Jahon | 22:05 / 29.07.2021
58258
15 daqiqa o‘qiladi

Inglizlar Afg‘onistonni nega zabt eta olmagan?

1838–1842 yillardagi birinchi ingliz-afg‘on urushi, keyingi ikkita urushda bo‘lgani kabi, ingliz qo‘shinlarining mag‘lubiyati bilan tugagan. Amerikalik yozuvchi Robert Grin “Urushning 33 strategiyasi” kitobida birinchi ingliz-afg‘on urushida britaniyaliklar mag‘lubiyatining sabablarini o‘z talqinida bayon etgan.

1839 yil 23 iyul, ingliz qo‘shinlari G‘azna shahriga kirib bormoqda.
Foto: Wikipedia

1838 yilning iyun oyida Hindistonning britaniyalik gubernatori lord Oklend Afg‘onistonga bostirib kirish masalasini hal qilish uchun oliymaqom amaldorlarni yig‘ilishga to‘playdi.

Oklend va boshqa amaldorlar-u diplomatlarni bu mintaqada Rossiyaning kuchayib borayotgan ta’siri xavotirga solardi. Ruslar Eron bilan do‘stona ittifoq tuzib, endi Afg‘oniston bilan ham shunday munosabat o‘rnatishga urinayotgan edilar. Ruslar bu borada muvaffaqiyat qozongudek bo‘lsalar Hindistonga tajovuz qilishlari uchun yo‘l ochiladi.

Ruslardan oldin otni qamchilab, Afg‘oniston amiri Do‘st Muhammad bilan shartnoma tuzish o‘rniga, Oklend bu mamlakatni bosib olib, amirni taxtdan ag‘darishni taklif qiladi.

Bundan tashqari, shu voqealardan 25 yil burun taxtdan chetlatilgan shoh Shuja ul-Malikni Afg‘oniston hukmdori sifatida qayta tiklashni ilgari suradi. Bu variant amalga oshsa, shoh o‘zini inglizlar oldida qarzdor hisoblab, ular chizgan chiziqdan chiqmaydi.

O‘sha kuni Oklend ma’ruzasini tinglagan amaldorlar ichida Kalkutta hukumatining 45 yoshli kotibi Uilyam Hey Maknakten ham bor edi. Bostirib kirish rejasi unga juda ma’qul tushadi: shoh boshchiligidagi do‘stona yangi hukumat Afg‘onistonda Britaniya manfaatlarini himoya qiladi va ta’sirini kengaytiradi, bunga nima yetsin. Bundan tashqari, reja juda ishonarli chiqqandi. Ibtidoiy urug‘-jamoa darajasida turgan afg‘onlarni mag‘lubiyatga uchratish Britaniya armiyasi uchun hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi. Bu operatsiya shunday tashkil qilinadiki, go‘yo Britaniya rus mustabid tuzumining istibdodiga tushib qolmasligi uchun xaloskor sifatida Afg‘onistonga beg‘araz yordam qo‘lini cho‘zgan bo‘ladi. Shoh Shuja ul-Malik taxtga chiqishi bilanoq ingliz armiyasi mamlakatni tark etadi. Chunki shoh Britaniya ta’siri ostiga tushib, ularning qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib qolganligini afg‘onlar sezmasligi kerak.

I ingliz-afg‘on urushida voqealar markazida turgan Uilyam Hey Maknakten

Ushbu loyiha yuzasidan muhokamalar chog‘ida Maknakten uni qizg‘in qo‘llab-quvvatlaydi. Uning entuziazmi shu qadar kuchli ediki, Oklend buni ko‘rib to‘g‘ri qarorga kelganiga to‘la ishonch hosil qiladi va Maknaktenni Afg‘onistonga elchi qilib tayinlaydi.

Britaniya qo‘shinlari 1839 yilning avgust oyida, o‘z yo‘lida qariyb qarshilikka uchramay, Kobul shahriga kirib kelishadi. Amir Do‘st Muhammad tog‘lar tomon qochadi va shoh Shuja ul-Malik shaharga kirib kelib taxtni egallaydi.

Mahalliy aholi nazdida bularning barchasi juda g‘ayritabiiy ko‘rinish va holat kasb etgandi: qarib-qartayib qolgan, barchaning xotirasidan o‘chgan, boz ustiga straus patlari bilan bezatilgan shlyapa va ohanjama mundir kiyib shaharga kirib kelgan Maknaktenga mutelarcha bosh egib turgan Shuja ul-Malik odamning rahmi keladigan darajada aftodahol edi.

