O‘zbekiston | 21:36 / 09.10.2021
14641
2 daqiqa o‘qiladi

“Oliy ta'limdagi kvotalarni butunlay yo‘q qilamiz” - Bahrom Abduhalimov

O‘zbekiston prezidentligiga nomzod Bahrom Abduhalimov o‘zining saylovoldi dasturida oliy ta'lim muassasalaridagi kvotalarni butunlay yo‘q qilish va har kimga oliy ta'lim olish huquqi erkinligini berishni taklif qildi.

Foto: KUN.UZ

“Adolat” partiyasining nomzodi, shuningdek, maktabgacha ta'limning sifat va samaradorligini yuqori darajaga ko‘tarish uchun bog‘chaga bolalarning uch yoshdan emas, ikki yoshdan boshlab, hech qanday navbatlarsiz, yuz foiz qamrab olinishiga erishishini bildirdi.

“Sotsial-demokratiya g‘oyalariga mos ravishda davlat maktabgacha ta'lim tizimini to‘liq bepul qilamiz. O‘qituvchilar obro‘-e'tibori va huquqiy maqomini yanada ko‘tarish, ularning ish haqi va ijtimoiy mavqeini oshirishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshiramiz va bu maqsadda “O‘qituvchining maqomi to‘g‘risida” qonun qabul qilinishi tashabbuskori bo‘lamiz”, – deyiladi nomzod dasturida.

Bundan tashqari, dasturda, uzoq qishloqlarda yashab, a'lo baholarga o‘qigan, kam ta'minlangan iqtidorli yoshlarning davlat hisobidan oliy ta'lim olishi kafolatlanishi ta'kidlangan.

“Biz oliy ta'lim kvotalarini butunlay yo‘q qilamiz va har kimga oliy ta'lim olish huquqi erkinligini hamda reytingi yuqori bo‘lgan talabalarning bepul oliy ta'lim olishini kafolatlaymiz. Oliy ma'lumotlilar soni bo‘yicha mamlakat darajasini ko‘tarish maqsadida oliy o‘quv yurtlariga kirish kvotalarini bosqichma-bosqich oshirib borish, sirtqi, kechki va masofaviy ta'lim shaklini yanada keng joriy etish choralarini amalga oshiramiz.

Oliy ta'lim tizimiga reyting amaliyotini kiritamiz va yil yakunlari bo‘yicha eng yuqori reytingga ega talabalarni grant asosida, reytingi past bo‘la turib grantda o‘qiydigan talabalarni kontrakt asosida o‘qish uchun ro‘yxatlarni qayta ko‘rib chiqish tartibini o‘rnatamiz”, – deyiladi Bahrom Abduhalimovning saylovoldi dasturida.

O‘zbekiston prezidentligiga saylov 24 oktabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid