O‘zbekiston erkin internetga ega bo‘lmagan davlatlar qatorida qoldirildi – Freedom House
Freedom House’ning global internet erkinligi bo‘yicha e'lon qilgan hisobotida O‘zbekiston 100 ballik baholash ko‘rsatkichlaridan 28 ball to‘plab, erkin internetga ega bo‘lmagan davlat sifatida qayd qilingan.
Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro tashkilot Freedom House 2020 yil 1 iyundan 2021 yilning 31 mayigacha davlatlardagi internet erkinligi darajasini aks ettiruvchi hisobotini e'lon qildi.
Ma'lum qilinishicha, global internet erkinligi bo‘yicha natijalar ketma-ket 11-marta pasaymoqda. Inson huquqlari bo‘yicha vaziyat 30 ta mamlakatda yomonlashgan. Eng katta pasayish Myanmada yuz berdi. Undan keyingi o‘rinlarda Belarus va Uganda. Shuningdek, bu boradagi eng katta yaxshilanish Ekvador va Gambiyada kuzatilgan.
Hisobotda O‘zbekiston erkin internetga ega bo‘lmagan davlatlar qatoridan joy olgan va 100 ballik baholash ko‘rsatkichlaridan 28 ball to‘plagan.
Ushbu reyting ko‘rsatkichlari 9 xil toifa insidentlari bo‘yicha shakllantirilgan:
- ijtimoiy tarmoqlar yoki kommunikatsiya platformalari bloklangan;
- siyosiy, ijtimoiy yoki diniy kontentga to‘siq qo‘yilgan;
- AKT tarmoqlari qasddan buzilgan;
- hukumatparast izohchilar onlayn muhokamalarni manipulyatsiya qilgan;
- senzurani kuchaytiruvchi yangi qonun yoxud normativ huquqiy hujjat qabul qilingan;
- kuzatuvlarni kuchaytiruvchi yoki anonimlikni cheklovchi yangi qonun yoxud normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan;
- internetda siyosiy yoki ijtimoiy kontent yaratgan bloger yoki tarmoq foydalanuvchisi hibsga olingan;
- bloger yoki tarmoq foydalanuvchisi jismoniy hujumga uchragan;
- hukumat tanqidchilari yoki inson huquqlari tashkilotlariga texnik hujumlar bo‘lgan.
Faqatgina 2 ta (O‘zbekiston va Xitoy) davlatda hisobot davri davomida yuqoridagilarning barchasi kuzatilgan.
Qolgan Possovet mamlakatlari esa mos ravishda Gruziya(77), Armaniston (71), Ukraina (62), Qirg‘iziston (63), Ozarboyjon (35), Qozog‘iston (33) va Rossiya (30) ball bilan baholangan.
Reytingni 100 balldan 96 ball to‘plagan Islandiya boshqarib turibdi. Yuqori beshlikda Estoniya, Kanada, Kosta-Rika, Tayvan ham bor.
Ma'lumot uchun, Freedom House 2020 yil yakunlari bo‘yicha e'lon qilingan hisobotida O‘zbekistondagi erkinlik darajasi 100 balldan 11 ballga baholangan va O‘zbekiston «erkin bo‘lmagan» mamlakatlar qatorida qolgandi. Shuningdek, internet erkinligi bo‘yicha ham O‘zbekiston 100 balldan 27 ball to‘plab interneti erkin bo‘lmagan mamlakatlar qatoridan joy olgan.
Mavzuga oid
22:06 / 01.11.2024
Turkiya parlamenti «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunni ko‘rib chiqadi
19:55 / 06.08.2024
Yosh jurnalistlar jamiyat uchun nega muhim? Amerikalik maktab o‘quvchisining mulohazalari
20:01 / 26.06.2024
Shavkat Mirziyoyev: “Tanqidiy materiallar mudrab o‘tirgan mutasaddilarni uyqudan uyg‘otmoqda”
14:38 / 31.05.2024