Shoh hokimiyatga qaytgach, yuzaga kelgan vaziyat tufayli Maknakten o‘z qarashlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘la boshlaydi. Mamlakat shimolidagi tog‘larda Do‘st Muhammad qo‘shin to‘playotgani haqida xabar keladi. Afg‘oniston janubida esa ingliz askarlari talonchilik bilan shug‘ullanib, mahalliy qabilalar va ularning yo‘lboshchilarini o‘zlariga qarshi qo‘yadilar. Qabilalar yetakchilari g‘alayon ko‘tara boshlashadi. Bundan tashqari, taxtni egallagan sobiq shoh fuqarolari o‘rtasida hech qanday obro‘ga ega emasligi ma’lum bo‘ladi.

Bulardan tashvishga tushgan Maknakten shoh xavfsizligini ta’minlashni inglizlar zimmasiga yuklaydi. Maknakten tishini tishiga qo‘yib, o‘zi xohlamagan tarzda vaziyat to‘la izga tushgunga qadar Britaniya armiyasini Afg‘onistonda qoldirishga qaror qiladi.

Shoh Shuja ul-Malik Kobuldagi saroyda / Surat – Britaniya kutubxonasidan

Vaqt o‘tib borar, armiyaning Afg‘onistonda bo‘lish muddati cho‘zilib ketgandi. Harbiylarning mashaqqatli hayotini biroz bo‘lsa-da yengillashtirish uchun ularning oila a’zolarini olib kelishga ruxsat beriladi. Tez orada inglizlarning xotin va bola-chaqalari hind xizmatkorlari hamrohligida Afg‘onistonga kelishadi. Maknaktenning askar va zobitlar oilalari kelishi afg‘onlar bilan do‘stona munosabatlarga ko‘prik bo‘ladi, degan umidi ham puchga chiqadi. Aksincha, bu narsa afg‘onlarni yanada hushyor torttirib, ularni tashvishga solib qo‘yadi.

Mahalliy aholi har qadamda britaniyaliklarning nafasini seza boshlaydilar: inglizlar ko‘chalarda baland ovozda gapirib, to‘p-to‘p bo‘lib yurishar, vino ichishar, teatr va otlar musobaqasiga borishardi. Bularning barchasi afg‘onlar tabiatiga begona edi. Boz ustiga, ularning xotinlari-yu bolalari ham o‘zlarini xuddi o‘z uylarida yurgandek tuta boshlashadi. Afg‘onlar qalbida g‘arb va Yevropa odatlari-yu odamlariga nisbatan cho‘ng bir nafrat uyg‘onadi.

Maknaktenni voqealarning aynan ana shunday rivoj topishidan bir necha marta ogohlantirishgandi. Lekin u har safar: “Armiyamizni olib chiqib ketishimiz bilanoq hamma narsa unutiladi va kechiriladi, afg‘onlar – qoni qaynoq bo‘lsa-da, lekin bolalarcha sodda va go‘l hamda tezda xafagarchilikni unutadigan odamlar”, deb, xavotirga tushganlarni tinchlantiradi. “G‘arb sivilizatsiyasi mevalaridan bahramand bo‘lishgach, albatta bizdan minnatdor bo‘lishadi”, deb hisoblaydi.

Lekin elchining o‘zini ham tashvishga solayotgan yana bir holat yuzaga keladi: Britaniya hukumati Afg‘oniston istilosi yangidan yangi xarajatlar talab qilayotganidan norozi edi. Boshida bu mamlakat yashin tezligida zabt etilib, taxtga Britaniya manfaatlariga xizmat qiluvchi hukmdorni olib kelib, armiya tezda olib chiqib ketilishi rejalashtirilgandi. Hech qanday sarf-xarajatsiz inglizparast shoh qo‘li bilan mintaqada Britaniya manfaatlarini ta’minlash ko‘zlangandi. Maknakten sarf-xarajatlarni kamaytirish uchun nimadir qilishi lozim edi. Va u ishni nimadan boshlashni belgilaydi.

Afg‘onistonning tog‘lar orqali o‘tadigan asosiy savdo yo‘llarini g‘ilzaiylar qabilasi nazorat qilardi. Uzoq yillardan buyon, mamlakatni kim boshqarishidan qat’i nazar, g‘ilzaiylar bu yo‘llardan foydalanuvchilardan soliq olishardi. Maknakten to‘lov miqdorini ikki barobar qisqartirishga qaror qiladi. Bunga javoban g‘ilzaiylar dovon yo‘llarini yopib qo‘yishadi. Butun mamlakat aholisi bo‘ysunmas g‘ilzaiylarga xayrixohlik bilan qaraydi. Maknakten g‘alayonlarni bostirishga harakat qilgan bo‘lsa-da, lekin uni jiddiy qabul qilmaydi. Dadil va qat’iy choralar ko‘rish to‘g‘risida taklif kiritgan zobitlarni vazifasidan bo‘shatadi.

