O‘zbekiston | 18:12 / 22.12.2021
41170
5 daqiqa o‘qiladi

Monitoring: Toshkentda havo sifati borgan sari yomonlashmoqda

AQShning Toshkentdagi elchixonasida o‘rnatilgan moslama qaydlariga ko‘ra, shahar havosi tobora ifloslanib boryapti. 2021 yil davomida sanoqli kunlargina “havo sifati yaxshi” deb topilgan.

Foto: Kun.uz

So‘nggi yillarda iqlim o‘zgarishi, global isish, ozon qatlamining yemirilishi, Orol dengizining qurishi kabi jumlalar kundalik hayotimizning bir qismiga aylanib qoldi va bu turdagi xavflar tobora ortib bormoqda.

Iqlim o‘zgarishining asosiy ko‘rsatkichlaridan biri Air Quality Index (AQI) – Havo sifati indeksi (HSI) bo‘lib, havodagi chang va boshqa mikro-elementlarning miqdorini hisoblash yordamida o‘lchanadi. HSI AQShda ishlab chiqilgan indeks bo‘lib, havo sifatini besh toifaga ajratadi:

  • “yaxshi” (yashil – 0-50);
  • “o‘rtacha” (sariq – 50-100);
  • “zaif guruhlar uchun nosog‘lom” (olovrang – 100-150);
  • “nosog‘lom” (qizil – 150-200);
  • “xavfli” (binafsha – 200-400)

Bu indeks kunning qaysi vaqtida ochiq havoda faol bo‘lish yaxshiroqligini yoki kunning qaysi paytida ochiq havoda harakat qilishni kamaytirish yoki tashqariga chiqishdan saqlanish kerakligini tushunishga yordam beradi.

Hozirgacha AQSh Davlat departamenti havo sifatini o‘lchash va uni monitoring qilish bo‘yicha ko‘rsatma va tavsiyalar ishlab chiqish doirasida dunyo bo‘ylab 50 dan ziyod AQSh elchixonalari va konsulliklarida havo sifati monitorlarini o‘rnatgan. Jumladan, 2018 yil may oyida Toshkentda ham havo sifati monitori o‘rnatilgan bo‘lib, har soat havo sifatini tekshiradi va ma’lumotlarni www.aqicn.org sayti orqali onlayn kuzatib borish imkoni bor. Quyidagi rasmda Toshkent shahridagi HSIni 2018 yil 26 noyabrdan boshlab kunlik, oylik va yillik hisoboti ko‘rsatilgan.

Ko‘rinib turibdiki, 2021 yilga kelib shahar havosining sifati oldingi yillarga nisbatan pasaygan.

Xususan, HSI klassifikatsiyasiga asoslangan “yashil” kunlar soni keskin kamayib, 2021 yil 22 noyabr holatiga ko‘ra 2021 yilda atigi 23 kunni tashkil qilganini ta’kidlash mumkin.

Bu ko‘rsatkich qo‘shni mamlakat poytaxt shaharlariga taqqoslaganda Toshkent shahrida juda pastligini quyidagi infografikada ko‘rish mumkin.

Yuqoridagi rasmda Markaziy Osiyo mamlakatlari poytaxt shaharlaridagi havo sifati indeksi ko‘rsatilgan bo‘lib, O‘zbekistonga janubi-sharqiy tomondan chegaradosh bo‘lgan Tojikiston poytaxti Dushanbe va Afg‘oniston poytaxti Kobulda mazkur ko‘rsatkich Toshkentdagi bilan deyarli bir xilligi tasvirlangan. Ammo Toshkentning shimol va shimoli-g‘arbida joylashgan Turkmaniston poytaxti Ashxobod, Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton va Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shaharlari deyarli bir xil mintaqaviy iqlimga mansub bo‘lishiga qaramay, havoning sifati poytaxtimizdagiga nisbatan bir necha barobar yuqoriroq ekanligini ko‘rishimiz mumkin.

Qizig‘i, 1-rasmda keltirilgan HSIning oylik hisobotiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2020 yil aprel-iyul oylarida yashil kunlarning soni yilning boshqa oylariga nisbatan sezilarli ravishda ko‘proqligini ko‘ramiz. Bu koronavirus pandemiyasi oqibatida joriy qilingan karantin va qator cheklovlar samarasi bo‘lib, avtotransport vositalari harakatining cheklanishi va bir qator zavod va fabrikalar ish faoliyatining vaqtincha taqiqlanishi havo sifatining oshishiga yordam berdi.

Toshkent shahrida havo sifati yilning taxminan 6 oyi, ayniqsa bahor va yoz oylarida “yaxshi”dan “o‘rtacha”gacha bo‘ladi, bu esa odamlar uchun xavfning kam yoki umuman yo‘qligini bildiradi. Biroq qish oylarida, ayniqsa noyabr va dekabr oylarida havo sifati “zaif guruhlar uchun nosog‘lom” va “nosog‘lom” bo‘lishi mumkin. Havo sifati kunning vaqtiga qarab farq qiladi va eng yomon ko‘rsatkich asosan barchamiz ishga va o‘qishga otlanadigan ertalab kuzatiladi.

Toshkent shahridagi havo sifati bir qancha omillarga bog‘liq, biroq biz har kuni ko‘rib turgan havoning ifloslanish darajasida transport, sanoat, energetika, ishlab chiqarish va isitish tizimlari muhim rol o‘ynaydi.

Ma’lumot o‘rnida, havoni ifloslantiruvchi moddalarning yuqori darajasiga duchor bo‘lgan odamlarda yurak yoki qon tomir kasalliklari kabi sog‘liqqa jiddiy ta’sir qilish xavfi, shuningdek, ularning immun, nevrologik, reproduktiv va nafas olish tizimlariga zarar yetkazish xavfi ortadi. 2016 yilgi Global kasalliklar yukini o‘rganish ma’lumotlariga ko‘ra, havoning ifloslanishi har yili 6,9 mln kishining o‘limiga sabab bo‘ladi, ya’ni dunyodagi jami o‘lim holatlarining taxminan 10 foizini tashkil qiladi.

Ravshan Amonov,
Otajon Otabekov.

Mavzuga oid