O‘zbekiston | 12:52 / 22.08.2021
34266
2 daqiqa o‘qiladi

Senator Topiboldi Xoldorov vafot etdi

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati

Oliy Majlis Senati a'zosi, Farg‘ona viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining Keksalar va faxriylarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha o‘rinbosari Topiboldi Xoldorov 22 avgust kuni 79 yoshida vafot etdi.

Viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, u surunkali yurak va buyrak yetishmovchiligidan vafot etgan. Topiboldi Xoldorov Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tez tibbiy ilmiy yordam markazida davolanayotgan bo‘lgan.

Topiboldi Xoldorov 1942 yil 1 fevralda Farg‘ona tumanida tug‘ilgan, viloyatda matlubot va savdo sohalarida turli vazifalarda mehnat qilgan. 2000 yildan 2009 yilga qadar «Nuroniy» jamg‘armasi Farg‘ona tumani bo‘linmasi, 2009-2020 yillarda «Nuroniy» jamg‘armasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi bo‘lgan, 2020 yil fevralidan buyon Farg‘ona viloyati mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari etib tayinlangandi.

U 60 yillik mehnat faoliyati davrida jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirishda faol ishtirok etib kelgan. 2016 yilda «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan. 

Topiboldi Xoldorov 2020 yil yanvarida Oliy Majlis Senati a'zoligiga saylangandi.

Viloyat hokimligi xabariga ko‘ra, marhumning janozasi kechki soatlarda uning xonadoni - Farg‘ona tumanidagi Yoshlarobod qishlog‘i «Tinchlik» MFYda o‘tkaziladi.