Voqealarning bunday yo‘sini Britaniya armiyasi hali uzoq muddat Afg‘onistonda qolishiga to‘g‘ri kelishidan darak berayotgandi.

Orada vaziyat shitob bilan yomonlashib borardi. 1841 yilning oktabr oyida g‘azabi qaynagan olomon britaniyalik amaldorning uyiga bostirib kirib, uni o‘ldirishadi. Kobulda mahalliy qabilalar yetakchilari Britaniya hukumatini ag‘darib tashlash uchun o‘zaro til biriktirishadi. Shoh Shuja ul-Malik sarosimaga tushib qoladi. U Maknaktendan dushmanlarini ushlab qatl qilishga ruxsat berishini o‘tinib so‘raydi. Shoh shu yo‘l bilangina o‘z mavqeyini mustahkamlamoqchi bo‘ladi. Maknakten sivilizatsiyalashgan davlatda siyosiy muammolarni hal qilishda raqiblarni o‘ldirish yaramasligini shohga takror-takror uqtiradi. Shoh afg‘onlar “sivilizatsiya qadriyatlari”ni emas, faqat kuch va hokimiyatni tan olishlarini yaxshi bilardi. Dushmanlarini yakson qilmaslik afg‘onlar ko‘zi oldida zaiflik va hukmdorlikka arzimaslikni ko‘rsatardi. Natijada dushmanlar va badxohlar soni ko‘payib boradi. Maknakten esa shohning o‘tinishlarini eshitgisi ham kelmasdi.

Butun mamlakat bo‘ylab g‘alayonlar kuchayib boradi. Oqibatda g‘alayon o‘choqlarini bostirishga kuch yetmayotganini Maknakten tan olishga majbur bo‘ladi. Lekin hali-hamon xavotirga tushishiga asos yo‘q, deb hisoblardi: “afg‘onlar sardorlari go‘l – ayyorlik, fitna va qutqular bilan ularning qo‘lidan hokimiyatni tortib olish mumkin”. Shu maqsadda Afg‘onistonda Britaniya qo‘shinlari va fuqarolarini olib chiqib ketish to‘g‘risidagi shartnomani oshkora muhokama qila boshlaydi. Buning evaziga afg‘onlar chekinayotgan ingliz qo‘shinlarini oziq-ovqat bilan ta’minlashlari zarurligi uqtiriladi. Ikkinchi tomondan esa bir qancha eng kuchli qabila sardorlari bilan yashirin muzokara o‘tkazib, agar ular Britaniya qo‘shinlarining Afg‘onistonda qolishiga va g‘alayonlarni bostirishga yordam bersalar, ulardan birini bosh vazir etib tayinlash va boylikka ko‘mib tashlashga va’da beradi.

Sharqiy g‘ilzaiylar sardori Akbarxon bu taklifni o‘ylab ko‘rishga va’da beradi. 1841 yilning 23 dekabr kuni shartnoma imzolash uchun Maknakten Akbarxon huzuriga yashirin ravishda yo‘l oladi. Salom-alik marosimidan so‘ng, Akbarxon yana bir bor reja shartlari albatta bajariladimi, deb so‘raydi. G‘alaba yaqinligidan va shartnoma imzolanishidan quvonib ketgan Maknakten ilgari surilgan reja so‘zsiz bajarilishiga va’da beradi. Bu gapni eshitishi bilanoq, Akbarxon odamlariga ishora qiladi va ular Maknaktenni qo‘lga olishadi.

Akbarxon boshqa sardorlarga xiyonat qilmoqchi emasdi. Asir olingan Maknaktenni ko‘chaga olib chiqishganda, afg‘onlarni laqillatishga qaratilgan yashirin muzokaralardan allaqachon xabari bor va istilo tufayli yuraklari qonga to‘lgan, o‘zlarini xo‘rlangan deb hisoblovchi hamda g‘azabdan junbishga kelgan olomon ularni kutib turardi. Olomon Maknaktenni tilka-pora qilib tashlaydi. Tanasidan judo qilingan boshi va qo‘llarini Kobul ko‘chalari bo‘ylab sazoyi qilib olib o‘tishadi. Tanasini esa bozorda qassobning changagiga ilib qo‘yishadi.

