Jahon | 22:07 / 24.08.2021
67452
10 daqiqa o‘qiladi

Toliblar Kobul aeroportiga olib boruvchi yo‘lni to‘sishdi. Afg‘onistondan so‘nggi xabarlar

Kobul aeroportida G‘arb davlatlari fuqarolari va ular bilan hamkorlik qilgan afg‘onlarni shoshilinch ravishda evakuatsiya qilish jarayoni davom etmoqda. Toliblar esa afg‘onistonliklar mamlakatdan olib ketilishini to‘xtatmoqchi va buning uchun aeroportga olib boruvchi yo‘l to‘sildi.

Marcus Yam / Los Angeles Times / Getty Images

«Tolibon» harakati vakili Kobul aeroportiga olib boruvchi yo‘l to‘silgani va bundan buyon aeroportga faqat xorij mamlakatlari fuqarolari o‘tkazilishini bildirdi.

«Biz aeroportga olib boruvchi yo‘lni to‘sdik va endi xorijliklardan boshqalarni o‘tkazmaymiz», dedi toliblar vakili Zabihullo Mujohid Kobulda bo‘lib o‘tayotgan so‘nggi ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumanida.

U yuzaga kelgan murakkab vaziyat tufayli barcha afg‘onlar Kobul aeroportini tark etishi darkorligini ta'kidlagan.

«Aeroport devorlari ostida to‘plangan kishilar uylariga tarqalishi kerak, ularning xavfsizligi kafolatlanadi», degan u.

U AQSh odamlarni Afg‘onistonni tark etishga chaqirishda davom etayotganini qo‘shimcha qilgan.

«Biz amerikaliklardan odamlarni ketishga undamaslikni so‘raymiz. Bizga ularning iste'dodi kerak», degan Mujohid va ayni vaqtda Afg‘onistonda OAV, shifoxonalar, maktablar, oliy o‘quv yurtlari hamda tumanlar ma'muriyatlari ishlashda davom etayotganini qo‘shimcha qilgan.

Bungacha «Tolibon» mamlakatni tark etishni istagan afg‘onistonliklar, kerakli hujjatlarga ega bo‘lsa, 31 avgustga qadar ularning yo‘li to‘silmasligini va'da qilgandi.

Evakuatsiya muddati uzaytirilmaydi
Mujohid «Tolibon» avvaldan belgilangan evakuatsiya muddatini uzaytirishga ko‘nmasligini bildirgan.

Toliblar NATO davlatlarida xorijiy fuqarolarni olib ketish uchun yetarlicha vaqt borligini, afg‘onlarning mamlakatdan ketishi esa ular tomonidan ma'qullanmasligini aytib o‘tgan.

Bu masala yaqin vaqtlar ichida hal bo‘lishi kutilmoqda: «Katta yettilik»ning virtual sammitida Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson AQSh prezidenti Jo Baydenni amerikalik harbiylarni Kobul aeroportida 31 avgustdan keyin ham qoldirishga ko‘ndirish uchun urinib ko‘radi.

Shu bilan birgalikda, BBC’ning Britaniya parlamentidagi muxbiri Ion Uells Bayden muddatni uzaytirish bo‘yicha qaror chiqarish ehtimoli juda pastligini aytib o‘tgan.

«Prezidentning Boris Jonson bilan kechagi telefon muloqotidan keyin Britaniya hukumati «evakuatsiyaning birinchi bosqichi»dan keyin ham afg‘onlarga yordam ko‘rsatish rejasi zarurligini e'lon qildi», degan u.

Britaniya mudofaa vaziri Ben Uolles amerikalik harbiylar 31 avgustdan keyin ketmasa, toliblar Kobul aeroportini o‘qqa tutishi mumkinligidan ogohlantirgan.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Pentagondagilar ham evakuatsiya 31 avgustga qadar yakunlanishi mumkin deb hisoblamoqda.

