Voqea joyidan olingan videoda ko‘rish mumkinki, chorshanbaga o‘tar kechasi u yerda haqiqiy jang kechgan. Uy devorlari o‘qlardan ilma-teshik bo‘lib ketgan. 53 yoshli Moizning tanasidan 12ta o‘q chiqqan.
Haiti hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, hujum yaxshi qurollangan va tashkillashtirilgan guruh tomonidan amalga oshirilgan, guruh kolumbiyalik 26 nafar iste'fodagi harbiylar va kelib chiqishiga ko‘ra Haitiga mansub bo‘lgan ikki amerikalikdan iborat bo‘lgan. Shu vaqtgacha ulardan 17 nafari, jumladan ikki amerikalik qo‘lga olingan, uch kishi xavfsizlik xizmati xodimlari bilan otishmada o‘ldirilgan, yana 8 kishi qidirilmoqda.

Hujum haqidagi xabardan keyin darhol ular bir-biri bilan ingliz va ispan tillarida gaplashishgani xabar qilindi (Haiti - fransuz tilida so‘zlashuvchi mamlakat).
«Xorijliklar prezidentni o‘ldirish uchun mamlakatimizga kelishgan», deya ma'lum qilgan politsiya rahbari Leon Sharl maxsus matbuot anjumanida. U jurnalistlarga qo‘lga olinganlar va ulardan musodara qilingan qurollarni (Kolumbiya pasportlari, ratsiyalar va boshqa turli instrumentlar, jumladan bolg‘alar va armaturani kesish uchun ishlatiladigan qaychilar) namoyish etgan.
Gumondorlarni qo‘lga olish amaliyotini mahalliy aholi vakillari kuzatib borishgan, hibsga olinganlar keltirilgan politsiya mahkamasi yaqinida g‘azablangan olomon bir qancha avtomobillarga o‘t qo‘yib yuborgan.

Kolumbiya mudofaa vaziri Diyego Molano hujumda Kolumbiya armiyasining sobiq harbiy xizmatchilari ishtirok etganini ma'lum qilgan. U rasmiy Bogota qotillikni tergov qilish jarayonida ko‘mak ko‘rsatishini va'da qilgan.
Vashingtondagilar hozircha hujumda AQSh fuqarolari ham ishtirok etgani to‘g‘risidagi ma'lumotni tasdiqlamadi. Haitida esa politsiya qotillik buyurtmachilarini qidirmoqda va Amerika hukumatidan tergov ishlarida yordam so‘ramoqda.
Tap tortmay qilingan hujum
Og‘ir qurollar bilan qurollangan qotillar Moizning Haiti poytaxtidagi qarorgohini payshanbaga o‘tar kechasi qamal qilishgan.

















