O‘zbekiston | 11:00 / 26.10.2021
4773
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ilk bor xalqaro Nobel festivalida ishtirok etadi

Nobel festivalida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarboyjon talabalari bilim va salohiyatlarini sinovdan o‘tkazishadi. 26-29 oktyabr kunlari uch davlatda to‘rtta asosiy yo‘nalish: “Innovatsiya asri”, “Yashillik reallik”, “Odamlar uchun iqtisodiyot” va “Yangi davr ko‘nikmalari” bo‘yicha onlayn tarzda Ⅲ Nobel Fest o‘tkaziladi.

Foto: Ziyo Forum

4 kun davom etadigan onlayn festivalda Nobel mukofoti laureatlarining “Kelajak bugun” mavzusidagi muhokamalari va ma'ruzalari ham o‘tkazilishi belgilangan.

Ⅲ Nobel festivalida 50 mingdan ortiq ishtirokchi, 4 nafar Nobel mukofoti sovrindori va qator jahonga mashhur ekspertlar ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Dunyoga mashhur olimlar va ekspertlarning fikricha, Nobel festivali mintaqaviy ilm-fan rivojlanishiga katta ta'sir ko‘rsatadi hamda Markaziy Osiyo va Kavkaz yosh olimlarini yangi kashfiyotlar va ixtirolarga ilhomlantiradi.

Ta'kidlanishicha, festival O‘zbekiston, Ozarboyjon va Qozog‘iston studiyalarida, shuningdek, mintaqaviy hamkor universitetlar saytlarida namoyish etiladi.

Unda jahon tarixchisi va "Sapiyens: insoniyatning qisqacha tarixi"nomli besseller muallifi Yuval Nuh Harari, BMT tinchlik elchisi va tabiat himoyachisi Jyeyn Gudall, Isroil startaplarining “otasi” Jonatan Bier hamda kriptovalutalar bo‘yicha jahon miqyosidagi mutaxassis Harrik Hillemanlar asosiy spikerlardir.  

Foto: Ziyo Forum

Bundan tashqari, Ⅲ Nobel Fest platformasida Google kompaniyasi bosh tijorat direktori Mo Gavdat, Apple Siri muallifi va Renault Group bosh muhandisi Lyuk Yuliya, Nobel tinchlik mukofoti laureati, Global energiya mukofoti xalqaro qo‘mitasi a'zosi Raye Kvon Chung, Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti laureati (2020), Stenford universiteti professori Pol Robert Milgrom kabi taniqli mutaxassislar qatnashadi.

Ular bilan birgalikda Ⅲ Nobel festivalida dunyoning eng nufuzli universitetlari London iqtisodiyot maktabi, Massachusets texnologiya instituti, Stenford universiteti, Nyu-York universiteti, Kaliforniya universiteti, London Imperial kolleji, Vashington universiteti, shuningdek, Microsoft, Google, CAP, Coca-Cola singari yirik xalqaro korporatsiyalar rahbarlari va yetakchi mutaxassislari ham qatnashadi.

“Ziyo forum” fan va ta'limni rivojlantirish jamg‘armasi esa, ushbu tadbirning O‘zbekistonda hamkor tashkilotchisi bo‘ldi. 

Ⅲ Nobel festivaliga ro‘yxatdan o‘tish https://www.nobel-fest.inpolicy.net/ sayti orqali amalga oshiriladi. 2021 yil 26 oktyabrdan 29 oktyabrgacha ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati mavjud. Barcha sessiyalarning jonli translatsiyasini tashkilotchilarning Youtube-sahifasida tomosha qilish mumkin.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish