O‘zbekiston | 10:36 / 23.08.2021
20915
3 daqiqa o‘qiladi

Uylari “mozaikali” hudud – G‘ozg‘onning san'at asariga aylangan ko‘chalari

Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahriga boshqa hududdan kelgan odam qiziq holatni ko‘rishi mumkin. Shahardagi aksariyat uylar, ularning qo‘rg‘on devorlari toshdan qurilgan. Ushbu manzara kuzatuvchida go‘yoki tarixiy davrga qaytib qolgandek tasavvur uyg‘otadi.

Ammo shahar ahli uchun bu hayratlanarli holat emas. Chunki hududda yashovchi aholining aksariyat qismi uy qurishda toshdan foydalanadi. Negaki, o‘z marmarlari bilan mashhur bo‘lgan G‘ozg‘onda toshdan uy qurish ancha qulay va arzonga tushadi.

“Oldingi davrlarda ota-bobolarimiz uyni paxsa va g‘ishtdan qurishgan. Keyinchalik hududda marmar konlari topilgan. Uylarni toshdan qurishning asosiy sabablari arzon, mustahkam va chiroyli bo‘lishida. Shuning uchun aksariyat uylar toshdan qurilgan. Hududimizda tosh ko‘p, dehqonchilikday gap. Aslida, bu ham san'at asariga o‘xshaydi. Ustalar sement bilan qorib, erinmasdan terib chiqishadi”, — deydi shaharda yashovchi Haqnazar Rahimov.

Toshlar shu ish bilan mashg‘ul bo‘lgan maxsus ustalar tomonidan teriladi. Ammo mahalliy aholining aytishicha, toshdan qurilgan uylar qishda sovuq, yozda issiq bo‘ladi.

G‘ozg‘on shahar hokimligi axborot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, bugungi kunda hududda 2 ta marmar koni hamda “Pashot I” va “Galeryan” kabi granit konlari mavjud. Ushbu konlarning umumiy hajmi marmar bo‘yicha 36 million m3ni, granit bo‘yicha 108,3 million m3ni tashkil etadi. Bundan tashqari, hududda hali o‘rganilmagan va geologiya qidiruv ishlari o‘tkazilmagan konlar ham bor. Demak, bu yerda uy qurish istagida bo‘lganlar uchun toshdan arzon qurilish materiali topilmasa kerak. Qolaversa, tashib kelish xarajati ham qimmatga tushmaydi.

Haqiqatan, shahardagi uylarning devorlari san'at asariga o‘xshaydi. Har bir tosh e'tibor va o‘lcham bilan mozaika singari terib chiqilgan, birining o‘rniga boshqasi tushmaydi.

Ruslan Saburov,

Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi va montaj ustasi — Jahongir Aliboyev. 

Mavzuga oid