18:25 / 02.11.2021
3809

«Jurnalistlar o‘limiga doir har o‘n holatdan to‘qqiztasida qotillar jazosiz qolgan» - BMT

2006 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda 1200 dan ortiq jurnalist turli sabablarga ko‘ra o‘ldirilgan.

Foto: Getty Images

Jurnalistika – dunyodagi eng xavfli kasblardan. Bu kasb egalari tahdidlar, senzura, jismoniy hujum va ruhiy bosimlarga doimiy uchrab kelishadi.

Ularga qarshi uyushtirilgan jinoyatlarning jazosiz qolishi esa so‘z erkinligi va fuqarolarning axborotdan foydalanishini kafolatlashdagi eng dolzarb masalalaridan biridir.

2006 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda 1200 dan ortiq jurnalist yangiliklar tarqatgani va jamoatchilikka ma'lumot yetkazgani uchun o‘ldirilgan.

UNESKO’ning o‘ldirilgan jurnalistlar bo‘yicha kuzatuv ma'lumotlariga ko‘ra, har o‘n holatdan to‘qqiztasida qotillar jazosiz qolmoqda. Bu esa yanada ko‘proq qotilliklarga olib keladi hamda ko‘pincha ziddiyatning kuchayishi, qonun va sud tizimlarining buzilish alomati hisoblanadi.

Suiqasdlar ommaviy axborot vositalari senzurasining eng ekstremal shakli bo‘lsa-da, jurnalistlar boshqa son-sanoqsiz tahdidlarga duchor bo‘lishadi: o‘g‘irlash, qiynoqlar va, ayniqsa, raqamli sohadagi ta'qiblar.

Bu omillar esa ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun qo‘rquv muhitini yaratib, barcha fuqarolar uchun axborot, fikr va g‘oyalarning erkin aylanishiga to‘sqinlik qilmoqda.

So‘rovnomada qatnashgan jurnalist ayollarning 73 foizi o‘z faoliyati bilan bog‘liq ravishda internet orqali tahdid, qo‘rqitish va haqoratga uchraganini ma'lum qilishgan.

Ko‘p hollarda jurnalistlarga nisbatan zo‘ravonlik va tahdidlar yetarlicha tekshirilmaydi. Bunday holat jinoyat sodir etgan shaxslarga ruh bag‘ishlasa, jamiyatga, xususan, jurnalistlarning o‘ziga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Aybdorlarning jazosiz qolishi esa inson huquqlarining jiddiy ravishda buzilishi, korrupsiya va jinoyatchilikning yashirilishi hisobiga butun jamiyatga katta zarar yetkazadi.

«Men BMTga a'zo davlatlar va xalqaro hamjamiyatni bugun va har kuni butun dunyo bo‘ylab jurnalistlar bilan birdam bo‘lishga, ularga qarshi jinoyatlarni qonunning to‘liq kuchi bilan tekshirish va zarur bo‘lgan siyosiy irodani namoyish etishga chaqiraman», deya ta'kidladi BMT bosh kotibi Antonio Guterrish.

Statistik ma'lumotlar:

  • Jurnalistlarning o‘ldirilishi 2016-2020 yillarda avvalgi 5 yillik davrga (2011-2015) nisbatan 20 foizga kamaygan;
  • 2021 yilda to‘plangan ma'lumotlarga ko‘ra, 87 foiz holatda jurnalistlarga nisbatan ishlatilgan qonunbuzarliklar jazosiz qolgan. Bu avvalgi yillarga nisbatan yuqori ko‘rsatkichdir;
  • «Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi tadqiqotga ko‘ra, 2011-2020 yillarda Lotin Amerikasi va Karib havzasining to‘rtta davlatida o‘ldirilgan 139 jurnalistning 41 foizi o‘limidan avval ham turli tahdidlarga duchor bo‘lgan.
  • Halok bo‘lgan jurnalistlarning aksariyati o‘z mamlakatida o‘ldirilgan. 2016 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda halok bo‘lgan 400 nafar jurnalistning 22 nafari (6 foiz) xorijda o‘ldirilgan.
Top