Fan-texnika | 16:52 / 17.09.2021
50972
3 daqiqa o‘qiladi
Reklama

O‘zbekistonda ilk bor koinotga nano SPUTNIK uchirilmoqda

O‘zbekistonda ilk bor Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti talabalari tomonidan ishlab chiqarilgan CubeSat (nano sun'iy yo‘ldosh) stratosferaga uchirildi. Vazni 2.5-3.0 kg bo‘lgan, U-klassdagi ushbu apparat, kosmik tadqiqotlar olib borish uchun bir nechta modullardan tashkil topgan 10 sm kub hajmdagi sun'iy yo‘ldosh hisoblanadi.

CubeSat bir qator sensor qurilmalardan tashkil topgan bo‘lib, yerdan uzoqlashish balandligi, stratosferadagi havo namligi, shamol tezligi, havoning ifloslanish darajasi to‘g‘risidagi va boshqa turdagi fizikaviy ma'lumotlarni onlayn tarzda universitetda joylashtirilgan ma'lumotlarni qabul qiluvchi stansiyaga uzatdi, qabul qilingan ma'lumotlar kelgusida geodeziya sohasida ilmiy tadqiqot olib borish uchun tahlil qilinadi. Shuningdek, CubeSat uchishi davomida video tasvirlarni onlayn tarzda uzatdi, ushbu ma'lumotlar yordamida kelgusida geoaxborot tizimlari yo‘nalishidagi tadqiqotlarda foydalaniladi. Ushbu yo‘ldoshni tong saharlab uchirishdan maqsad, geliy gazi bilan to‘ldirilgan shar, havo harorati ko‘tarilishidan oldin stratosfera qatlamiga, ya'ni 20 km balandlikka ko‘tarilib olishi kerak. Geliy gazi issiq haroratlarda o‘zining uchuvchanlik xususiyatlarini yo‘qotadi. Bizning yo‘ldoshimiz troposfera qatlamini bosib o‘tgandan so‘ng, stratosfera qatlamini zabt etdi va balandlikka ko‘tarildi.

“Yurtimizda kosmik faoliyatni rivojlantirishga davlat rahbari tomonidan alohida e'tibor berilmoqda. Xususan, 2019 yil 30 avgustdagi PF-5806-sonli “O‘zbekiston Respublikasida kosmik faoliyatni rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmoni asosida yurtimizda «O‘zbekkosmos» agentligining tashkil etilishi ushbu sohaga yoshlarimizni yanada qiziqishini uyg‘otdi. Bugungi tadbir doirasida kosmik tadqiqotlarga bag‘ishlangan loyihani amalga oshirishdan maqsad, universitetimiz talaba-yoshlarini kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar, ilmiy-izlanish, tajriba-konstruktorlik va innovatsion ishlarni rivojlantirishga qiziqishini uyg‘otish va ushbu sohada nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash”, - deb ta'kidladi Jamshid Shuhratullayevich Inoyatxodjayev, Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti rektori.

Loyiha muallifi Toshkent shahridagi Turin Politexnika universiteti talabasi Ziyodulla Butaxonov boshchiligidagi bir guruh talabalar NASA rekordini yangilashga urindi.

Kosmik faoliyatni rivojlanishi kelgusida yer resurslaridan samarali foydalanish, geoaxborot tizimlaridan foydalangan holda geodeziya, kartografiya va kadastrni shakllantirishda yordam beradi. Shuningdek, geoaxborot tizimlarini rivojlantirish orqali shahar markazlarida paydo bo‘layotgan avtotransport vositalarining tirbandligini, avtoyo‘llardan foydalanishni optimallashtirish orqali kamaytirishga erishiladi.

Turin Politexnika universiteti
matbuot xizmati