«Biz har kuni AQSh fuqarolari, SIV uchun da'vogarlar (afg‘onlar uchun maxsus immigratsiya vizasi) hamda xavf ostida qolgan afg‘onlarni olib chiqish bo‘yicha ulkan qadamlar tashlamoqdamiz. Biz hozirda ham evakuatsiyani oy oxiriga qadar yakunlashga ulguramiz deb hisoblaymiz», degan AQSh Mudofaa vazirligi rasmiysi Jon Kirbi Vashingtondagi har kungi brifingda.

Reuters agentligi manbasi ham Jo Bayden evakuatsiya jarayonini 31 avgustga qadar yakunlashga ulgurish kerakligi bo‘yicha tavsiyaga ko‘ngan. Pentagon rahbariyati, muddatni uzaytirish Kobul aeroportida bo‘lib turgan amerikalik harbiylar hayotiga jiddiy xavf tug‘dirishidan xavotirlanmoqda.

Amerika bosh shtabining hududiy operatsiyalar bo‘yicha bo‘limi direktori o‘rinbosari, general Henk Teylorning ma'lumotiga ko‘ra, so‘nggi 24 soatda Afg‘onistondan 21 mingdan ortiq kishi olib chiqilgan. O‘tgan kun davomida o‘rtacha har 45 daqiqada Kobul aeroportidan bitta Amerika samolyoti uchgan.

BMT: Afg‘onistondagi viloyatlardan birida qiynoqlar va qatllar haqida xabar berilgan
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bachelet unda toliblar afg‘on hududlaridan birida odamlarni qiynoqqa solayotgani va o‘ldirayotgani to‘g‘risida ishonchli ma'lumotlar mavjudligini aytdi.

Bundan tashqari, Bacheletning so‘zlariga ko‘ra, guvohlar toliblar voyaga yetmagan bolalarni askarlikka jalb etayotgani va ayollar huquqlarini buzayotgani haqida xabar qilishgan.

«Tolibon» vakillari ayollarning ishlash va qizlarning maktabda o‘qish huquqlarini shariat qonunlari asosida hurmat qilish majburiyatini olgandi. Ular shuningdek, etnik va diniy ozchilikning huquqlarini hurmat qilish va hukumat yoki xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilganlarni qatag‘on qilmasliklarini bildirgandi», deya ta'kidladi BMT oliy komissari.

Toliblar siyosiy va mafkuraviy raqiblarni qatl etish niyatida emasliklari haqida bot-bot takrorlab, 90-yillardan buyon butkul o‘zgarishgani haqida aytib kelayotgandi. «Biz o‘tmishda bo‘lgan ishlarni unutganmiz», degandi Mujohid.

«Tolibon» o‘tgan safar Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelganida mamlakatni shariat qonunlari bilan boshqargandi. O‘tgan haftada mamlakatni yana egallagan toliblar ayollar huquqlari va OAV erkinligi ta'minlanishi - bu faqat shariat doirasida bo‘lishini aytishgandi.

Lekin xabarlarga ko‘ra, ayrim hududlarda erga tegmagan yosh qizlar ko‘chaga chiqishdan qo‘rqishmoqda - ularni majburan jangarilarga erga berib yuborishlari mumkin.

O‘tgan haftada Amnesty International iyul oyi boshida G‘azni hududida mamlakatdagi diniy ozchilik bo‘lmish hazoriylar ommaviy qatl qilingani haqida xabar qilgandi.

Toliblar o‘z hukumatlarida ilk tayinlovlarni amalga oshirishdi

Pajwook agentligi «Tolibon» o‘z hukumatida qator rahbarlik lavozimlari uchun tayinlovlar amalga oshirgani haqida xabar berdi. Ma'lum qilinishicha, Gul Og‘a moliya vaziri, Sadr Ibrohi ichki ishlar vaziri v.b, Najibullo razvedka xizmati boshlig‘i bo‘lgan.

Bundan tashqari, harakat ta'lim vaziri, oliy ta'lim vaziri va Kobul gubernatori lavozimlariga ham tayinlovlarni amalga oshirgan.

