘tiladi. Ishonchnomada esa bunday shartlari yo‘q», – deydi Komila Azimova.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ikkinchi salbiy holat shundan iboratki, ishonchnoma bergan shaxs qandaydir sabablarga ko‘ra, notarial idoraga kelib, ishonchnomani bekor qiladigan bo‘lsa, ishonchnoma olgan shaxs bu avtomobilni na sota oladi va na boshqara oladi, avtomobil egasi ishonchnoma bergan shaxsga qaytadi.

Avtomobilni oldi-sotdi shartnomasi orqali boshqa shaxsdan o‘z nomiga o‘tkazishda xarajatlar bizga yaqin ayrim davlatlarda qanday ekanini ko‘rib o‘tsak.

Ikkilamchi bozordagi avtomobilni o‘z nomiga o‘tkazish uchun:

  • Rossiyada – avtomobilning avvalgi davlat raqami saqlab qolinadigan bo‘lsa, 850 rubl (119 ming so‘m), yangi davlat raqami olinsa, 2850 rubl (400 ming so‘m);
  • Qozog‘istonda – 12 542 tenge (307 ming so‘m);
  • Qirg‘izistonda – 450 qirg‘iz somi (56 ming so‘m) xarajat qilinadi.

4 mln 629 ming so‘m va yuqoridagi summalarni o‘zingiz solishtirib olavering.

Bundan tashqari, yuqoridagi davlatlarda ikkilamchi bozordan avtomobil xarid qilganda oldi-sotdi shartnomasini notarial tasdiqlash majburiy emas.

Bizda esa majburiy bo‘lishi bilan birga, tushunarsiz ravishda avtomobil «yoshi» va dvigatel quvvatining necha ot kuchiligiga qarab davlat boji va YHXBdagi to‘lovlar oshib boradi.

E'tiboringizni bir statistikaga qaratmoqchimiz.

O‘zbekistonda 2020 yil davomida notariuslar 781 425 ta ishonchnoma rasmiylashtirgan bo‘lib, shulardan 400 677 tasiavtomototransportni tasarruf etish huquqi bilan berilgan ishonchnomalarga to‘g‘ri keladi. 2020 yilda rasmiylashtirilgan avtomobil oldi-sotdi shartnomalari esa 319 565 tani tashkil etmoqda.

Ya'ni bir yilda fuqarolarimiz 319 565 ta avtomobil oldi-sotdi shartnomasi, 400 677 ta ishonchnoma tuzyapti.

O‘zaro nisbatni ko‘ryapsizmi? Dahshat-a?

Aslida yuqoridagi jami 720 242 ta holatda ham bitimlar avtomobilni boshqa shaxsga o‘tkazish maqsadida tuzilyapti. Ammo, insofsiz darajada o‘rnatilgan to‘lovlar avtomobil xaridorlarining yarmidan ko‘pini ishonchnoma tuzishga majburlayapti.

Yuqoridagi holatlar natijasida bir qator savollar tug‘iladi:

  • Nega nisbatan arzonroq avtomobillardan karrasiga qimmat turadigan kvartirani ikkilamchi bozordan oldi-sotdi qilganda o‘z nomiga rasmiylashtirish o‘rtacha 400 ming so‘mga tushadi-yu, ikkilamchi bozordan avtomobil oldi-sotdi qilmoqchi bo‘lganlar «sog‘in sigir» roliga solib qo‘yiladi?
  • Avtomobilga mulk huquqini rasmiylashtirishdagi to‘lovlar nimaga asoslanib bunchalik baland o‘rnatilgan? Bu xizmatlarni bajarish vagondan ko‘mir tushirishday og‘ir mashaqqatli ish emas-ku?
  • Qaysi mantiqqa ko‘ra, avtomobilni rasmiylashtirishda uning yoshi va dvigatel hajmiga qarab xarajatlar keskin oshib boradi?
  • Bunday baland summalarning o‘rnatilgani mulk huquqining sun'iy ravishda cheklanishi emasmi?

Ayrim hayotiy misollarga e'tibor qaratsak.

Bir fuqaro bir necha yil oldin o‘z Moskvichini boshqa bir kishiga 6 mln so‘mga sotgan. Moskvich xaridori uni o‘z nomiga rasmiylashtirish uchun esa 3 mln xarajat qilgan. Ulovidan tushovi qimmat, deb shunga o‘xshash holatlarga aytilsa kerak.

Biz bilan suhbatda bo‘lgan boshqa bir kishi 2 yil avval Lasetti avtomobilini amalda pulini to‘lab sotib olgani, biroq rasmiylashtirish xarajatlaridan qochib ishonchnoma bilan avtomobildan foydalanib kelganini va yaqinda Lasettini unga sotgan kishining kutilmaganda vafot etib qolganini so‘zlab berdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, marhumning ortida rafiqasi va 6 nafar farzandi qolgan va ularning ikkitasi hozirda Turkiyada. Suhbatdoshimiz endilikda marhumning turmush o‘rtog‘idan va 6 nafar farzandlarining barchasidan rozilik olmaguncha avtomobilni o‘z nomiga rasmiylashtirolmaydi. Ikki farzandning Turkiyada ekani ishni yanada qiyinlashtiradi. Ushbu holatda marhumning rafiqasi va farzandlari insofli, diyonatli odamlar bo‘lsa xo‘p, xo‘p, lekin birovning haqidan qo‘rqmaydigan bo‘lsa, suhbatdoshimiz Lasettiga to‘lagan puliga kuyib qolishi hech gap emas.

Yuqoridagi voqealarni eshitib, kulishni ham, yig‘lashni ham bilmaydi kishi.

Ikkilamchi bozordan avtomobil oldi-sotdi qilmoqchi bo‘lganlarga bunday qiyin sharoit yaratilishiga sabablardan biri, balki, aholining ikkilamchi bozorga o‘zini urishidan qaytarib, UzAuto Motors'dan yangi avtomobil xarid qilishlariga «yo‘lak» hosil qilishdir?

Xulosa o‘rnida, fuqarolardan avtomobil sotib olganda ishonchnoma tuzishda ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqchimiz. Zero, avtomobilga pul to‘laganingiz bilan ishonchnoma tuzadigan bo‘lsangiz, avtomobil rasman avvalgi egasida qolaveradi va u istalgan vaqt ishonchnomani bekor qilib, avtomobilni o‘ziga qaytarib olishga haqli.

Va albatta, rasmiylardan avtomobilni xaridor nomiga rasmiylashtirishdagi otning kallasiday xarajatlarni qayta ko‘rib chiqib, insof bilan belgilashlarini so‘rab qolamiz.

Muallif – Abbos Salaydinov
Suxandon – Rahmatillo Isroilov
Tasvirchi va montaj ustasi – Otaxon Yusupov

Mavzuga oid