Iqtisodiyot | 17:11 / 09.07.2021
19321
3 daqiqa o‘qiladi

Pensiya va nafaqalar qanday hollarda tekshirilmasligi ma'lum qilindi

Prezident farmoni bilan bir necha hollarda pensiya va nafaqalar miqdori tekshirilmasligi belgilandi.

1 iyundan boshlab uch yil va undan avval tayinlangan, qayta hisoblangan pensiya va nafaqalarni tekshirish hamda ular bo‘yicha aniqlangan ortiqcha to‘lovini undirish bekor qilindi. Bu prezidentning 2021 yilgi davlat dasturi bo‘yicha qabul qilingan farmonida belgilangan.

Pensiya jamg‘armasiga ko‘ra, davlat pensiyalari, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya hamda boshqa to‘lovlarning to‘g‘ri tayinlanishi va to‘lanishini nazorat qilish Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorat departamenti zimmasiga yuklatilgan bo‘lib, pensiya va nafaqalarning to‘g‘ri tayinlanishi va to‘lanishi yuzasidan doimiy ravishda o‘rganish va tekshirish ishlari olib borilgan.

Xususan, Moliya vazirligi va Bosh prokuratura tomonidan 2009–2019 yillar davomida fuqarolarga barcha turdagi pensiyalarning tayinlanishi va to‘lanishi qonuniyligi tekshirib chiqilgan.

Ortiqcha to‘lovlarning aksariyati fuqaroning aybi bo‘lmagan holdagi texnik xato yoki arxiv hujjatlarining to‘liq saqlanmaganligi natijasida yuzaga kelgan. Shuningdek, pensiya ishlarining asosiy qismi bir necha yil avval tayinlanganligi sababli pensionerlardan yirik miqdorda ortiqcha to‘lovlar undirish talab etilmoqda. Bu esa, keksa yoshdagi fuqarolarning haqli e'tirozlariga hamda ularning iqtisodiy holatiga sezilarli darajada ta'sir ko‘rsatayotgan edi.

Tahlillarga qaraganda, tekshirilgan pensiya ishlaridan aniqlangan ortiqcha to‘lovlarning aksariyat qismi 2020 yil 1 yanvar holatiga (qariyb 90 foiz) bir necha yil ilgari (2017 yilgacha) tayinlanganligi sababli pensionerlardan yirik miqdorda ortiqcha to‘lovlar undirishni taqozo etib, keksa yoshdagi fuqarolarning ko‘plab haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, Oliy sud plenumining 2017 yil 29 noyabrdagi qaroriga asosan, ortiqcha to‘langan pensiya miqdorini undirish haqidagi talablarga Fuqarolik kodeksining 150-moddasida ko‘rsatilgan umumiy uch yillik da'vo muddati qo‘llanilishi belgilangan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 28 dekabrdagi farmonida pensioner ortiqcha to‘langan summani ushlab qolish bo‘yicha qarordan norozi bo‘lganda, aniqlangan qarzdorlik, aniqlangan sanadan boshlab ko‘pi bilan uch yil uchun sud orqali undirish tartibi belgilangan. 

Mavzuga oid