Mulla Shirin Kobul viloyati gubernatori, Hamidulla Numoniy Kobul shahri meri etib tayinlangan. Xost viloyati gubernatorligida Muhammad Nabi Umari ish boshlagan. 

Foreign Policy «Tolibon» rahbarlari Afg‘onistonni boshqarish uchun 12 kishidan iborat kengash tuzmoqchiligi haqida xabar bergan.

Kengash tarkibida Mulla Abdug‘ani Birodar («Tolibon»ning Dohadagi siyosiy idorasi rahbari), harakat asoschisi mulla Umarning o‘g‘li Muhammad Yoqub («Tolibon» rahbari o‘rinbosari, harbiy komissiya rahbari) va Xalil al-Rahmon Haqqoniy («Haqqoniy tarmog‘i» guruhining yuqori martabali a'zosi) bo‘ladi. Shuningdek, sobiq prezident Hamid Karzay hamda Ashraf G‘ani hukumatida tashqi ishlar vaziri bo‘lgan Muhammad Hanif Atmar ham toliblar hukumatidan o‘rin olishi ma'lum bo‘lgan.

«Tolibon» Ahmad Mas'udni ham hukmron kengashda ko‘rishni istagan, ammo «Tolibon» nazoratiga o‘tmagan so‘nggi viloyat Panjsherda qarshilik harakatini boshqarayotgani tufayli kengashga kirishi dargumon.

Panjsherdagi vaziyat

Ayni vaqtda Panjsherda bo‘lib turgan vitse-prezident Amrulla Solih India Today uchun bergan intervyusida Panjsherning bir qismi toliblar qo‘liga o‘tgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

«Bu haqdagi xabarlar butkul yolg‘on, biz vaziyatni nazorat qilib turibmiz, odamlarning ruhi juda baland. Odamlarimiz borlig‘ini toliblarga qarshi turish uchun bag‘ishlagan. Biz konstruktiv muzokaralarga tayyormiz, muzokaralar barbod bo‘lsa, qurol ko‘tarib jang qilishga ham», degan u.

U afg‘onlar mamlakat Tolibonistonga aylanishiga yo‘l qo‘ymasligini ta'kidlagan.

Sputnik Afganistan manbasi ham toliblar seshanbaga o‘tar kechasi Panjsherga kirgani to‘g‘risida tarqalgan xabarlarni rad etdi.

«Toliblar avval ham, hozir ham Panjsherga kira olmadi. Ular viloyat chegarasini kesib o‘tgani haqidagi xabarlar yolg‘on. Viloyatdagi vaziyat osoyishta», degan agentlik manbasi.

Hozirda ayrim hududlarda kichik otishmalar bo‘lib turgani aytilmoqda. Toliblar o‘z nazoratidagi hududlardan turib artilleriyadan o‘q uzmoqda.

Ahmad Mas'ud Panjsherni topshirishni rejalashtirayotgani haqidagi xabarlarni rad etib chiqdi, toliblar harbiy qo‘mondoni mulla Muhammad Yoqub esa Panjsher bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, harbiy harakatlar boshlanishidan ogohlantirdi.

Qarshilik harakati vakili Fahim Dashti rus nashrlariga bergan intervyusida panjsherliklar toliblar bilan muzokaralarda hukumatdan lavozim olish haqida gaplashmasligini ma'lum qildi.

«Biz toliblar bilan aloqa o‘rnatganmiz. Biz tinchlik tarafdorimiz, ammo agar toliblar urushni afzal ko‘rishsa, biz 1990-yillardagi tajribamizni qo‘llashga tayyormiz.

Biz toliblar bilan hukumatda alohida lavozimlar olish bo‘yicha muzokara qilmayapmiz.

Biz inklyuziv hukumatga aloqador muhim jihatlarni muhokama qilyapmiz. Gap shunchaki etnik guruhlarning ramziy vakillari bo‘lishi haqida emas. Biz istagan hukumat unga ishonch bildirgan barcha afg‘onlarning manfaatlarini ifoda etadi», degan u.

Mavzuga oid