Jahon | 17:10 / 11.06.2021
6034
2 daqiqa o‘qiladi

20 yil ichida birinchisi. AQShda Alsgeymer kasalligiga qarshi dori tasdiqlandi

AQSh oziq-ovqat va dori vositalari nazorati boshqarmasi (FDA) Alsgeymer kasalligiga qarshi adukanumab preparatini tasdiqladi. Bu so‘nggi 20 yilda ilk bor sodir bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Biogen kompaniyasi ishlab chiqargan preparat Aduhelm tijoriy nomi ostida savdoga chiqariladi.

Preparat eng keng tarqalgan qarilik demensiyasi bo‘lmish Alsgeymer kasalligining simptomlari emas, chuqur ildizlariga ta'sir qiladi.

Adukanumab inson miyasida quyqalar hosil qilib, hujayralarni shikastlovchi hamda xotira, tafakkur va muloqot qilishda muammo tug‘diruvchi amiloid oqsilini yo‘q qiladi.

Dunyoda 30 milliondan ziyod inson Alsgeymer kasalligi bilan og‘riydi va ularning aksari 65 yoshdan kattalar.

Adukanumab 80 yoshga yetmagan va kasallikning boshlang‘ich bosqichidagilar uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, batafsil MRT tekshiruvi yordamida tasdiqlangan aniq tashxis ham kerak bo‘ladi.

So‘nggi 10 yilda Alsgeymer kasalligini davolash uchun yuzdan ortiq davolash vositalari sinab ko‘rildi, biroq ularning birortasi ham o‘zini oqlamadi.

Adukanumab – obihayot emas va ko‘plab shifokorlar uning xususiyatlari borasida shubha bildirishmoqdv. Biroq uning AQShda ro‘yxatdan o‘tkazilishi onkologiya va kardiologiyaga nisbatan yaxshi moliyalashtirilmaydigan demensiya ustida tadqiqotlar o‘tkazishga yaxshigina turtki beradi.

2019 yilning martida adukanumabning uch ming kishi ishtirokidagi sinovlari yakuniy bosqichda to‘xtatilgandi. O‘shanda har oy inʼeksiya ko‘rinishida olinadigan preparat platsebo bilan solishtirilganda musbat natija bermayotgandi

Biroq o‘sha yilning oxirida AQShning Biogen kompaniyasi ma'lumotlarning katta hajmini tahlil qilib, katta dozalarda qabul qilinsa, adukanumab kognitiv qobiliyatlar susayishini sezilarli darajada sekinlashtirishini aytgandi. 

Mavzuga oid