Jahon | 16:30 / 11.07.2021
25824
6 daqiqa o‘qiladi

Haiti prezidenti qotilligi: hukumat AQShdan armiya yuborishni so‘ramoqda

Haiti hukumati AQShdan mamlakatdagi muhim infratuzilma obektlari muhofazasi uchun harbiy yordam so‘radi. Bu haqda saylovlar bo‘yicha vazir Matias Per ma'lum qilgan.

Foto: Getty Images

Haiti prezidenti Jovenel Moiz chorshanbaga o‘tar kechasi o‘z qarorgohida o‘ldirib ketilgandi. 53 yoshli Moizning tanasidan 12ta o‘q olingan. Rasmiy bayonotlarda hujum qilganlar qattiq qo‘riqlanuvchi prezident qarorgohiga qanday bostirib kirishgani, ularning motivlari qanday bo‘lgani borasida ma'lumot berilmagan.

Haiti hukumati BMTdan ham mamlakatda xavfsizlikni ta'minlash uchun harbiylar yuborishni so‘ragan.

Avvalroq AQSh hukumati Haitiga qotillikni tekshirishda yordam ko‘rsatishni va'da qilgandi.

Xabar qilinishicha, Haiti hukumati AQShdan infratuzilmalar, portlar, aeroportlar va energetika tizimlarini qo‘riqlash uchun harbiylar yuborishni so‘ragan.

Perning CNN uchun intervyusida aytilishicha, Haitining bunday so‘rovi mamlakatdagi harbiy xizmatchilar soni cheklangani bilan bog‘liq, armiyada 500 nafarga yaqin askar bor. Vazirning hisoblashicha, Haiti uchun «yollanmalar tarafidan tahdid bor».

Juma kuni Oq uydagilar Haitiga tez orada bir necha yuqori martabali federal tergovchilar yo‘l olishini ma'lum qildi. Haiti politsiyasi qotillikda ishtirok etgan yollanmalarning ikki nafari Amerika fuqaroligiga egaligi haqida ma'lum qilgan.

Haitining AQShdagi elchisi prezident qotilligidan keyin uning tashkilotchilariga sanksiya qo‘llashni talab qildi. «Biz Bayden administratsiyasidan Magnit akti doirasida prezident qotilligiga aloqador barchaga sanksiya qo‘llanishini so‘raymiz», deyiladi elchi Edmon Bakshining Davlat departamenti rahbari Entoni Blinkenga yo‘llagan maktubida.

Haiti Senati juma kuni parlament rahbari Jozef Lambertni vaqtincha prezident deb e'lon qildi. Reuters agentligining yozishicha, bu qadam Haitidagi siyosiy inqirozni yanada chuqurlashtirdi, chunki konstitutsiyada bunday holatlarda boshqaruvni kim o‘z qo‘liga olishi ko‘rsatilmagan. Agentlik shu vaqtga qadar prezidentlik vazifasini bosh vazir Klod Jozef bajarib kelganini eslatib o‘tgan.

Yollanmalar haqida nimalar ma'lum?
Prezident qotilligida ishtirok etgani gumon qilinayotgan guruh a'zolari juma kuni mahalliy televideniye orqali namoyish etildi.

Xuddi shu vaqtda Kolumbiya politsiyasi rahbari Xorxe Luis Vargas prezident Moiz qotillari orasida sobiq kolumbiyalik harbiy xizmatchilar borligini tasdiqladi.

Kolumbiya maxsus xizmatlari guruh a'zolarining ikkisining harakat yo‘nalishini kuzatgan, Amerikadagi nashrlar esa qo‘lga olingan AQSh fuqarolari kimligini aniqlashgan.

Kolumbiyalik general hujumda ishtirok etgan olti kishi (ulardan ikki nafari otishma vaqti halok bo‘lgan) o‘tmishda Kolumbiya armiyasida xizmat qilganini tasdiqladi. Vargasning qo‘shimcha qilishicha, ular 2018 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davr oralig‘ida iste'foga chiqqan.