Bir necha kun ichida vaziyat butunlay o‘zgarib ketadi. Britaniya qo‘shinlari (4,5 ming harbiy, 12 ming hind xizmatchisi va fuqarolar) noqulay ob-havoga qaramasdan darhol chekinishni boshlashadi. Avval kelishilganidek (garchand bu afg‘onlar orasiga nifoq solishga qaratilgan shartnoma bo‘lsa-da) chekinayotgan ingliz qo‘shinlarini mahalliy xalq oziq-ovqat bilan ta’minlashi lozim edi. Lekin bu talabni afg‘onlar bajarmaydi. Britaniyaliklar yaxshi munosabat va ko‘ngilli kuzatuvga arzimaydi deb, chekinayotgan qo‘shinlarga har qadamda hujumlar uyushtiriladi. Qor bosgan yo‘llar bo‘ylab tumtaraqay va tartibsiz qochib borayotgan minglab inglizlar sovuqdan, ochlikdan va afg‘on qasoskorlari o‘qidan halok bo‘lishadi.

1842 yilning 13 yanvar kuni Jalolobod forti qal’asini qo‘riqlab turgan ingliz askarlari darvoza ostonasida chalajon bir otliqqa ko‘zlari tushadi. Bu suvori Afg‘onistonga bostirib kirgan Britaniya armiyasi safida tirik qolish baxtiga muyassar bo‘lgan yagona odam – Uilyam Braydon edi.

Uilyam Braydon portreti / Muallif: Elizabet Batler

Voqeaga sharh

Maknaktenda halokatning oldini olish imkoniyati bor edi. Afg‘on ekspeditsiyasini boshlashidan avval uning qo‘lida bu ishga kerak bo‘ladigan barcha ma’lumotlar va bilimlar mavjud edi. Afg‘onistonda bo‘lgan va bu mamlakat urf-odatlari bilan tanish ingliz va hindlar Maknaktenga afg‘onlar dunyodagi eng g‘ururli va mustaqil xalqlardan biri ekanini aytishgandi. Ingliz qo‘shinlari Kobul ko‘chalari bo‘ylab tantanavor qadam tashlar ekan – bu afg‘onlar g‘ururini kamsitgandi. Va albatta ularni tinchliksevar, gapga ko‘nadigan yoki murosasoz xalq ham deb bo‘lmasdi. Doimiy o‘zaro to‘qnashuvlar odatiy holga aylangandi.

Maknakten bularning barisini bilar va o‘jarlik bilan yaqqol ko‘rinib turgan faktlardan ko‘z yumardi. U Yevropa qadriyatlari universal xarakterga ega deb, afg‘onlarga ingliz mezonlari bilan yondashgandi. O‘z-o‘ziga mahliyo bo‘lib qolgan Maknakten sodir bo‘layotgan voqealarni tamoman teskari baholardi. Britaniya qo‘shinlarini Kobulda saqlab qolish, g‘ilzaiylarga to‘lanayotgan soliq miqdorini ikki hissa kamaytirish, tartibsizliklar va g‘alayonlarga judayam katta e’tibor berib yubormaslik singari ayyorona strategik yurishlar natijasi xato bo‘lib chiqadi. Aslida ana shu ishlarning teskarisini qilishi lozim edi. Boshini qilich kesgan mudhish kunda esa eng oxirgi xatosiga yo‘l qo‘ydi: kuni kecha o‘zi mensimay va kamsitib kelgan odamlarni pul va mansab bilan sotib olmoqchi bo‘ldi.

Bunday nodonlik va do‘st bilan dushmanni ajrata olmaslik bizning kunlarimizda ham tez-tez uchrab turadi; umuman olganda bu bilan biz har qadamda to‘qnash kelib turamiz. Hamma odamlar ham xuddi o‘zimizga o‘xshaydi va ularni ko‘zgudagi aksimizdek qabul qilishimiz, o‘zimizning istak va qarashlarimiz boshqalarga ham taalluqli, deb o‘ylash – odam bolasiga tabiatan xos xususiyat. Atrofimizdagilar bizdan farq qilishini anglab yetmaymiz. Shu bois ular biror narsaga xuddi biz kutgandek emas boshqacha munosabat bildirsalar yoki o‘zlarini o‘zgacha tutsalar, hayron qolamiz. O‘zimiz sezmagan holda ulardan xafa bo‘lib, o‘zimizdan ularning ko‘nglini sovitamiz. O‘zimiz boshqalarni tushunishga qurbimiz yetmay, yana bunga boshqalarni aybdor sanaymiz.

Atrofdagi odamlarni vazmin va xolis qabul qilishga harakat qilish kerak. Har bir inson va shaxs – bu boshqa sivilizatsiya va madaniyatga mansubligini unutmaslik lozim. O‘z o‘lchovlaringiz bilan emas, odamlar qanday bo‘lsa shu holicha qabul qilishni o‘rganing .

Rus tilidan Jaloliddin Safoyev tarjimasi

Mavzuga oid