Haiti politsiyasi ma'lumotiga ko‘ra, qarorgohga hujum qilgan 28 kishidan 26 nafari kolumbiyaliklar bo‘lgan. Bu 28 kishidan 17 nafari qo‘lga olingan - olti nafari guruh uchun baza vazifasini o‘tagan uyda, yana 11 nafari - huquq-tartibot organlari xodimlaridan yashirinib, Tayvan elchixonasiga kirib olishganida.

Yana olti gumonlanuvchi qidiruvda. Politsiya qotillik buyurtmachisini ham qidirmoqda, hujum qiluvchi guruhning motivlari haqida aniq gap aytilmayapti.

AQSh Davlat departamenti juma kuni Haitida Amerika fuqarolari qo‘lga olinganini tasdiqladi, ammo tafsilotlar keltirilmadi.

Amerika va Kanada nashrlari esa qo‘lga olinganlardan biri, 35 yoshli Jyeyms Solaj Floridada yashadi va avvalroq Kanadaning Haitidagi elchixonasida qo‘riqchi bo‘lib ishlagani haqida xabar tarqatgan.

Tergov sudyasi Kleman Noelning Le Nouvelliste muxbiriga ma'lum qilishicha, qo‘lga olingan ikkinchi amerikalik ham Floridada yashagan, uning ismi sharifi Jozef Vinsentdir. U bu odam yollanma guruhda tarjimon bo‘lib ishlaganini aytgan, uning so‘zlariga ko‘ra, tarjimonni internet orqali yollashgan.

«Ularning missiyasi qotillik emas, prezident Moizni garovga olish bo‘lgan», degan gazeta manbasi.

Port-o-Prensdagi prokuror Bedford Klod juma kuni tergovchilar qotillik ro‘y bergan tunda prezidentning yonida bo‘lgan barcha xavfsizlik xizmati xodimlari so‘roq qilinayotganini ma'lum qildi.

Pasportlar va qurollar
«Xorijliklar mamlakatimizga prezidentni o‘ldirish uchun kelishgan», dedi juma kuni Haiti politsiyasi shefi Leon Sharl. Uning ortida kishanlangan holda polga o‘tirgizib qo‘yilgan gumonlanuvchilar ko‘rinadi. Matbuot anjumani televideniye orqali translatsiya qilindi.

Niqobdagi politsiyachi guruh a'zolaridan olib qo‘yilgan kolumbiyaliklar pasportlarini namoyish etadi. Shuningdek, musodara qilingan qurollar - miltiqlar, droboviklar, machete va katta bolg‘alar ham ko‘rsatilgan.

Le Nouvelliste nashrining yozishicha, bundan tashqari, gumonlanuvchilardan AQSh dollarlari, prezidentning shaxsiy cheklar kitobchasi hamda uning qarorgohidagi videoyozuvlar serveri musodara qilingan.

Kolumbiyadagi El Tiempo gazetasi ma'lumotiga ko‘ra, tahririyatga gumonlanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlari bo‘yicha hujjatlar kelib tushgan, unga ko‘ra, guruh a'zolaridan to‘rt nafari iyun oyi boshida Kolumbiyadan Haitiga qo‘shni bo‘lgan Dominikan respublikasiga uchishgan. U yerdan chegarani kesib o‘tishgan.

Gazetaning yozishicha, Kolumbiya maxsus xizmatlari ijtimoiy tarmoqlarda gumonlanuvchilar Dominikandagi sayyohlar orasidagi mashhur kurortda tushgan suratlarni aniqlashgan.

Prezidentning o‘ldirilishi G‘arbiy yarimshardagi eng qashshoq mamlakat bo‘lmish Haiti poytaxtida tartibsizliklarga sabab bo‘ldi. Rasmiylar mamlakatda favqulodda holat joriy etishgan, Dominikan respublikasi Haiti bilan chegaralarini yopib qo‘ygan.

Mavzuga oid